Abulhasan Rustufag'niy
Abulhasan Rustufagʻniy (arabcha: أبو الحسن رستفاغني — Abulhasan Ali ibn Saʼid Rustufagʻniy) — muhaddis, mutakallim, faqih.
Allomaning bolaligi tugʻilib oʻsgan qishlogʻi Rustufagʻnda oʻtgan. Keyinchalik Samarqand shahriga borib, Abu Ahmad Iyodiy, Abu Mansur Moturidiy va Abul Qosim Hakim Samarqandiylardan taʼlim olgan. Bundan tashqari, Abulhasan Rustufagʻniy Balx shahriga borib, Abu Jaʼfar Hinduvoniyning suhbatida boʻlgani ham naql qilinadi. Tabaqot kitoblarida u alloma muhaddis, mutakallim, faqih va Imom Moturidiyning yaqin doʻsti, Samarqand shayxi sifatida tilga olingan.
Ustozlari
tahrirAbdulkarim Samʼoniyning „Ansob“ asarida: „Solih bir kishi bir kuni tushida Abu Nasr Iyoziyni koʻrgan. Uning bir qoʻlida bir dasta atirgul, ikkinchi qoʻlida esa bir tovoq xurmo bor boʻlgan. Bir dasta atirgulni Abul Qosim Hakimga bergan. Bir kosa xurmoni esa Abu Mansur Moturidiyga bergan. Ikkovlari ham Abu Nasr Iyoziyning shogirdi boʻlgan. Abu Mansur Moturidiy haqiqat ilmidan bahramand boʻlgan. Abul Qosim Hakim esa hikmat ilmiga erishdi“[1] deb, hikoya qilgan. Abulhasan Rustufagʻniyni muhaddis, mutakallim va hanafiy mazhabining yirik faqihi boʻlib etishishida, uning ustozlari kalom, haqiqat va hikmat ilmining buyuk imomlari boʻlgani oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Abul Muʼiyn Nasafiy „Tabsiratul adilla fi ilmil kalom“ („Kalom ilmidagi dalillar koʻzgusi“) kitobida Abulhasan Rustufagʻniyni Moturidiyning doʻstlaridan biri, goh shogirdi sifatida tilga olgan[2]. Abulhasan Rustufagʻniy fiqhiy (islom qonunshunosligi) masalalarida mustaqil fikr yuritadigan mujtahid — ijtihod qiladigan olim boʻlib etishgan. Manbalarda Abulhasan Rustufagʻniy bilan ustozi Abu Mansur Moturidiy oʻrtasida fiqhiy masalalarda qizgʻin bahsu munozaralar boʻlib oʻtgani qayd etilgan. Jumladan, arab tarixchisi Muhiddin Qurashiy „Al-javohirul muziyya fi tabaqotil hanafiyya“ nomli asarida ijtihod masalasida ular oʻrtasida turli qarashlar mavjud boʻlganini yozib qoldirgan.
Asarlari
tahrirManbalarda allomaning qalamiga mansub asarlar va ularning adadi borasida turlicha qarashlar mavjud. Jumladan: - Abul Muʼiyn Nasafiy „Tabsiratul adilla fi ilmil kalom“ asarida Abulhasan Rustufagʻniyning „Irshodul muhtadiy“ („Hidoyatga boshlovchi qoʻllanma“) va „Az-zavoidul favoid“ fi anvoʻil ulum (Ilmlar navidagi „Qoʻshimcha va foydali (narsa)lar“) nomli asarlarini tilga olib oʻtgan[3]. - Yusuf ibn Umar Kaduriy ham „Jomiʼul muzmarot val mushkulot fi sharhi muxtasar al-imam al-Qurtubiy“ asarida Abulhasan Rustufagʻniyning „Irshodul muhtadiy“ va „Az-zavoidul favoid“ fi anvoʻil ulum nomli asarlari boʻlganini qayd etib oʻtgan[4]. - Komilxon Kattaev va Gulnoza Kattaevalarning „Buyuk huquqshunos allomalar“ kitobida alloma uch asar yozganini keltirib oʻtgan[5]. - Turkiyalik olim Fuat Sezgin „Al-asila val ajviba“ nomli asarni Rustufagʻniyga nisbat bergan[6]. - Abdumalik Tuychiboev tomonidan tahqiq qilingan „Muxtasar Favoyidir Rustufagʻniy“ asari, 2021-yil Istanbuldagi „Hoshimiya“ noshirlik uyida chop etildi[7]. - Arab tarixchisi Abdulhay Laknaviyning yozishicha, Rustufagʻniyning „Kitobuz zavoid val favoid“ asari turli ilmlar tasnifi (klassifikatsiyasi)ga bagʻishlangan[8]. Imom Abulhasan Rustufagʻniy hayoti va ilmiy merosi haqidagi maʼlumotlarni Xayriddin Zirikliyning „Aʼlom“, Abdulkarim Samʼoniyning „Ansob“, Abu Abdulloh Yoqut Hamaviyning „Muʼjamul buldon“, Najmiddin Umar ibn Muhammad Nasafiyning „Al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand“, Nuriddin Sabuniyning „Al-kifoya val hidoya“, Abu Muhammad Abdulqodir ibn Abulvafo Muhammad Qurashiyning „Al-javohirul maziyya fiy tabaqotil hanafiyya“, Yusuf ibn Umar ibn Yusuf Kaduriyning „Jomiʼul muzmarot val mushkulot fi sharhi muxtasar imam Qurtubiy“, Ibn Asirning „Al-lubob fi tahziybil ansob“, Qosim ibn Qutlubugʻo Suduniynning „Tojut tarojim“, Abdulhay Laknaviyning „Al-favoidul bahiyya fi tarojumial hanafiyya“ va Abul Muʼiyn Nasafiyning „Tabsiratul adilla“, Umar Rizo Kahholaning „Muʼjamul muallifin“ kabi asarlarida koʻrish mumkin. Bundan tashqari, hozirgi davr tadqiqotchi olimlarining asarlarida ham uchratish mumkin. Masalan, ustoz Ubaydulla Uvatovning kitoblari va koʻplab ilmiy maqolalarida, nemis olimi Ulrix Rudolfning „Al-Moturidiy va Samarqandda sunniylik ilohiyati“, Komilxon Kattaevning „Samarqandning buyuk allomalari“, Komilxon Kattaev va Gulnoza Kattaevalarning „Buyuk huquqshunos allomalar“, Abdulgʻafur Razzoq Buxoriyning „Nasabnoma“ va Abdumalik Toʻychiboev tomonidan tahqiq qilingan „Muxtasar Favoyidir Rustufagʻniy“ kabi asarlar shular jumlasidandir.
Vafoti
tahrirManbalarda Abulhasan Rustufagʻniyning vafot etgan yili turlicha keltirilgan. Jumladan, Xayriddin Zirikliyning „Aʼlom“ asarida 345/956 yil deb keltirilgan boʻlsa[9], „Oʻzbekiston — buyuk allomalar yurti“ va Komilxon Kattaevning „Samarqandning buyuk allomalari“ va „Buyuk huquqshunos allomalar“ asarlarida 350/961 yil deb keltirilgan[10]. Keyingi davrda olib borilgan tadqiqot natijalariga koʻra, Abulhasan Rustufagʻniyning qabri Ishtixon tumanining Boylata qishlogʻida joylashgan[11].
Manbalar
tahrir- ↑ Abdulkarim Samʼoniy. Ansob. J. 3. — Bayrut, 1988. 62.
- ↑ Abul Muʼyin Nasafiy. Tabsiratul adilla fi ilmil kalom. J.1. -B.28, 359.; Islom ensiklopediyasi. J.35. -Anqra. 2018. -B.296.
- ↑ Abul Muʼyin Nasafiy. Tabsiratul adilla fi ilmil kalom. J.1. -B.91, 358.; Islom ensiklopediyasi. J.35. -Anqra. 2018. 297.
- ↑ Yusuf ibn Umar ibn Yusuf al-Kaduriy. Jomiʼul muzmarot val mushkulot fi sharhi muxtasar al-imam al-Qurtubiy. J. 5. -Bayrut. 1971. -B.469.
- ↑ Komilxon Kattaev, Gulnoza Kattaeva. Buyuk huquqshunos allomalar. — T.: „Qaqnus“ nashriyoti, 2020. 138.
- ↑ Islom ensiklopediyasi. J.35. -Anqra. 2018. 297 (Millet kutubxonasi, Murad Mulla kolleksiyasi № 1829, 154a-176b bet).
- ↑ Qarang: https://dunyo.info.
- ↑ Oʻzbekiston — buyuk allomalar yurti. — T.: Maʼnaviyat, Movarounnahr, 2010. 152, 153.
- ↑ Xayriddin Zirikliy. Aʼlom. J. 4. Dor al-ilm, 2002. 291
- ↑ Komilxon Kattaev, Gulnoza Kattaeva. Buyuk huquqshunos allomalar. — T.: „Qaqnus“ nashriyoti, 2020. 138.
- ↑ Komilxon Kattaev, Gulnoza Kattaeva. Buyuk huquqshunos allomalar. — T.: „Qaqnus“ nashriyoti, 2020. 73, 136-137.
Adabiyotlar
tahrir- Oʻzbekiston — buyuk allomalar yurti. — T.: Maʼnaviyat va Movarounnahr nashriyotlari, 2010.
- Isaev Y., Abbosov A. Ishtixoniy allomalar. Imom Buxoriy xalqaro markazi. 2016.