Amerika Konfederativ Shtatlari, shuningdek, Konfederatsiya shtatlari, AKSh, Konfederatsiya yoki Janubliklar (inglizcha: The Confederate States of America, CSA, The Confederacy, the South) – 1861–1865-yillarda Shimoliy Amerikaning janubiy qismida, hozirgi Amerika Qoʻshma Shtatlari tarkibida de-fakto mustaqil (1862–1863-yillarda Britaniya imperiyasi va Fransiya tomonidan deyarli tan olinishiga erishgan, lekin Gettysburg yaqinidagi jangdan soʻng hech qaysi davlat tomonidan tan olinmagan) davlat[1]. Janubiy shtatlar konfederatsiyasi 13 janubiy quldorlik shtatlarining Amerika Qoʻshma Shtatlari tarkibidan chiqishi natijasida yuzaga kelgan[1][2]. Amerika fuqarolar urushi shimol, yaʼni AQSh va janub, yaʼni AKSh oʻrtasidagi urushdir. Urushdagi magʻlubiyatdan soʻng Konfederatsiya tarix sahnasidan ketgan. Shundan soʻng, AQSh harbiy kuchlari tomonidan egallangan Konfederatsiya shtatlari „janub rekonstruksiyasi“ jarayonida AQSh tarkibiga reintegratsiya qilingan.

Amerika Konfederativ Shtatlari
Confederate States of America
Shior„Bizning qasoskorimiz Xudo panohida“
lotincha: Deo vindice
Madhiya: „I Wish I Was in Dixie
Location of Amerika Konfederativ Shtatlari
Poytaxt Montgomery (1861)
Richmond (1861—1865)
Danville (1865)
Eng katta shahar Yangi Orlean
Rasmiy til(lar) ingliz tili
Hukumat Konfederativ Prezidentlik Respublikasi, etnokratiya
• Prezident
Jefferson Davis
Alexander H. Stephens
Maydon
• Butun
1 995 392 km2
Aholi
• 1865-yilgi roʻyxat
9 103 332 kishi
Pul birligi Konfederatsiya dollari
Qisqartma
  • CSA
  • C.S.
  • Confederacy

Tashkil topish tarixi

tahrir
 

Ajralib chiqish tarafdorlarining birinchi yigʻilishi 1860-yilning 22-noyabr kuni Janubiy Karolina shtatining Abbeville shahrida oʻtkazilgan. Amerika Konfederativ shtatlari 1861-yil 4-fevralda, AQSh prezidentlik saylovlarida gʻoliblikni Avraam Linkoln (janubiy shtatlar iqtisodiyotining asosini tashkil qiladigan qullikning yangi hududlarga tarqalmasligi va taqiqlanishi tarafdori) qoʻlga kiritganligi eʼlon qilingandan soʻng 6 ta janubiy shtatlar (Janubiy Karolina, Missisipi, Florida, Alabama, Jorjiya va Luiziana) tomonidan tashkil etilgan[3][4][5].

Yuqoridagi shtatlar va 2-mart kuni ular bilan birlashgan Texas AQSh tarkibidan chiqishini va 1787-yilda qabul qilingan konstitutsiyaga muvofiq federal hukumatga berilgan barcha vakolatlarni qaytarib olishini eʼlon qilgan. Ushbu vakolatlarga oʻz hududlari tarkibida boʻlgan harbiy qal’alar, portlar va bojxona ustidan toʻliq nazorat, boj va soliqlarni undirish kirar edi.

Konfederativ shtatlar tashkil topganidan 1 oy oʻtib, 4-mart kuni, AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln prezidentlik qasamyodini qabul qilgan. Oʻzining inauguratsiya nutqida u AQSh janubiy shtatlar hududiga bostirib kirmasligini, lekin federal vakolatlar ustidan nazoratni saqlab qolish uchun kuch ishlatishga tayyor ekanligini aytib oʻtgan.

1861-yil 12-aprel kuni general Pierre Gustave Toutant-Beauregard boshchiligidagi Janubiy Karolina shtati qoʻshinlari Charlston portidagi Fort-Samter federal istehkomini portlatishgan va istehkom garnizonini kapitulyatsiya qilishgan. Ushbu voqeadan soʻng AQShda fuqarolar urushi boshlangan.

Samter istehkomining portlatilishidan soʻng Linkoln poytaxt va davlat himoyasi uchun, Samter va boshqa janubiy portlar ustidan nazoratni qayta tiklash uchun AQSh tarkibida qolgan shtatlarni harbiy kuch bilan yordamga kelishga chaqirgan. Linkolnning murojaatiga javoban yana 4 ta janubiy shtat (Virjiniya, Arkanzas, Tennessi va Shimoliy Karolina) AQSh tarkibidan chiqishini va Konfederatsiyaga qoʻshilishini eʼlon qilgan.

Kentukki va Missuri shtatlari AQSh tarkibidagi „chegara shtatlari“ sifatida qolishgan. Maʼlum muddat ushbu shtatlarda 2 ta hukumat mavjud boʻlgan. Biri AQShni qoʻllab quvvatlasa, ikkinchi hukumat Konfederatsiya tomonda edi. Ushbu ikki shtatda Konfederatsiyani qoʻllovchi hukumatlar oʻz hududlarini Konfederatsiya tarkibida deb eʼlon qilishadi va bu AKSh tarkibi 13 ta shtatga yetganligini bildiradi. Hali shtat maqomiga ega boʻlmagan hududlardan Arizona va Nyu-Meksiko Konfederatsiya tarkibiga qoʻshilishni soʻrashgan. Shuningdek Konfederatsiya indeyslar hududidagi 5 qabilalar – cheroki, chokto, chikaso va seminollar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan.

Hamma quldorlik shtatlari ham Konfederatsiya tarkibiga qoʻshilishmagan. Merilend va Delaver shtatlari buning misolidir.

Konfederatsiya shtatlari

tahrir
Shtat Bayroq AQSh tarkibidan chiqishi AKSh tarkibiga qoʻshilishi AQSh tomonidan egallanishi AQSh tarkibiga reintegratsiya qilinishi
Janubiy Karolina   1860-yil 20-dekabr 1861-yil 8-fevral 1865-yil 1868-yil 19-iyul
Mississippi   1861-yil 9-yanvar 1861-yil 8-fevral 1863-yil 1870-yil 23-fevral
Florida
 
1861-yil 10-yanvar 1861-yil 8-fevral 1865-yil 1868-yil 25-iyun
Alabama   1861-yil 11-yanvar 1861-yil 8-fevral 1865-yil 1868-yil 13-iyul
Jorjiya   1861-yil 19-yanvar 1861-yil 8-fevral 1865-yil 1-reintegratsiya 1868-yil 21-iyulda; 2-reintegratsiya 1870-yil 15-iyulda amalga oshirilgan
Luiziana   1861-yil 26-yanvar 1861-yil 26-yanvar 1863-yil 1868-yil 19-iyul
Texas   1861-yil 1-fevral 1861-yil 2-mart 1865-yil 1870-yil 30-mart
Virjiniya   1861-yil 17-aprel 1861-yil 7-may 1865-yil (Gʻarbiy Virjiniya — 1861-yil) 1870-yil 26-yanvar
Arkanzas   1861-yil 6-may 1861-yil 18-may 1864-yil 1868-yil 22-iyun
Shimoliy Karolina   1861-yil 20-may 1861-yil 21-may 1865-yil 1868-yil 4-iyul
Tennessi   1861-yil 8-iyun 1861-yil 2-iyul 1863-yil 1866-yil 24-iyul
Missuri   1861-yil 31-oktyabr 1861-yil 28-noyabr 1861-yil
Kentukki   1861-yil 20-noyabr 1861-yil 10-dekabr 1861-yil
Arizona   1861-yil 6-mart 1862-yil 14-fevral 1862-yil 1912-yil

Tarix sahnasidan ketishi

tahrir
 
Jorjiya shtatidagi Konfederatsiyaga oʻrnatilgan monument

4 yillik fuqarolar urushidan so‘ng Shimoliy Virjiniya armiyasi qo‘mondoni general Robert Lee 1865-yil 9-aprel kuni Appomattox shaharchasida AQSh armiyasining bosh qo‘mondoni general Ulysses Grantga taslim bo‘lgan. Ushbu hodisadan 6 kun oldin, 3-aprel kuni Konfederatsiya hukumati Richmondni tark etgan va Virjiniyadagi Danville shahriga ko‘chib o‘tgan edi. Ammo oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, 10-aprel kuni hukumat a’zolari bu shaharni ham tark etishga majbur bo‘lishgan. Aynan shu kuni Amerika Konfederativ Shtatlari amalda o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Qismatning istehzosi bilan, Jefferson Davis hukumatining soʻnggi yig‘ilishi 1865-yil 2-may kuni bo‘lib o‘tgan. Ushbu yig‘ilish aynan Janubiy Karolinaning Abbeville shahrida, ya’ni dastlab AKSh tarafdorlari uchrashuvi bo‘lib o‘tgan joyda oʻtkazilgan. Konfederatsiyaning sobiq prezidenti Jefferson Davis 10-may kuni hibsga olingan va bir yildan ko‘proq vaqtni qamoqda o‘tkazgan. Keyinchalik u davlatga xiyonatda ayblangan, ammo aybi isbotlanmagan.

Apreldan iyun oyigacha boʻlgan muddatda Konfederatsiyaning qolgan qo‘shinlari ham taslim bo‘lgan. So‘nggi bo‘lib, 1865-yil 6-noyabr kuni Shenandoah kemasi o‘z bayrog‘ini tushirgan.

Janubiy shtatlarni og‘ir va uzoq davom etgan Rekonstruksiya davri va AQSh tarkibiga qaytish jarayoni kutayotgan edi. Birinchi bo‘lib Tennessi (1866-yil 24-iyun), so‘nggi bo‘lib Jorjiya (1870-yil 15-iyul) shtatlari AQSh tarkibiga qayta qoʻshilgan.

Ijtimoiy-iqtisodiy holati

tahrir

Geografik joylashuvi

tahrir
 
 
Konfederatsiyaning 20 dollarlik kupyurasi
 
Konfederatsiya xaritasi

Amerika Konfederativ Shtatlarining shimoliy chegarasi Virjiniya, Kentukki, Missuri, indeyslar hududlari va Nyu-Meksiko hududining shimoliy chegaralari bo‘ylab o‘tgan. Davlatning g‘arbiy chegarasi Nyu-Meksiko va Arizona g‘arbiy chegaralari bilan belgilangan. Janubda AQShning Meksika bilan chegarasi boʻylab oʻtsa, sharqiy tomondan Meksika qo‘ltig‘i va Atlantika okeani bilan chegaralangan. Mamlakatning umumiy maydoni (Kentukki va Missurini hisobga olmaganda) 1 995 392 kvadrat kilometrni tashkil etgan va uning sohil chizig‘i 4 698 kilometr edi.

Amerika Konfederativ Shtatlarining asosiy qismi nam subtropik iqlim hududida joylashgan bo‘lib, qishlari mo‘tadil va yozlari uzun, issiq va yomg‘irli bo‘lgan.

1860-yilda Konfederatsiya shtatlarining aholisi 9 103 332 kishini tashkil etgan (shundan 3 millioni qullar) va asosan qishloq joylarda yashagan. Janubiy shaharlardan faqatgina Luizianadagi Yangi Orlean aholisi 168 675 kishidan iborat bo‘lib, AQShning eng yirik o‘nta shahri qatoriga kirgan (1860-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra).

Temir yo‘l tarmog‘i qo‘shimcha transport vositasi sifatida qurilgan bo‘lib, uzoqdagi plantatsiyalarni daryo va dengiz portlariga bog‘lagan. Janubning transport tizimidagi ushbu xususiyat Konfederatsiya uchun qiyinchilik tug‘dirgan: barcha yirik daryo yo‘llari AQSh nazoratiga o‘tib, temir yo‘llar ishdan chiqqach, Konfederatsiya qo‘shinlarining harakatlanishi ancha qiyinlashgan.

Iqtisodiy holat

tahrir
 
Konfederatsiyaning 100 dollarlik kupyurasi

Qishloq xoʻjaligiga yoʻnaltirilgan iqtisodiyot janubiy shtatlar iqtisodiyotining asosini tashkil qilgan. Qishloq xoʻjaligining asosini yirik qulchilikka asoslangan plantatsiyalar tashkil qilgan. Janubda ishlab chiqarilgan asosiy mahsulotlar paxta, guruch, tamaki, shakarqamish va don edi.

Janubiy shtatlar AQSh sanoat mahsulotlarining bor-yo‘g‘i 10 foizini, harbiy maqsadlar uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarning esa atigi 3 foizini ishlab chiqargan. 1860-yilda kelajakda Konfederatsiyaga qo‘shiladigan shtatlar 155 million AQSh dollarlik mahsulot ishlab chiqargan. Agar shu vaqtda ular mustaqil davlat bo‘lganida, ular boylik bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turgan boʻlardi.

AQSh eksportida janubiy shtatlarning ulushi 70 foizni tashkil etgan. Eng asosiy eksport mahsuloti paxta edi. Konfederatsiya o‘zining paxta bozoridagi deyarli monopol mavqeidan foydalanib yevropalik davlatlarni (ayniqsa, Buyuk Britaniya va Fransiyani) o‘z mustaqilligini tan olishga undamoqchi bo‘lgan. Masalan, 1860-yilda sanoat inqilobining flagmani bo‘lgan Angliyaning to‘qimachilik sanoati uchun zarur bo‘lgan paxtaning asosiy qismi Liverpul porti orqali olib kirilgan. Xomashyoning 80 foizdan ortig‘i Amerika janubidagi shtatlardan kelib tushgan edi. Konfederatsiya yetakchilari Buyuk Britaniyaga bosim o‘tkazish maqsadida paxta eksportiga taqiq qo‘ygan. Bu paxta narxlarining keskin ko‘tarilishiga olib kelgan. Natijada, import ham keskin kamaygan. Agar 1860-yilda Angliyaga 2,6 million paxta qoplari kiritilgan bo‘lsa, 1862-yilda bu raqam 72 mingdan kam boʻlgan. 1862-yil oxiriga kelib Angliyadagi to‘qimachilik fabrikalari ishchilarining taxminan yarmi ishdan bo‘shatilgan. Ishsizlik, ocharchilik va isyonlar Angliyaning shimoliy hududlarini qamrab olgan.

1862-yil aprel oxirida Yangi Orleanning boy berilishi Konfederatsiya iqtisodiy tizimiga katta zarba bergan. Janubning asosiy porti dushman qo‘liga o‘tgan va endi investor o‘z paxtasini olish uchun dengiz blokadasini ikki marta — borishda ham, qaytishda ham yorib o‘tishi kerak edi. Bu esa xorijiy kreditlar oqimini sezilarli darajada kamaytirgan.

Xorijiy kreditlarning kamayishi Konfederatsiya hukumatini qog‘oz pullarni koʻproq chiqarishga majbur qilgan. Urush davrida chiqarilgan qog‘oz pullarning umumiy miqdori 1,7 milliard dollarni tashkil etgan. Urush oxiriga kelib, Konfederatsiya dollari o‘z qiymatini yo‘qotgan va AQSh dollariga nisbatan 1 sentlik oltin qiymatiga tushgan. Giperinflyatsiya kuchayib borgan, chunki mahalliy hokimiyat organlari o‘z pullarini chiqarish huquqiga ega edi va sodda ishlangan janub dollarlarini qalbakilashtirilishi ham oson edi. Fuqarolar urushi yillarida janubda narxlar o‘rtacha 4000 foizga, shimolda esa atigi 60 foizga oshgan.

Urush davrida paxta ishlab chiqarish hajmi 4,5 million qopdan (har biri 500 funt) 0,3 milliongacha kamaygan. Eng yaxshi yerlar oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan yoki tashlab qo‘yilgan. Shtatlar qonunchilik organlari don va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rag‘batlantiruvchi qarorlar qabul qilgan. Konfederatsiya armiyasi va shaharlarida yuzaga kelgan oziq-ovqat taqchilligi asosan ishlab chiqarish pasayishi emas, balki transport va moliyaviy tizimlarning buzilishi sababli yuzaga kelgan.

   
AKShning 5 dollarlik kupyurasi,
Richmond, 1861-yil.
AKShning 3 dollarlik kupyurasi,
Yangi Orlean, 1860-yil

Adolatli soliqlar masalasi janubiy shtatlarning parchalanishiga sabab bo‘lgan asosiy omillardan biri edi. Ko‘p yillar davomida janubliklar shimolga foyda keltiruvchi federal proteksionistik soliq stavkalari va yuqori import bojlaridan norozi bo‘lib kelishgan. Amerika Konfederatsiyasi Konstitutsiyasi hukumatga bir sohaga zarar yetkazadigan soliqlarni o‘rnatishni taqiqlagan. Konfederatsiya va AQShdan tashqaridan olib kirilgan mahsulotlarga boj 10 % etib belgilangan, AQShdan olib kelingan mahsulotlarga esa bir necha baravar yuqori bo‘lgan. Ammo amalda bu bojlar deyarli yig‘ilmagan.

Amerika Konfederatsiya Shtatlarining valyutasi Konfederatsiya dollari edi. Deyarli barcha banklardagi oltin va kumush zaxiralari Konfederatsiya g‘aznasida yig‘ilgan va urushning boshida harbiy xarajatlarni qoplash uchun Yevropaga jo‘natilgan.

Qog‘oz pullarni chiqarish shtat hukumatlari nazoratida edi. Markaziy hukumatning faqat tangalar chiqarishga ruxsati bo‘lgan, ammo qimmatbaho metall yetishmasligi sababli tangalar deyarli chiqarilmagan.

Hukumat va davlat ramzlari

tahrir

1861-yil 11-martda qabul qilingan Amerika Konfederativ Shtatlari konstitutsiyasi ko‘p jihatdan AQShning 1787-yilgi konstitutsiyasi va 1777-yilgi Konfederatsiya konstitutsiyasini takrorlagan, ammo markaziy hukumat vakolatlarini keskin cheklagan va qulchilik institutini himoya qilgan edi.

Ushbu konstitutsiya janubiy shtatlarning AQSh federal hukumatiga nisbatan barcha noroziliklarini o‘zida aks ettirgan. Masalan, Konfederatsiyada proteksionistik muhit o‘rnatish va bir shtatda yig‘ilgan mablag‘ni boshqa shtat infratuzilmasini rivojlantirishga sarflash taqiqlangan edi.

 
Jefferson Davis
Amerika Konfederativ Shtatlari prezidenti (1861—1865)

AQSh konstitutsiyasining dastlabki 10 ta tuzatmasi Konfederatsiya konstitutsiyasining ajralmas qismi edi. Prezidentga ayrim shtat qonun chiqaruvchi majlislarining qarorlariga veto qo‘yish huquqi berilgan. O‘z navbatida, shtatlarning qonun chiqaruvchi organlariga ba’zi holatlarda markaziy hukumat a’zolariga nisbatan impichment qilish huquqi berilgan.

Konfederatsiya konstitutsiyasining AQSh konstitutsiyasidan eng muhim farqi qulchilikka munosabatida edi. Konfederatsiya kongressiga qulchilik tarqalishini cheklovchi, qullarni musodara qiluvchi yoki qul egalari mulkiga zarar yetkazuvchi qonunlarni qabul qilish qat’iyan man etilgan edi.

Konstitutsiya yaratuvchilari xalqaro qul savdosiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiq yo‘qligi Konfederatsiyaning xalqaro mavqeiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligidan xavotirda edilar. Shu bilan birga, AQShga qo‘shilgan qulchilik shtatlarini o‘z tomoniga jalb qilmoqchi edilar. Shuning uchun Konfederatsiya konstitutsiyasiga ko‘ra, AQShga tashqaridan qullarni import qilish taqiqlangan, ammo Konfederatsiya va AQSh o‘rtasida qul savdosiga ruxsat berilgan edi.

Ijro etuvchi hokimiyatni 6 yillik muddatga saylanadigan prezident boshqarardi. Amerika Konfederativ Shtatlarining birinchi va yagona prezidenti Missisipidan chiqqan siyosatchi Jefferson Davis, vitse-prezident esa Alexander Stephens edi. Tashqi ishlar vazirligini esa Konfederatsiya davlat kotibi boshqargan.

AQShda bo‘lgani kabi Konfederatsiyada ham qonun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatadan — Senat va Vakillar palatasidan tashkil topgan kongress tomonidan boshqarilgan. Shtat qonun chiqaruvchi organi Senatga ikki kishini yuborgan, Vakillar palatasi esa shtat fuqarolarining ovozi bilan proporsional tarzda shakllantirgan.

Rasmiy ravishda Konfederatsiyaning sud hokimiyati Oliy sud tomonidan boshqarilgan, lekin harbiy davr qiyinchiliklari tufayli ushbu sud tuzilmasi shakllanmagan. Mahalliy sudlar va shtatlar sudlari esa avvalgi tartibda ishlashda davom etgan va AQSh emas, balki Amerika Konfederativ Shtatlari hukumatini tan olgan.

Konfederatsiyaning poytaxtlari quyidagicha o‘zgarib borgan: Montgomeri, Alabama (1861-yil 4-fevral — 29-may), Richmond (1861-yil 29-may — 1865-yil 3-aprel) va Danville, Virjiniya (1865-yil 3-aprel — 10-aprel).

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Tikkanen, Amy „American Civil War“. Encyclopedia Britannica (2020-yil 17-iyun). — „...between the United States and 11 Southern states that seceded from the Union and formed the Confederate States of America.“. Qaraldi: 2020-yil 28-iyun.
  2. Hubbard, Charles. The Burden of Confederate Diplomacy. Knoxville: University of Tennessee Press, 2000 — 55-bet. ISBN 1-57233-092-9. OCLC 745911382. 
  3. „Preventing Diplomatic Recognition of the Confederacy, 1861–65“. U.S. Department of State. 2013-yil 28-avgustda asl nusxadan arxivlangan.
  4. Thomas, Emory M.. The Confederate Nation: 1861–1865. Harper Collins, 1979 — 256–257-bet. ISBN 978-0-06-206946-7. 
  5. McPherson, James M.. This mighty scourge: perspectives on the Civil War. Oxford University Press US, 2007 — 65-bet. ISBN 978-0198042761.