Ahmad Yassaviy

Soʻfiy, shoir
(Ahmed Jasawidan yoʻnaltirildi)

Yassaviy, Xoja Ahmad Yassaviy (Yassi yaqinidagi Sayram shahri, tax. XI asrning 2-yarmi — 1166-yil) — tasavvufning mashhur namoyandalaridan biri, turkiy xalqlarning buyuk shoiri. Otasi Shayx Ibrohim javonmardlik tariqatiga mansub nufuzli zotlardan boʻlgan. Yassaviy chigʻatoy tilida ijod qilgan[1][2][3]. Ijodi ayo doʻstlar nodon birla ulfat boʻlib bagʻrim kuyib jondan toʻyib oʻldim maʼno toʻgʻri aytsam egri yoʻlga boʻyin toʻlgʻar qonlar yutib gʻam zahriga toʻydim maʼno.

Xoja Ahmad Yasaviy
Tavalludi 1100
Vafoti 1166
Yassi
Fuqaroligi Qoraxoniylar
Otasi Ibrohim
Onasi Qorasoch

Hayoti

tahrir

Yassaviy tugʻilgach, koʻp oʻtmay onasi — Muso Shayxning qizi Oysha xotun vafot etadi. 7 yoshida otasidan ham ajraladi. Yassaviy tarbiyasi bilan opasi Gavhar Shahnoz mashgʻul boʻladi. Yassaviy opasi bilan Yassiga koʻchib borgach, ustozi Arslon bobo bilan uchrashadi va undan tahsil oladi („Yetti yoshda Arslon bobom izlab topdim…“). Yassaviy Yassida botin ilmi sirlarini mukammal oʻzlashtirgan. Oʻsha zamonlarda ilm-maʼrifatning Movorounnahrdagi markazlaridan boʻlgan Buxoroda Turkistonning turli tomonlaridan tolibi ilmlar yigʻilishgan. Arslon bobo koʻrsatmasi bilan Yassaviy ham Buxoroga boradi. Davrning eng peshqadam olimi va sofiysi Shayx Yusuf Hamadoniy bilan uchrashib, unga murid tushadi. Buxoroda u arab tili bilan bir qatorda fors tilini ham chuqur oʻrganadi. Forsiyda yaratilgan tasavvufiy adabiyot bilan tanishadi. Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy, Abdulloh Barqiy, Xoja Hasan Andoqiylar bilan hamsuhbat va hammaslahat boʻlib, Yusuf Hamadoniy muridlari qatoridan oʻrin oladi.

Alisher Navoiy Yassaviy toʻgʻrisida „Maqomoti oliy va mashhur, karomoti matavoliy va nomahsur ermish. Murid va ashob gʻoyatsiz va shoh-u gado aning irodat va ixlosi ostonida nihoyatsiz ermish“, — deydi. Bu fikr Yassaviyning Yassiga qaytib kelib, yangi bir tariqatga asos solgan murshid sifatida shuhrat topgan davrlariga tegishlidir. Yassaviy turkiy xalqlarni islomga yanada kengroq jalb qilish va tasavvuf gʻoyalarini omma koʻngliga chuqur singdirish maqsadida sheʼriyatdan ham foydalangan. Abdurauf Fitratning taʼkidlashicha, Yasaviyning „adabiyotda tutgan yoʻli sodda xalq shoirlarimizning tutgʻon yoʻlidir… Uning hikmatlari vaznda, qofiyada, uslubda xalq adabiyoti atalgan sheʼrlar bilan barobar“. U yozgan asari Nafaqat turkiy Xalqlarga balki butun Dunyoga Nasihat boʻladigan asar yozgan

 
Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi, Turkiston

Yassaviy nuqtai nazarida hikmat — „ilmi laduniy“, yaʼni ilmi gʻaybu haqoyiq va ilohiy sirlarni kashf aylash mazmuniga ham ega. Yassaviyning oʻzi „Devoni hikmat“ nomi bilan biron bir kitob yaratmagan. Ushbu nodir asar uning murid va izdoshlari tomonidan tartib berilgan. Lekin bu narsa hikmat majmuasining Yassaviyga aloqasi yoʻq, degan daʼvoni ilgari surishga asos bermaydi. Soʻfi Olloyor Yassaviy haqida fikr bildirib, yana shunday degan: Shariatda edi ul oftobe, Qolibdur bizga ul erdin kitobe.

„Devoni hikmat“da ilohiy ishq va oshiqlik, maʼrifat va oriflik saodati, fanodan baqoga yetishish tushunchalari nihoyatda samimiy va taʼsirli ohanglarda yoritib berilgan. „Devoni hikmat“dagi barcha sheʼrlar ham Yassaviyga mansub emas. Unga Yassaviy izdoshlarining ijod namunalari ham kiritilgan. Bu esa, tabiiyki, hikmatlar tili va uslubida maʼlum oʻzgarishlar hosil qilgan. Lekin Yassaviyning oʻnlab izdoshlaridan hech biri ustozlari boshlagan gʻoyaviy, axloqiy, maʼnaviymaʼrifiy va mafkuraviy yoʻnalishni oʻzgartirmagan. Buni Yassaviy hayoti, tariqati va ijodiyotidan bahs yuritilgan oʻnlab qadimiy manbalar, ayniqsa, Sulton Ahmad Haziniyning „Javohir ul-abror min amvojil bihor“ asari ham toʻla tasdiqlaydi.

Yassaviyning faqat ijodiyoti emas, qancha umr koʻrib, qachon vafot etganligi ham bahsli. U hikmatlaridan birida „Yuz yigirma beshga kirdim, bilolmadim“, deydiki, bu soʻzlar tarixiy haqiqatdan koʻra, manoqibiy mazmunga ega. Bundan tashqari, 125 yillik uzoq bir umrning yarmidan koʻpini „yer osti“da („Oltmish uchda yer ostiga kirdim mano“, deydi Yassaviy) oʻtkazish aql bovar etmas hodisadir. Lekin koʻpchilik tadqiqotchilar uning vafot tarixini 1166—67 yil deb qayd etishgan.

Uzoq vaqt mobaynida Yasaviy hayoti va ijodiyotini ilmiy jihatdan tadqiq etishga imkon berilmadi. Asarlarini nashr qilishga yoʻl qoʻyilmadi. Oʻtgan asrning 70-yillarida Yasaviyning milliy madaniyat, til va adabiyot tarixidagi xizmatlarini toʻgʻri baholash yoʻlidagi urinishlar esa qoralandi. Mustaqillik arafasida, xususan, Oʻzbekiston istiqlolga erishgandan keyin yassaviyshunoslikda yangi davr boshlandi. Dastlab turli gazeta va jurnallarda „Devoni hikmat“dan namunalar eʼlon qilingan boʻlsa, 1990—92 yillarda uning 2 mustaqil nashri kitobxonlar qoʻliga yetkazildi. Ushbu nashrlar nafaqat Oʻzbekistonda, balki boshqa turkiy davlatlarda ham bu buyuk mutasavvifning hayoti, adabiy-maʼrifiy faoliyati, izdoshlari xizmatiga qiziqishni kuchaytirdi. 1993-yil Oʻzbekistonda Yassaviyga bagʻishlab ilmiy anjumanlar oʻtkazilib, maʼruzalar matni alohida majmua shaklida chop etildi. Matbuotda Yassaviyning shaxsiyati, tariqati, sheʼriyatidan bahs yuritilgan maqolalar bosilib chiqdi. Oʻzbekistondagi bir qancha koʻcha va mahalla Yassaviy nomi bilan ataladi. Yassaviylik tariqatining asoslari „Faqrnoma“ (ayrimlar Yassaviyga nisbat beradilar), „Maslakul-orifin“, „Lamaʼot“, „Samaratul-mashoyix“, „Javohir ul-abror“ kabi manqaba va risolalarda aks etgan.

„Devoni hikmat“ kitob shogirdlari tomonidan tartib berilgan. Unda ilohiy ishq gʻoyasi va maʼrifiy mazmun yetakchilik qiladi. Hikmatlar maʼno va mohiyat eʼtibori bilan Qurʼoni karim va Muhammad alayhissalom hadislariga chuqur bogʻlangan. „Devoni hikmat“ning 20dan ortiq nusxalari OʻR FA ShI jamgʻarmasida saqlanadi. Asar qoʻlyozmalaridan eng qadimgisi 17 asrga tegishli.

Yassaviy merosi va tariqati xorijda L. Massignon, A. Arberri, M. Smitt, X. Kisling, F. Mayer, A. Shimmel, R. Xartman, F. Koʻprulu, J. Trimingem, K. Eraslon, Idris Shox, Devin Di Uis; Rossiyada A. Krimskiy, I. Petrushevskiy, E. Bertels; Oʻzbekistonda Fitrat, A. Saʼdiy, E. Rustamov, B. Qosimov, I. Haqqulov, N. Hasanov tomonidan oʻrganilgan.

Qabri Qozogʻistonning Turkiston shahrida, 14 asrda Amir Temur tomonidan taʼmirlangan. Turkistonda Ahmad Yassaviy nomidagi turk-qozoq universiteti mavjud.

Badiiy ijodda ham Yassaviy obrazini yaratish boʻyicha izlanishlar olib borilmoqda. Yozuvchi Saʼdulla Siyoyev „Yassaviyning soʻnggi safari“ romanining 1-kitobini (1994) chop ettirdi.

Sheʼrlar

tahrir

Hikmat

Bismillah deb bayon aylay hikmat aytib,
Toliblargʻa durru gavhar sochtim ma'no.
Riyozatni qottigʻ tortib, qonlar yutub,
Men daftari soniy soʻzin ochtim mano.

Soʻzni aydim harkim boʻlsa diydor talab,
Jonni jongʻa payvand qilib, ragni ulab,
Gʻarib, yetim, faqirlarni koʻnglin siylab,
Koʻngli butun xaloyiqdin qochtim mano.

Qayda koʻrsang, koʻngli sinuq marham boʻlgʻil,
Andogʻ mazlum yoʻlda qolsa, hamdam boʻlgʻil.
Roʻzi mahshar dargogiga mahram boʻlgʻil,
Movumanlik xaloyiqdin qochtin mano.

Gʻarib, faqir, yetimlarni R a s u l soʻrdi,
Oʻshal tuni Meʼroj chiqib diydor koʻrdi,
Qaytib tushub gʻarib, faqir holing soʻrdi,
Gʻariblarni izin izlab tushtum mano.

Ummat boʻlsang, gʻariblargʻa tobeʼ boʻlgʻil,
Oyat, hadis har kim aytsa, someʼ boʻlgʻil,
Rizqu roʻzi harna bersa, qoneʼ boʻlgʻil,
Qoneʼ boʻlub, shavq sharobin ichtim mano.

Madinaga R a s u l borib, boʻldi gʻarib,
Gʻaribligʻda mehnat tortib, boʻldi habib,
Jafo tortib, yaratqangʻa boʻldi qarib,
Gʻarib boʻlub, uqbolardin oshtim mano.

Oqil ersang, gʻariblarni koʻnglin ovla,
Mustafodek elni kezib, yetim kovla,
Dunyoparast, nojinslardin boʻyun tovla,
Boʻyun tovlab, daryo boʻlub toshtim mano.

Ishq bobini Mavlom ochqach menga tegdi,
Tufroq qilib, hozir boʻl, deb boʻynum egdi,
Boron sifat malomatni oʻqi tegdi,
Paykon olib, yurak-bagʻrim teshtim mano.

Koʻnglum qottigʻ, tilim achchigʻ, oʻzum zolim,
Qur’on oʻqub amal qilmay, yolgʻon olim,
Gʻarib jonim sarf aylayin, yoʻqtur molim,
Haqdin qoʻrqub, oʻtga tushmay, pishtim mano.

Oltmish uchga yoshim yetti, oʻttum gʻofil,
Haq amrini mahkam tutmay, oʻzum johil,
Roʻza, namoz qazo qilib, boʻldum kohil,
Yomon izlab, yaxshilardin kechtim mano.

Vo darigʻo, muhabbatni jomin ichmay,
Ahli ayol, xonumondin tugal kechmay,
Jurmu isyon girihlarin munda chechmay,
Shayton gʻolib, jon berarda shoshtim mano.

Imonima changal urub, qildi gʻamnok,
Piri mugʻon hozir boʻl, deb sochti taryok,
Shayton laʼin mendin qochib ketti bepok,
Bihamdilloh, nuri imon ochtim mano.

Piri mugʻon xizmatida yugrub yurdum,
Xizmat qilib, koʻzim yummay hozir turdum,
Madad qildi, Azozilni qavlab surdum,
Ondin soʻngra qanot qoqib uchtim mano.

Gʻarib, faqir, yetimlarni qilgin shodmon,
Halqalar qilib aziz joning ayla qurbon,
Taom tobsang, joning birla qilgil mehmon,
Haqdin eshtib bu soʻzlarni aydim mano.

Gʻarib, faqir, yetimlarni har kim soʻrar -
Rozi boʻlur ul bandadin parvardigor,
Ey bexabar, sen bir sabab, oʻzi asror,
Haq Mustafo pandin eshtib, aydim mano.

Yeti yoshda Arslonbobgʻa qildim salom:
«Haq Mustafo amonatin qiling inʼom»,
Oʻshal vaqtda ming bir zikrin qildim tamom,
Nafsim oʻlub, lomakongʻa oshtim mano.

Xurmo berib, boshim silab, nazar qildi,
Bir fursatda uqbo sari safar qildi,
Alvido, deb bu olamdin guzar qildi,
Maktab borib, qaynab, joʻshub-toshtim mano.

«Inno fatahno»no oʻqub, maʼno soʻrdum,
Partav soldi, bexud boʻlub, diydor koʻrdum,
Mullom urub, «uskut» dedi, boqib turdum,
Yoshim sochib, muztar boʻlub turdim mano.

Ayo nodon, maʼno bul, deb aydi, bildim,
Ondin soʻngra choʻllar kezib, haqni suydum,
Roʻzi qildi, Azozilni tutub mindim,
Langar tugub, belin bosib yanchtim mano.

Zikrin tamom qilib, oʻttum devonaga,
Haqdin oʻzga hech soʻzlamay begonaga,
Sham’in izlab, shogird kirdim parvonaga,
Axgar boʻlub, kuyub-yonib oʻchtim mano.

Nomu nishon hech qolmadi, lo-lo boʻldum,
Alloh yodin oyta-oyta illo boʻldum,
Xolis boʻlub, muxlis boʻlub, lilloh boʻldum,
«Fano filloh» maqomigʻa oshtim mano.

Sunnat ermish, kofir boʻlsa, berma ozor,
Koʻngli qottigʻ, dil ozordin Xudo bezor,
Alloh haqi, ondogʻ qulgʻa sijjin tayyor,
Donolardin eshitib, bu soʻz aydim mano.

Sunnatlarin mahkam tutub, ummat boʻldim,
Yer ostiga yolgʻiz kirib, nurgʻa toʻldum,
Haqparastlar maqomigʻa mahram boʻldum,
Botin tigʻi birla nafsni yanchtim mano.

Nafsim meni yoʻldun urub, xor ayladi,
Termulturub xaloyiqgʻa zor ayladi,
Zikr ayturmay, shayton birla yor ayladi,
Hozirsen, deb nafs boshini sonchtim mano.

Qul Xoʻja Ahmad, gʻaflat bila umrung oʻtti,
Vo hasrato, koʻzdin, tizdin quvvat ketti,
Vo vaylato, nadomatni vaqti yeti,
Amal qilmay, karvon boʻlub koʻchtim mano.

Nashr qilingan asarlari

tahrir
  • Ahmad Yasaviy. Hikmatlar (nashrga tayyorl. I Haqqul. — T.: 1991);
  • Ahmad Yasaviy. Devoni hikmat (nashrga tayyorl. A.Abdushukurov). — T.:1992;
  • Oʻzbek adabiyoti namunalari (tuz. prof. Fitrat). — T.: 1928;
  • Ahmad Yasaviyning yangi topilgan hikmatlari. „Jahon adabiyoti“ jurn. 2002, № 10.

Adabiyotlar

tahrir
  • Fitrat. Ahmad Yasaviy. „Tanlangan asarlar“ (nashrga tayyorl. H.Boltaboev). 2-jild. — T.: Maʼnaviyat, 2000;
  • A.Saʼdiy. Yasaviy kim edi? (nashrga tayyorl. B. Doʻstqoraev) -T.: 1994;
  • E. Rustamov. Ahmad Yasaviy hikmatlarida tarix va hayot sadosi. „Oʻzbek tili va adabiyoti“ jurn. 1972, № 4-5;
  • I.Haqqul. Ahmad Yasaviy. Hayoti va ijod yoʻli. — T.: 2001;
  • N.Hasanov. Turkiyada yassaviyshunoslik. -T.:1999.

Manbalar

tahrir

Havolalar

tahrir