Aluminiy oksidi
Aluminiy oksidi (Al2O3) — rangsiz kristall modda. Suyuqlanish harorati — 2072 °C, suvda erimaydi. Aluminiy oksidi amfoter oksiddir, konsentrlangan kislotalarda erib, aluminiy tuzlarini, ishqorlarda erib, aluminat kislota tuzlari — aluminatlarni hosil qiladi. Aluminiy oksidining har xil tarkibli gidratlangan (suvli) shakllari maʼlum. Aluminiy gidroksidga gidrargilit (gibbsit) va sunʼiy yoʻl bilan olinadigan bayerit kiradi. Aluminiy oksidi aluminiy olishda ishlatiladi, aluminiy oksidining oʻzi esa boksit, nefelin va kaolindan olinadi. Tabiatda aluminiy oksidi kristallari korund, yoqut va sapfir hollarida uchraydi; korund nihoyatda qattiq boʻlganidan qayroqtosh va jilvir sifatida, yoqut va sapfir zargarlikda ishlatiladi. Aluminiy oksididan oʻtga chidamli material va buyumlar tayyorlashda ham foydalaniladi[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |