Aybsizlik prezumpiyasi (lotincha: praesumptio – taxmin, gumon soʻzidan olingan) – shaxs huquqlari himoyasini taʼminlab beruvchi, asossiz ayblash va jazolashning oldini oluvchi jinoyat protsessining umumiy demokratik tamoyillaridan biri hisoblanadi. Baʼzan lotincha Ei incumbit probatio qui dicit, non qui negat (isbotni rad etuvchi emas, balki taʼkidlovchi berishi kerak) iborasi bilan ifodalanadi.

Aybsizlik prezumpsiyasi – aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha, uni aybsiz deb faraz qilish. Gumon qilinuvchi, aybla-nuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda na-zarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas yoki oʻzini aybdor deb koʻrsatish ham qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlanmaguncha uni aybdor deb boʻlmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi JPKling 23-moddasida koʻrsatilishicha, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni barta-raf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sud-lanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qoʻllanilayotganda ke-lib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudla-nuvchining foydasiga hal qilinishi kerak[1] .


Aybsizlik prezumpiyasining asosida umumiy, keng eʼtirof etilgan axloq normasi yotadi, unga muvofiq har bir kishi aybdorligi isbotlanmaguncha aybsiz deb gumon qilinishi lozim.

Aybsizlik prezumpsiyasi Aybdorlik prezumpsiyasi
Inson aybi isbotlanmaguncha aybdor emas! Inson aybdor, aksi isbotlanmaguncha.

Aybsizlik prezumpiyasi sudya, tergovchi yoki prokurorning shaxsiy fikrini bildirmaydi, xolis huquqiy xolatni anglatadi. Tergov organlari shaxsga ayb qoʻyish bilan uni ayblanuvchi deb hisoblaydilar, lekin xali uning aybdorligini isbotlash lozim. Qonunga muvofiq, shaxsning aybdoligini belgilash ayblanuvchining qonuniy huquq va manfaatlari va ayblov dalillarining tekshirilishi samarali darajada kafolatlanadigan sud bosqichida ishni koʻrib chiqish orqali amalga oshirilishi kerak. Ayblanuvchi ayblov hukmining eʼlon qilinishi va uning qonuniy kuchga kiradigan vaqtgacha aybsiz hisoblanadi. Aybsizlik prezumpiyasi isbotlanishi mumkin boʻlmagan barcha gumonlar ayblanuvchining foydasiga xal boʻlishi kerak, yaʼni birovning jinoyat qilganlikda aybdorligi isbotlanmasligi uning aybsizligi isbotlanganligiga tengdir.


Aybsizlik prezumpsiyasi jinoyat huquqining muhim prinsiplaridan biri hisoblanadi. Unga koʻra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Mazkur prinsipning yana bir muhim xususiyati shundaki, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas[2].

Aybsizlik prezumpsiyasi xalqaro huquq normalarida hamda milliy qonunchiligimizda oʻz aksini topgan. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 11-moddasida uning har bir shaxsga berilgan daxlsiz huquq ekanligi qatʼiy belgilab qoʻyilgan: „Jinoyat sodir etganlikda ayblangan har bir inson himoya uchun barcha imkoniyatlar taʼminlangan holda, ochiq sud majlisi yoʻli bilan uning aybi qonuniy tartibda aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishga haqlidir“. Shuningdek, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi Xalqaro Paktda hamda Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Yevropa Konvensiyasida ham mazkur prinsipning alohida qoida sifatida belgilangan.

Yevropada aybsizlik prezumpsiyasi tamoyili

tahrir

Aybsizlik prezumpsiyasining ilk belgilari qadimgi yahudiy qonunlarida boʻlgan. Shuningdek, Qadimgi Rimhuquqi bilan bogʻlangan boʻlib, XII-asr Italiya huquqida aybsizlik prezumpsiyasi rasman amal qilgan. Bu davrda aybsizlik prezumpsiyasining qoʻllanishi bugun talqin etiladigan darajada keng boʻlmagan. Yaʼni, hamma ham bu huquqdan foydalana olmagan. Prezumpsiyaning bu shakli tanlov prezumpsiyasi deb atalgan. Undan faqat sharafli, namunali hayot kechirgan hamda yaxshi xulq-atvori bilan tanilgan insonlar, asosan, jamiyatning obroʻli vakillari foydalana olgan, xolos. Tanlov prezumpsiyasining mazkur cheklangan funksiyasi Kontinental Yevropa maktabida shakllangan. Bunga qarshi oʻlaroq, aybsizlik prezumpsiyasining barcha uchun teng boʻlishi kerakligi haqidagi nazariya Kanonikal huquqda vujudga kelgan. Mazkur maktab vakillari oʻz qarashlarini inson fitratan gunohsiz boʻladi, shuning uchun prezumpsiyani barchaga qoʻllash kerak, deya asoslashgan. XV-asrga kelib, Italiyaning oʻzida aybsizlik prezumpsiyasining barcha uchun teng umumiy prinsip ekanligi eʼtirof etila boshlangan.

Shuningdek, Anglo-Amerikan huquq maktabida ham aybsizlik prezumpsiyasi parallel tarzda rivojlanib borgan. Aybsizlik prezumpsiyasining bugungi kundagi qiyofasi Uygʻonish davriga kelibgina aniq shaklga ega boʻldi. U qonuniy prinsip sifatida ilk marotaba 1789-yilda qabul qilingan Inson huquqlari toʻgʻrisidagi Fransiya deklaratsiyasida oʻz ifodasini topdi. XVIII-asrning 2-yarmida aybsizlik prezumpsiyasi har bir insonga kafolatlangan asosiy konstitutsiyaviy huquq sifatida toʻla eʼtirof etildi. Uning zamonaviy qonun tizimlarida qatʼiy oʻrnatilishi XIX-asrda yuz berdi. Lekin barcha jabhalarda inson huquqlari toʻla eʼtirof topgan XX asrda ham aybsizlik prezumpsiyasini inkor qiluvchi tuzum va davlatlar mavjud edi. Masalan, 30-yillarda Italiya va Germaniyada hukm surgan fashistlar diktaturasi bu prinsipni rasman inkor etdi. Ikkinchi jahon urushi davrida mazkur davlatlarda millionlab odamlarning sudsiz, hukmsiz qatl etilgani tarixiy haqiqatdir.

AQSHda Aybsizlik prezumpsiyasi tamoyili

tahrir

Aybsizlik prezumpsiyasi tamoyili Amerika Qoʻshma Shtatlari qonunchiligiga 1894-yili AQSH Oliy sudi tomonidan koʻrilgan The US vs. Coffins ishi orqali kirib keldi. Oʻshanda quyi instansiya sudining prisyajniylar hay’atiga ayb isbotlanmaguncha ayblanuvchilar begunoh boʻlishi kerakligi haqidagi koʻrsatmani bermagani aniqlangan edi. Mazkur ish yuzasidan chiqarilgan AQSH Oliy sudi qarorida aybsizlik prezumpsiyasi oʻz ifodasini topadi: "Qonun jinoyat qilganlikda ayblangan shaxslarni ularning aybi aniq faktlar bilan isbotlanmagunga qadar aybsiz deb hisoblaydi". AQSH Konstitutsiyasida aybsizlik prezumpsiyasi maxsus moddalar bilan eʼtirof topmagan boʻlsada, lekin 5, 6 hamda 14 -qoʻshimchalarda bu prinsipning amal qilishi belgilab qoʻyilgan. Buyuk Britaniyada aybsizlik prezumpsiyasi Angliya fuqarolar urushidan soʻng qaror topdi. Bu davrda qamoqdagi asirlar uchun maxsus himoya vositalarini ishlab chiqish taqozosi aybsizlik prezumpsiyasining shakllanishiga turtki boʻldi. Lekin amalda bu muhofaza choralaridan, asosan, puldor qatlam foydalana olgan, xolos. XVIII-XIX-asrlarda Angliyada oddiy fermerlar, ishchilar hamda kambagʻallardan iborat mahbuslar uchun aybsizlik prezumpsiyasining amal qilishi afsonaday gap edi. Mahalliy sudlarda jinoyatlar, asosan, majburlov yoʻli bilan ayblanuvchilar boʻyniga qoʻyilar, yarim soatga ham choʻzilmaydigan sud ishlarida mahbuslarni osongina darralash, surgun qilish va hatto, osishga ham hukm qilib yuborilaverar edi. XIX-asr mobaynida ishchilar sinfining siyosiy qarshiliklariga javoban Britaniya hukumati kuchli politsiya rejimini hamda qamoq tizimini joriy etadi. Lekin, harqalay, jiddiy tekshirish, guvohlarni chaqirtirish, politsiya tekshirishlarini shubha bilan oʻrganish kabi jarayonlarni oʻz ichiga oluvchi rasmiy sudlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ammo XIX-asr oxirigacha va hatto XX-asrda ham sud ishlarida dalillarni soxtalashtirish, guvohlarni qoʻrqitish va ayblanuvchilar boʻyniga jinoyatlarni majburlab qoʻyish kabi holatlar kamaymagan. Bularning barchasi, albatta, aybsizlik prezumpsiyasi talablariga tamomila zid edi.

Angliya maktabi

tahrir

Avstraliyaga sud-huquq tizimi, jumladan, aybsizlik prezumpsiyasi tamoyili bevosita Angliyadan kirib kelgan. Shu boisdan aybsizlik prezumpsiyasining shakllanishi bu yerda ham Angliyadagi kabi kechgan. Avstraliya aholisining qashshoq qatlami dastlab aybsizlik prezumpsiyasi himoyasidan foydalana olmagan. Bu prinsipning amal qilishi, hatto, XX-asr soʻnggi choragida ham jiddiy toʻsiqlarga duch keldi. Yangi Janubiy Uels shtati sudining oʻtkazgan tadqiqotiga koʻra, 80-yillarning boshida jinoyat ishlarining 96 foizida ayblanuvchilar boʻyniga jinoyatlar politsiyaning majburlashi bilan qoʻyilgan. Oʻtkazilgan tekshiruvlar yana Avstraliyaning boshqa shtatlarida ham 80, 90-yillarda tergovlarda soxta dalillar, majburiy tan oldirishlar sodir etilganligini koʻrsatgan.

Hukumatlar turli holatlarda aybni isbotlash mas’uliyatini aybsizlik prezumpsiyasiga zid ravishda talqin etganlar. Lekin, baribir, asosiy taomil sifatida politsiyaga yuklangan aybni isbotlash mas’uliyati oʻzgarmagan. 1935-yil Angliyada koʻrilgan mashhur Woolmington ishida „oltin qoida“ sifatida qabul qilingan eʼtirofga koʻra, mahbusning aybini isbotlash ayblovchilar zimmasidagi burch sifatida belgilab qoʻyilgan. Mahbusni ayblash uchun esa shubhaning mavjud boʻlishi talab qilingan.

Oʻzbekiston qonunchiligi

tahrir

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga koʻra, "Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora koʻrib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga oʻzini himoya qilish uchun barcha sharoitlar taʼminlab beriladi".

Shuningdek, mustaqillikdan soʻng yangi ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida ilk marotaba jinoyat protsessining xalqaro huquqiy normalariga mos keladigan tamoyillari mustahkamlandi: aybsizlik prezumpsiyasi, sud protsessi tortishuvga asoslanganligi, himoya huquqini taʼminlash va boshqalar. Yangi Jinoyat-protsessual kodeksida himoya huquqi nafaqat eʼlon qilindi, balki sud ishining dastlabki bosqichidan, yaʼni shaxs jinoyat sodir etishda gumon qilinib, qoʻlga olingan vaqtdan boshlab amalga oshirilishi taʼminlandi. Jinoiy sud ishini yuritishda prokurorning roli ham oʻzgardi. Tortishuv tamoyiliga binoan prokuror protsessda teng huquqli tomonlardan biriga aylandi va sudni nazorat qilish vazifasidan ozod etildi. Endilikda, JPKga muvofiq, sudda jinoiy ishlar koʻrib chiqilayotganda prokurorga davlat ayblovini qoʻllab-quvvatlaydigan idora vakolatlari topshirildi.

Aaybsizlik prezumpsiyasi bugungi kunda jinoyat huquqining muhim prinsipi sifatida umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq normalarida hamda Oʻzbekiston milliy qonunchiligida qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Asrlar osha shakllanish bosqichlarini oʻtagan bu tamoyil insonlarning nohaq jazolanishlarini oldini olishga, muhimi, jamiyatda adolat muvozanatini oʻrnatishga qaratilgan.

Ayblilik prezumpsiyasi

tahrir

Aybsizlik prezumpsiyasi toʻla shakllanish bosqichini oʻtab boʻlgan boʻlsada, biroq uni talqin etish borasidagi bahslar hali-hanuz mavjud. Ayrim huquqshunoslar fikricha, jamiyatda shunday jinoyatchilar ham boʻladiki, ularning aybini isbotlash amaliyotda juda qiyin, yaʼni bunday holatlarda aybsizlik prezumpsiyasini qoʻllash, garchi kuchli shubha mavjud boʻlgan taqdirda ham, foyda bermaydi. Ularning qarashicha, bunday vaziyatlarda ayblilik prezumpsiyasini qoʻllash kerak. Yaʼni jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs oʻzining aybsizligini isbotlab berishi kerak. Fuqarolik huquqlari boʻyicha ayrim faollar giyohvandlik, jinsiy zoʻravonlik, irqiy kamsitish, terrorizm kabi jinoyatlarda shu tamoyilni qoʻllash kerak, deb hisoblashadi. Lekin jamoatchilik va huquqshunoslarning aksariyati ayblilik prezumpsiyasining har qanday shakliga qarshi. Chunki bu prinsip demokratiya tamoyillariga zid boʻlib, unda oʻzining aybsizligini isbotlab bera olmagan insonning nohaq jazolanishi xavfi boʻladi.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Behzod Mamadiev. Aybsizlik prezumpsiyasi: Tarix va talqin[sayt ishlamaydi]

Havolalar

tahrir

Manbalar

tahrir