Akademnashr – 2004-yilda asos solingan nashriyot. 2009-yilda noshirlik faoliyatini yuritish uchun litsenziya olgan. Nashriyotning asosiy faoliyat yoʻnalishi ilmiy, ilmiy-ommabop, maʼrifiy, publitsistik, adabiy badiiy, ijtimoiy, huquqiy sohadagi turli xil asarlarni chop etishdan iborat. 2007-yilga qadar „Yoki“ nomi ostida faoliyat yuritgan. Keyinchalik „Akademnashr“ nomini olgan. Nashriyot 2014-yilda „Yilning eng yaxshi nashriyoti“ sifatida tan olingan. 2015-yilda Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida oʻtkazilgan „Kitob – hamkorlik va taraqqiyot yoʻli“ X xalqaro koʻrgazma-yarmarka va ilmiy konferensiya doirasida tashkil etilgan tanlovda „Eng yaxshi badiiy nashr“ yoʻnalishi boʻyicha gʻolib boʻlgan. Nashriyot yiliga 100 dan ortiq nomda kitoblar chop etadi. Nashriyot o‘z poligrafik bazasiga ham ega.

Akademnashr
MamlakatOʻzbekiston
Asos solingan2004-yil
Asoschi(lar)Sanjar Nazar
Rahbar(lar)Sanjar Nazar
Vebsaytakademnashr.uz

Rossiya, Amerika, Buyuk Britaniya, Avstriya, Germaniya, Turkiya, Italiya, Koreya, Eron, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston kabi mamlakatlarning 140 dan ortiq nashriyot uylari, Kembrij, Oksford, Illinoys universitetlari, Ivan Fyodorov nomidagi Moskva davlat matbaachilik universiteti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi kabi sohadagi yirik taʼlim muassalari, yirik axborot va madaniyat markazlari vakillari, shuningdek, dunyoning taniqli adabiyotshunoslari, tarjimonlari, olimlari, bezakchi-rassomlari, jurnalistlari ishtirok etgan ushbu tanlovda „Akademnashr“ nashriyotida chop etilgan Maxtumqulining „Asarlar“ kitobi 7 ta yoʻnalishdan birida gʻolib boʻlgan[1].

Shu bilan birga koʻplab xalqaro kitob koʻrgazmalarida, jumladan, 2022-yil Turkiya poytaxti Istanbul shahrida oʻtkazilgan „VII xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari“[2] hamda 2023-yilda Ozarbayjonning poytaxti Boku shahrida boʻlib oʻtgan VIII xalqaro kitob koʻrgazmasida ishtirok etgan[3].

„Akademnashr“ nashriyoti 2010-yildan mualliflik huquqiga qatʼiy amal qilishni boshlagan[4]. 2013-yilda nashriyotda nashr etilgan professor Shuhrat Sirojiddinovning „Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili“ kitobi Oʻzbekiston Respublikasining birinchi darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Bundan tashqari Eshqobil Shukurning „Koʻz yumib koʻrganlarim“ kitobi „Eʼtirof-2013“ mukofotining „Yilning eng yaxshi badiiy asari“ nominatsiyasida gʻolib deb topilgan.

Qosimjon Sodiqovning „Eski oʻzbek yozma adabiy tili“ kitobi 2022-yilda MDHga aʼzo davlatlarning „Kitob sanʼati“ XIX xalqaro tanlovida „ilmiy-ommabop nashr“ yoʻnalishida laureat boʻlgan[5].

Nashriyot Choʻlpon, Behbudiy, Rauf Parfi, Nazar Eshonqulning jildliklari, Alisher Navoiyning „Muhokamat-ul lugʻatayn“, Jeyms Joysning „Musavvirning yoshlikdagi shamoyili“, Harper Lining „Mazaxchini oʻldirish“, Adib Xolidning „Oʻzbekiston tavalludi“ va bundan tashqari „Izlam“ rukni ostida 9 nafar yosh ijodkorning toʻplami va koʻplab shoir hamda yozuvchilarning asarlarini chop etgan[6]. „Akademnashr“da oʻzbek tilidan tashqari ingliz, rus, nemis, fransuz va boshqa xorijiy tillarda ham kitoblar nashr qilinadi. Shuningdek nashriyot oʻz matbaa boʻlimiga ham ega.

Manbalar

tahrir