Abu Ahmad Talha ibn Jaʼfar (arabcha: أبو أحمد طلحة بن جعفر; 843-yil 29-noyabr – 891-yil 2-iyun), koʻproq laqabi Muvaffaq Billoh (arabcha: الموفق بالله[2]) sifatida taniqli, ukasi xalifa Muʼtamid hukmronligining koʻp qismida xalifalikning amaldagi regenti boʻlgan Abbosiy shahzoda va harbiy yetakchi. Uning oʻn yillik „Samarradagi anarxiya“dan soʻng ichki siyosiy barqarorlikni taʼminlashi, Iroqni safforiylarga qarshi kurashda muvaffaqiyatli himoya qilishi va Zanj qoʻzgʻolonini bostirishi xalifalikning avvalgi qudratini maʼlum darajada tiklab, tiklanish davrini boshlagan. Bu jarayon Muvaffaqning oʻgʻli xalifa Muʼtazid hukmronligi davrida eng yuqori nuqtaga yetgan.

Abu Ahmad Talha ibn Jaʼfar al-Muvaffaq billoh
أبو أحمد طلحة بن جعفر الموفق بالله
Abbosiylar xalifaligining regenti (de facto)
Lavozimda 870-yil iyun — 891-yil 2-iyun
Xalifa Muʼtamid
Tugʻilishi 843-yil 29-noyabr
Samarra, Abbosiylar xalifaligi
Vafoti 891-yil 2-iyun[1]
Bagʻdod, Abbosiylar xalifaligi
Dafn etilgan joy
Turmush oʻrtogʻi Dirar
Voris Muʼtamid
Toʻliq nomi
Abu Ahmad Talha al-Muvaffaq billoh ibn Jaʼfar al-Mutavakkil ibn Muhammad al-Muʼtasim ibn Horun ar-Rashid
Sulola Abbosiylar
Otasi Mutavakkil
Onasi Ummu Isʼhoq
Dini Islom
Al-Muvaffaq
Harbiy faoliyati
Qoʻshin turlari Abbosiylar armiyasi
Xizmatdagi yillari 891
(faol xizmatining tugashi)
Lavozimi Bosh qoʻmondon
Jang/urush Dayrul Aqul jangi,
Zanjilar qoʻzgʻoloni
Xorijiylar qoʻzgʻoloni
Aloqa Muntasir (akasi)
Mustaʼin (amakisi)
Muʼtazz (ukasi)
Muhtadiy (amakisi)
Muʼtamid (ukasi)
Xizmat qilgan mamlakati Abbosiylar xalifaligi

Yoshlik davri

tahrir
 
9-asr oʻrtasi va oxirida Abbosiylar sulolasining shajara daraxti

Abu Ahmad teknonimi bilan mashhur Talha 843-yil 29-noyabrda xalifa Jaʼfar al-Mutavakkil (h. 847–861) va Ummu Isʼhoq nomi bilan mashhur boʻlgan yunon qul kanizi Eshar oilasida tugʻilgan[3][4]. 861-yilda Samarrada turk harbiy qullari (gʻilmon) otasini oʻldirishi voqeasida ishtirok etgan. Tarixchi Tabariyning yozishicha, oʻsha kechada otasi bilan ichimlik ichgan va hojatxonaga ketayotganda qotillarga duch kelgan, ammo xalifani himoya qilish uchun qisqa urinishdan soʻng, saʼy-harakatlari behuda ekanini tushunib, xonasiga yashiringan[5]. Qotillik shubhasiz Mutavakkilning oʻgʻli va vorisi Muntasir tomonidan uyushtirilgan boʻlib, u darhol taxtga oʻtirgan[6]. Shunga qaramay, Abu Ahmadning jarayondagi roli ham shubhali. Chunki u keyinchalik turk harbiy rahbarlari bilan yaqin aloqalarga ega boʻlgan. Tarixchi Xyu Kennediga koʻra, „demak, Abu Ahmad qotillikdan oldin yosh turklar bilan yaqin aloqada boʻlgan yoki aloqalar oʻsha kechada oʻrnatilgan boʻlishi mumkin“[5]. Bu qotillik „Samarradagi anarxiya“ deb nomlanuvchi ichki boshboshdoqlik davrini boshlab bergan. Bu jarayonda turk harbiy rahbarlari hukumat va uning moliyaviy resurslarini nazorat qilish uchun boshqa kuchli guruhlar va bir-birlari bilan kurashgan[7][8].

Aynan mana shu notinch davrda, 865-yil fevralda xalifa Musta’in (h. 862–866) va ikki nafar katta turk zobitlari Vosif va Kichik Bugʻa Samarradan sobiq Abbosiylar poytaxti Bag‘dodga qochib ketib, shaharning Tohiriy hokimi Muhammad ibn Abdulloh yordamiga ishonib, shahardan panoh topishgan. Keyin Samarradagi turk qoʻshini Abu Ahmadning ukasi Muʼtazzni (h. 866–869) xalifa etib saylab, Abu Ahmadga Mustaʼin va uning tarafdorlariga qarshi yurish uyushtirish topshirilgan. Bagʻdodni qamal qilish 865-yil fevraldan dekabrgacha davom etgan. Oxir-oqibat, Abu Ahmad va Muhammad ibn Abdulloh muzokara yoʻli bilan kelishuvga erishib, unga koʻra Mustaʼin taxtdan voz kechgan. Shundan soʻng, 866-yil 25-yanvarda Bagʻdoddagi juma namozida Mu’tazz xalifa deb eʼtirof etilgan. Biroq, kelishilgan shartlarga zid ravishda Mustaʼin oʻldirilgan[9][10]. Aynan shu davrda Abu Ahmad turk harbiylari, xususan, qamal paytida hal qiluvchi rol oʻynagan Muso ibn Bugʻa bilan aloqalarini mustahkamlagan boʻlishi mumkin[3][5]. Abu Ahmad Kichik Bugʻani avf etish orqali aloqalarni yanada mustahkamlagan[5][11].

Samarraga qaytgach, Abu Ahmad dastlab xalifa tomonidan hurmat bilan kutib olingan, biroq olti oy oʻtgach, u boshqa ukasi Muayyad bilan birga potentsial raqib sifatida qamoqqa tashlangan. Muayyad tez orada qatl etilgan, ammo Abu Ahmad turk harbiylarining himoyasi tufayli omon qolgan. Oxir-oqibat, u ozod qilindi va Bagʻdodga qaytishga ruxsat berilgunchga Basraga surgun qilingan. Bagʻdodga qaytgach, Sharqiy Bagʻdoddagi Qasr ad-Dinor saroyida yashashga majbur boʻlgan[10][5]. Bagʻdodda Muvaffaq shu qadar mashhur ediki, 869-yilning iyulida Muʼtazz vafot etganida, qoʻshin va xalq Muhtadiy (h. 869–870) emas, balki Muvaffaqning xalifa boʻlishi tarafdori boʻlgan. Biroq Muvaffaq taklifni rad etib, Muhtadiyga bayʼat qilgan[10][5].

Xalifalik regenti

tahrir
 
Muvaffaq va vazir Said ibn Maxlad (Zul-Vizoratayn) ismlari yozilgan Muʼtamid oltin dinori.

870-yil iyun oyida Muhtadiy turklar tomonidan oʻldirilganda, Abu Ahmad Makkada boʻlgan. U zudlik bilan shimolga, Samarraga yoʻl olib, u yerda Muso ibn Bugʻa bilan yangi xalifa Muʼtamidni (h. 870–892) chetlab oʻtgan va hukumatni oʻz qoʻliga olgan[3][5].

Al-Muvaffaq turk harbiylari bilan yaqin munosabatlari va harbiy ishlarda faol ishtirok etishi bilan oʻz davrining aksariyat abbosiy shahzodalaridan ajralib turib, koʻproq bobosi xalifa Muʼtasimga (h. 833–842) oʻxshagan[12][13]. Xuddi Muʼtasim kabi, bu munosabatlar al-Muvaffaqning qudratiga asos boʻlishi kerak edi. Turk harbiylari maoshlarni oʻzlashtirgan oʻz rahbarlarini chetlashtirib, xalifaning birodarlaridan birini qoʻmondon etib tayinlashni talab qilganlarida al-Muvaffaq xalifa hukumati va turk harbiylari oʻrtasida asosiy vositachi etib tayinlangan. Turklarning sadoqati evaziga u xalifa qoʻshinining tax. 870-yildan keyin tilga olinmagan Magʻariba yoki Faragʻina kabi boshqa raqobatdosh korpuslarini tugatgan[11][14]. Xyu Kennedi kelishuv boʻyicha quyidagicha xulosa qilgan: „Muvaffaq harbiylar mavqei va xalifalik armiyasi mavqeini taʼminlab, Muvaffaqning fuqarolik boshqaruvidagi roli harbiylarning maoshini olishini anglatardi“[15]. Al-Muvaffaqning turk harbiy rahbariyati, dastlab Muso ibn Bugʻa, shuningdek, 877-yilda Muso vafotidan keyin Kaygʻalagʻ va Isʼhoq ibn Kundoj bilan yaqin shaxsiy aloqasi hamda uning sulola shahzodasi sifatidagi obroʻsi, turklarning oʻn yillik ichki nizolardan keyin charchaganligi kabi omillar tufayli turklar ustidan kuchli nazorat oʻrnatishiga imkon bergan. Ushbu nazorat esa turk qoʻshinlari al-Muvaffaq rahbarligi ostida harbiy harakatlarda qatnashishga tayyorligidan dalolat bergan[3][11].

871-yilda Zanjilar Basrani talon-taroj qilgandan soʻng, Abu Ahmad toʻgʻridan-toʻgʻri xalifalik nazorati ostidagi koʻpchilik yerlar, jumladan Hijoz, Yaman, Bagʻdod va Vositni oʻz ichiga olgan holda Iroq, Basra, Ahvoz va Forsni qamrab olgan keng hududlar gubernatori lavozimini ham egallagan[5][10]. Oʻz hokimiyatini bildirish uchun xalifalar uslubidagi al-Muvaffaq Billoh („Allohning barakasi“) degan sharafli ismni qabul qilgan[3][5]. 875-yil 20-iyulda xalifa al-Muvaffaqni voyaga yetmagan oʻgʻli Jaʼfar al-Mufavvaddan keyingi merosxoʻr deb eʼlon qilib, imperiyani ikki yirik boshqaruv sohasiga boʻlgach, uning hokimiyati yanada kengaytirilgan. Gʻarbiy viloyatlar Mufavvadga, sharqiy viloyatlar esa Muvaffaqqa topshirilgan. Muvaffaq amalda gʻarbiy viloyatlar ustidan ham nazoratni amalga oshirishda davom etgan[3][10][16].

Muʼtamid asosan Samarrada boʻlgani sababli Muvaffaq va uning shaxsiy kotiblari (Sulaymon ibn Vahb, Said ibn Maxlad va Ismoil ibn Bulbul) xalifalik hokimiyatini amalda Bagʻdoddan boshqargan[3]. 877-yilda uzoq vaqt xizmat qilgan vazir Ubaydulloh ibn Yahyo ibn Xoqon vafotidan keyin, Muvaffaq xalifaning vazirlarini tayinlash huquqini oʻz zimmasiga olgach, Muʼtamidning zaif hokimiyati yanada zaiflashgan. Biroq, vazirlar emas, balki Muvaffaqning shaxsiy kotibi Said ibn Maxlad xalifalik byurokratiyasida, hech boʻlmaganda, 885-yilda sharmanda boʻlishiga qadar nufuzli shaxs boʻlgan. Undan keyin Ismoil ibn Bulbul kelib, ikkala aka-uka uchun ham vazirlik qilgan[12].

Harbiy yurishlar

tahrir
„Bu ikki dahshatli qoʻzgʻolonning magʻlubiyati va natijada Abbosiylar xalifaligining bevaqt yoʻq boʻlib ketishdan qutqarilishi, eng avvalo, ajoyib inson, amir al-Muvaffaqning kuchi va qobiliyati bilan bogʻliq edi.“
—Harold Bouen[17]

Yillar davomida xalifalik hokimiyati uchun paydo boʻlgan koʻplab qiyinchiliklarga dosh berish xalifalikning asosiy harbiy yetakchisi Muvaffaq zimmasiga tushgan. Darhaqiqat, Maykl Bonner yozganidek, „Muvaffaqning hal qiluvchi qarorlari Abbosiylar xalifaligini bir necha marta halokatdan saqlab qolgan edi“[13]. Abbosiylar xalifaligi uchun asosiy harbiy tahdidlar Iroq janubidagi Zanjilar qoʻzgʻoloni va sharqda Safforiylar sulolasi asoschisi Yaʼqub ibn Laysning ambitsiyalari edi[3][11]. Muvaffaqning gʻayrati va shijoati ularni bostirishda hal qiluvchi rol oʻynagan[17].

Safforiylarga qarshilik

tahrir

As-Saffor („Misgar“) laqabli kamtar askar Yaʼqub oʻn yillik Samarra urushidan avval oʻz vatani Seyiston ustidan nazoratni qoʻlga kiritish, keyin esa oʻz hokimiyatini kengaytirish uchun foydalangan. 873-yilga kelganda xalifalikning deyarli barcha sharqiy yerlarini boshqarib, shu paytgacha hukmron boʻlgan Tohiriylarni hokimiyatdan siqib chiqarishi Muvaffaq tomonidan qoralangan[18][19][20]. Nihoyat, 875-yilda Yaʼqub Fors viloyati ustidan nazoratni qoʻlga kiritgan. Bu viloyat xalifalik gʻaznasiga juda kam daromad keltirsa-da, Iroqqa xavfli darajada yaqin joylashgan edi. Abbosiylar Yaʼqubni sharqiy viloyatlar hokimi sifatida rasman tan olish va unga alohida sharaflar tortiq qilish, jumladan ismini juma xutbasiga qoʻshish hamda Bagʻdodda nufuzli sohib ash-shurta (politsiya boshligʻi) lavozimiga tayinlash orqali hujum qilishining oldini olishga harakat qilishgan. Shunga qaramay, keyingi yili Yaʼqub Bagʻdodga yurish boshlab, Bagʻdod yaqinidagi Dayrul-Aqul jangida Muvaffaq va Muso ibn Bugʻa boshchiligidagi abbosiylar bilan toʻqnash kelib, qatʼiy magʻlubiyatga uchragan. Abbosiylarning gʻalabasi koʻpchilikni ajablantirib, poytaxtni saqlab qolgan[10][21][22].

Magʻlubiyatga qaramay, Safforiylar Eron viloyatlarining koʻpchiligini oʻz hukmronligi ostida ushlab qola olgan va 879-yilda hatto Abbosiylar saroyi ham Yaʼqubni Fors hokimi deb tan olishga majbur boʻlgan[23]. Oʻsha yili Yaʼqub kasallikdan vafot etganidan soʻng, uning ukasi va vorisi Amr ibn Lays xalifa hukmronligini tan olib, sharqiy viloyatlar boʻyicha noiblik va akasi kabi Bagʻdodning sohib ash-shurtasi lavozimi bilan taqdirlandi. Tohiriylar yillik oʻlpon evaziga bir million dirham toʻlab turishgan[10][24]. Koʻp oʻtmay Amr oʻz hokimiyatini taʼminlashda qiynalgan. Ayniqsa, Yaʼqub davrida Tohiriylar tarafdori boʻlgan Xurosonda avval Ahmad ibn Abdulloh al-Xujistoniy, soʻngra Rafi ibn Hartama davrida viloyat ustidan Safforiylar hukmronligiga qarshi chiqqan muxolifat paydo boʻlgan[25].

Zanj boʻysungach, 883-yildan keyin al-Muvaffaq yana eʼtiborini sharqqa qaratgan. 884/5-yilda al-Muvaffaq Amrni omma oldida laʼnatlashni buyurgan. Dulafiy Ahmad ibn Abdulazizni Kirmon va Forsga noib etib, lavozimidan chetlashtirilgan Tohiriy noib Muhammad ibn Tohirni Xuroson noibi lavozimiga tiklab, Rafi ibn Harsamani uning oʻrinbosari etib tayinlagan. Vazir Said ibn Maxlad boshchiligidagi qoʻshin Fors viloyatining katta qismini egallab, Amrning oʻzini gʻarbga borishga majbur qilgan. Xalifa generali Tark ibn al-Abbosga qarshi dastlabki muvaffaqiyatdan soʻng, Amr 886-yilda Ahmad ibn Abdulaziz tomonidan, 887-yilda esa al-Muvaffaq tomonidan tor-mor etilgan. Amrning ittifoqchisi Abu Talha Mansur ibn Sharkab Abbosiylar tarafiga oʻtib ketgan. Biroq Amr choʻl taʼqibidan himoyalangan Seyistonga chekinishga muvaffaq boʻlgan[26].

Gʻarbdagi Tuluniylar va Vizantiyaliklar tahdidi al-Muvaffaqni 888/9-yilda muzokaralar olib borishga majbur qilgan. Bu esa avvalgi status-kvoni sezilarli darajada tiklagan. Amr Xuroson, Fors va Kirmon hokimi sifatida tan olinib, oʻlpon sifatida 10 million dirham toʻlagan. Evaziga uning xizmatchisi Tohiriy Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Tohir Bagʻdodning sohib ash-shurtasi lavozimiga tayinlangan[27]. 890-yilda al-Muvaffaq yana Forsni qaytarib olishga uringan, lekin bu safar Ahmad ibn Abdulaziz boshchiligidagi bosqinchi Abbosiylar qoʻshini magʻlubiyatga uchrab, yana bir kelishuv tinch munosabatlar, Amrning unvonlari va mulklarini tiklagan[28].

Zanj qoʻzgʻolonining bostirilishi

tahrir
 
9—10-asrlar Iroq xaritasi

Iroq janubidagi botqoqliklarda Zanj qullarining qoʻzgʻoloniga qarshi kurash — Maykl Bonnerning fikricha, „islom tarixidagi eng katta qullar qoʻzgʻoloni“ 869-yil sentyabrda boshlangan hamda uzoq va ogʻir toʻqnashuv boʻlib, xalifalikni deyarli tiz choʻktira olgan. Safforiylar tahdidi tufayli abbosiylar 879-yilgacha Zanjga toʻliq qarshilik qila olmagan. Binobarin, Zanj dastlab Quyi Iroqning koʻp qismini, jumladan Basra va Vositni qoʻlga kiritgan hamda Zanj yurishini toʻxtatish uchun yuborilgan Abbosiy qoʻshinlarini magʻlub etgan. Vaziyat 879-yildan keyin, Muvaffaqning oʻgʻli, boʻlajak xalifa Muʼtazid (h. 892–902) Abul Abbosga buyruq berilgandan soʻng oʻzgargan. 880-yilda Abul Abbosga al-Muvaffaqning oʻzi ham qoʻshilib, Iroq janubidagi botqoqlarda ketma-ket boʻlgan janglarda Abbosiy qoʻshinlari Zanjni 883-yil avgustida qulagan poytaxti Muxtara tomon siqib chiqargan[29][30][31]. Al-Muvaffaqning boshqa oʻgʻli Horun ham yurishlarda qatnashgan. U shuningdek, bir nechta viloyatlarning nominal gubernatori ham boʻlgan, ammo 883-yil 7-noyabrda yosh vafot etgan[32].

Zanj ustidan qozonilgan gʻalaba al-Muvaffaqning shaxsan va rejimining katta gʻalabasi sifatida koʻrilgan. Al-Muvaffaq oʻziga gʻalaba unvonini an-Nosir li-Din Alloh („Xudoning e'tiqodini himoya qiluvchi“) olgan, uning kotibi Said ibn Maxlad esa Zul-Vizoratayn („ikki vazirlik egasi“) unvonini olgan[19].

Tuluniylar bilan aloqalar

tahrir

Shu bilan birga, al-Muvaffaq Misrning shuhratparast gubernatori Ahmad ibn Tulunga ham qarshi turishga majbur boʻlgan. Turkiy qulning oʻgʻli Ibn Tulun Muʼtazz hukmronligi davridan beri viloyat noibi boʻlgan. 871-yilda xalifaning fiskal agentini quvib chiqarib, Misr daromadlarini toʻgʻridan-toʻgʻri nazorat qila boshlagandan keyin oʻz hokimiyatini yanada kengaytirgan va gʻilmonlardan iborat oʻz qoʻshinini yaratib, undan foydalangan[33][34]. Safforiylar va Zanj qoʻzgʻolonchilarining toʻgʻridan-toʻgʻri tahdidlari, shuningdek, turk qoʻshinlarini nazoratda ushlab turish va xalifa hukumatining ichki ziddiyatlarini boshqarish bilan mashgʻul boʻlgan al-Muvaffaq Misr masalasida hech qanday harakat qila olmagan. Bu Ibn Tulunga Misrda oʻz mavqeini mustahkamlash uchun kerakli vaqtni bergan[35][36].

Ibn Tulun va al-Muvaffaq oʻrtasida ochiq toʻqnashuv 875/6-yilda markaziy hukumatga katta miqdorda daromad oʻtkazish munosabati bilan boshlangan. Ibn Tulun oʻz mavqeini saqlab qolish uchun xalifa va uning qudratli ukasi oʻrtasidagi raqobatdan umid qilgan holda soliqlarning koʻproq qismini al-Muvaffaq (1,2 million dinor) oʻrniga Mu’tamidga (2,2 million oltin dinor) yuborgan[37]. Zanjlarga qarshi kurashda oʻzini viloyat daromadlarining asosiy qismiga haqli deb hisoblagan al-Muvaffaq bundan hamda Ibn Tulun va ukasi oʻrtasidagi koʻzda tutilgan hiyla-nayranglardan gʻazablangan. Al-Muvaffaq Ibn Tulunning oʻrniga tayinlash uchun boshqa nomzod izlagan, biroq Bagʻdoddagi barcha amaldorlar Misr hokimi tomonidan sotib olinib, taklifni rad etgan. Al-Muvaffaq Misr hukmdoriga isteʼfoga chiqishini talab qilib, maktub yoʻlladi, Ibn Tulun esa buni rad etgan. Ikkala tomon ham urushga tayyor edi. Al-Muvaffaq Muso ibn Bugʻani Misr noibi etib tayinlab, uni qoʻshinlar bilan Suriyaga joʻnatgan. Qoʻshinlar uchun maosh va taʼminot yetishmasligi hamda Ibn Tulun qoʻshinidan qoʻrquv tufayli Muso Raqqadan uzoqlasha olmagan. Muso oʻn oylik harakatsizlik va qoʻshinlari qoʻzgʻolon koʻtargandan soʻng, hech narsaga erisha olmay, Iroqqa qaytib kelgan[38][39]. Ibn Tulun Muʼtamidni qoʻllab-quvvatlash va al-Muvaffaqqa qarshilik koʻrsatish orqali 878-yilda „Amirul moʻminning xizmatkori“ (mavla amir al-moʻminin) unvonini olgan[37].

Endi tashabbusni Ibn Tulun oʻz qoʻliga olgan. Yoshligida Vizantiya imperiyasi bilan Tarsusdagi chegara urushlarida qatnashgan Ibn Tulun endi Kilikiyaning chegara tumanlariga (Tugʻur) qoʻmondonlik qilishni soʻragan. Al-Muvaffaq dastlab rad etgan. Avvalgi yillardagi Vizantiya muvaffaqiyatlaridan soʻng Muʼtamid akasi ustidan gʻalaba qozonib, 877/8-yilda Ibn Tulun butun Suriya va Kilikiya chegarasini egallab olib, chegara uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan[40][41]. Ibn Tulun Misrga qaytib kelganida, katta ehtimol bilan al-Muvaffaq daʼvat qilgan oʻgʻli Ahmad otasining oʻrnini egallab olishga tayyorlanayotgan edi[10]. Fitna muvaffaqiyatsizlikka uchradi va 879-yilda Misrga qaytib kelgan Ibn Tulun oʻgʻlini qoʻlga olib, qamoqqa tashlagan[42]. Suriyadan qaytgach, Ibn Tulun qoʻl ostidagi zarbxonalarda chiqarilgan tangalarga xalifa va merosxoʻri al-Mufavvad bilan birga oʻz nomini ham qoʻshib[43], oʻzini amalda mustaqil hukmdor deb eʼlon qilgan[33][34].

882-yil kuzida Tulunidlar sarkardasi Luʼlu Abbosiylar tomoniga oʻtgan. Kilikiya Tugʻuridagi Tarsusning yangi hokimi Tuluniylar hukmronligini tan olishdan bosh tortgan. Bu holat ibn Tulunni yana Suriyaga borishga undagan[44]. Bu Muʼtamidning Samarradan qochib, Damashqda boʻlgan Ibn Tulun huzuridan boshpana topishga urinishi bilan bir vaqtga toʻgʻri kelgan. Biroq Mosul hokimi Isʼhoq ibn Kundoj al-Muvaffaqning koʻrsatmasiga binoan xalifani hibsga olib, al-Muvaffaqqa qaytarib bergan. U esa ukasini Vositda uy qamogʻida saqlagan[45][46]. Bu ikki hukmdor oʻrtasidagi kelishmovchilikni yaqqol koʻrsatib bergan. Al-Muvaffaq Isʼhoq ibn Kundojni Misr va Suriya hokimi etib tayinlashi aslida ramziy maʼnoga ega edi. Ibn Tulun Damashqda diniy huquqshunoslar majlisini tashkil qilib, al-Muvaffaqni zoʻravon deb qoralab, uning Muʼtamidga qilgan yomon muomalasini ham qoralagan hamda uning vorislikdagi oʻrnini bekor deb eʼlon qilib, unga qarshi jihodga chaqirgan. Ibn Tulun oʻz raqibini Tuluniylar hududi boʻylab masjidlarda oʻqigan vaʼzlarida munosib ravishda qoralagan. Abbosiy regenti esa Ibn Tulunni tantanali qoralash bilan xuddi shunday javob qaytargan[47]. Jangchi ritorikaga qaramay, ikkalasi ham bir-biriga harbiy jihatdan qarshi harakat qilmagan[43]. Faqat 883-yilda Ibn Tulun Islomning ikki muqaddas shahri Makka va Madinani egallash uchun qoʻshin joʻnatgan, ammo Abbosiylardan magʻlubiyatga uchragan[48][49].

884-yilda Ibn Tulun vafotidan keyin al-Muvaffaq Misrni Ibn Tulunning vorisi Xumaravayhdan qaytarib olishga yana urinib koʻrgan. Ammo Xumaravayh Abul-Abbos qoʻl ostidagi qoʻshinni magʻlub etib, Jaziraning katta qismi hisobidan ham oʻz nazoratini kengaytirgan. 886-yilda al-Muvaffaq har yili 300 000 dinor oʻlpon evaziga Tuluniylarni Misr va Suriyada 30 yil davomida merosxoʻr hokimlar sifatida tan olishga majbur boʻlgan[48][50][51].

Soʻnggi yillari va vorislik masalasi

tahrir

880-yillarning oxirlarida nomaʼlum sababga koʻra al-Muvaffaqning oʻgʻli Abul Abbos bilan munosabatlari yomonlashgan. 889-yilda Abul Abbos otasining buyrugʻi bilan hibsga olinib, qamoqqa tashlangan. Unga sodiq gʻilmonning noroziliklariga qaramay, u qamoqdan ozod qilinmagan. Aftidan, 891-yil mayigacha hibsda qolgan. Abul Abbos Jibalda ikki yil yashagach, al-Muvaffaqning oʻlimiga yaqin vaqtda Bagʻdodga qaytgan[3][52]. Bu vaqtga kelib, al-Muvaffaq uzoq vaqtdan beri azob chekayotgan podagra yurishga ham, ot minishga ham yaroqsiz qilib qoʻygan. Atrofdagilarga uning oʻlimi yaqinlashayotgani ayon boʻlgan[53]. Abul Abbosga muxolif bo‘lgan vazir Ibn Bulbul Muʼtamid va Mufavvadni shaharga chaqirtirgan. Abul Abbosning qo‘shinlar va xalq o‘rtasida mashhurligi tufayli u asirlikdan ozod qilinib, otasining merosxoʻri sifatida tan olingan[54][55]. Al-Muvaffaq 2-iyun kuni vafot etib, ar-Rusafadagi onasining qabri yoniga dafn qilingan. Ikki kundan keyin Abul Abbos otasining lavozimlarini egallab, Mufavvaddan keyin ikkinchi voris sifatida bayʼat olgan[1]. 892-yil oktyabrda Muʼtamid vafot etgach, Abul-Abbos al-Muʼtazid taxtga oʻtirishda oʻz amakivachchasini chetlab oʻtib, tezda „Mutavakkildan keyingi eng kuchli va samarali xalifa“ (Kennedi) sifatida taxtga oʻtirgan[56].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Fields 1987, s. 168.
  2. Waines 1992, s. 173 (note 484).
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 3,7 3,8 Kennedy 1993, s. 801.
  4. Özaydın 2016, ss. 326–327.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 5,6 5,7 5,8 Kennedy 2001, s. 149.
  6. Bonner 2010, s. 305.
  7. Kennedy 2001, ss. 137–142.
  8. Bonner 2010, ss. 306–313.
  9. Kennedy 2001, ss. 135–136, 139.
  10. 10,0 10,1 10,2 10,3 10,4 10,5 10,6 10,7 Özaydın 2016, s. 327.
  11. 11,0 11,1 11,2 11,3 Gordon 2001, s. 142.
  12. 12,0 12,1 Kennedy 2004, s. 174.
  13. 13,0 13,1 Bonner 2010, s. 314.
  14. Kennedy 2001, ss. 149–150.
  15. Kennedy 2004, ss. 173–174.
  16. Bonner 2010, ss. 320–321.
  17. 17,0 17,1 Bowen 1928, s. 9.
  18. Bonner 2010, ss. 315–316.
  19. 19,0 19,1 Sourdel 1970, s. 129.
  20. Bosworth 1975, ss. 107–116.
  21. Bonner 2010, s. 316.
  22. Bosworth 1975, ss. 113–114.
  23. Bosworth 1975, s. 114.
  24. Bosworth 1975, ss. 116–117.
  25. Bosworth 1975, ss. 116–118.
  26. Bosworth 1975, ss. 118–119.
  27. Bosworth 1975, s. 119.
  28. Bosworth 1975, ss. 119–120.
  29. Bonner 2010, ss. 323–324.
  30. Kennedy 2001, ss. 153–156.
  31. Kennedy 2004, ss. 177–179.
  32. Fields 1987, ss. 34, 38–39, 144.
  33. 33,0 33,1 Sourdel 1970, s. 130.
  34. 34,0 34,1 Kennedy 2004, ss. 176–177.
  35. Hassan 1960, s. 278.
  36. Bianquis 1998, ss. 94–95.
  37. 37,0 37,1 Bianquis 1998, s. 95.
  38. Bianquis 1998, ss. 95, 98–99.
  39. Hassan 1960, ss. 278–279.
  40. Bianquis 1998, ss. 95–96.
  41. Brett 2010, s. 560.
  42. Bianquis 1998, ss. 96–97.
  43. 43,0 43,1 Hassan 1960, s. 279.
  44. Bianquis 1998, ss. 100–101.
  45. Bianquis 1998, s. 101.
  46. Kennedy 2004, ss. 174, 177.
  47. Bianquis 1998, ss. 101–102.
  48. 48,0 48,1 Özaydın 2016, s. 328.
  49. Gordon 2000, s. 617.
  50. Kennedy 2004, s. 177.
  51. Bonner 2010, s. 335.
  52. Kennedy 2001, s. 152.
  53. Bowen 1928, ss. 25, 27.
  54. Kennedy 2001, ss. 152–153.
  55. Fields 1987, ss. 165–168.
  56. Kennedy 2001, s. 153.

Adabiyotlar

tahrir