Attraktantlar (lot. attraho – oʻzimga jalb qilaman) – hasharotlarni oʻziga jalb etuvchi tabiiy va sintetik kimyoviy moddalar. Bir hujayrali or-ganizmlarning A. odatda, ijobiy xemotoksisni vujudga kel-tiruvchi moddalar hisoblanadi. Masalan, saharoza va aminokislotalar turli xil harakatchan bakteriyalarni oʻziga jalb qiladi. Sikllik ATF esa zamburugʻlar (miksomitsetlar)ning tabiiy A. hisoblanadi. A. taʼsir qilish doirasi bir necha mm dan bir necha km gacha boradi. Hozirgi kunda hasharotlarning A. juda yaxshi oʻrganilgan. Bular 3 asosiy guruhga boʻlinadi: hasharotlarning muayyan jinsiga; ozuqa moddaga va tuxum qoʻyish muhitiga jalb qiluvchilar. Birinchi guruh moddalari – jinsiy A. yoki feromonlardir. Turli xil hasharotlarning 300 dan ortiq feromonlari yaxshi oʻrganilgan. Bular asosida juda koʻp sintetik feromonlar ham yaratilgan. Jinsiy feromonlar haddan tashqari kam miqdorda ham ta’sir koʻrsatish xususiyatiga ega. Erkak ipak qurti jinsiy A. 1 sm3 havoda konsentratsiyasi 19 g miqdorida ham oʻziga jalb qilish xususiyatini saqlaydi. Hasharotlarning ozuqa manbaiga jalb kiluvchi A. (ozuqa A.) organizmlar oziqlanadigan ovqat hidiga ega boʻladi. Ipak qurtining tut barglari bilan oziqlanishga jalb qiluvchi A. asosini bir qator kimyoviy moddalar bilan bir qatorda boshqa oʻsimliklarda deyarli uchramaydigan morin moddasi tashkil qiladi. Koʻpchilik hollarda ozuqa A. sifatida bitta emas, balki bir nechta moddalar birgalikda ishtirok etadi. Hasharotlarni tuxum qoʻyish joyiga jalb qiluvchi A. guruhi, mas, daraxtlarning poʻstlogʻidan ajraladigan uchuvchan moddalar poʻstloqxoʻr qoʻngʻizlarni, issiqqonli hayvonlar ajratadigan karbonat angidrid gazi qon soʻruvchi hasharotlarni oʻziga jalb qilishi aniqlangan.Oʻsimliklarni himoya qilishda feromonlardan foydalaniladi. A.ni insektitsidlar bilan birgalikda ishlatish juda samarali. Zararkunandalar har bir avlodining rivojlanishini, entomofaglarni dalaga qoʻyish muddatlarini belgilash va kimyoviy kurash choralarini qoʻllashga zaruratni aniqlashda A. katta ahamiyatga ega.Abdukarim Zikiryoev.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil