Bahrom Haydariy

Oʻzbekistonlik jurnalist va pedagog

Bahrom Haydariy (1900-yil; Toshkent — 1951-yil; Krasnoyarsk) — jurnalist va pedagog. Qatagʻon qurbonlaridan biri.

Bahrom Haydariy
Tavalludi 1900-yil
Vafoti 1951-yil
Krasnoyarsk shahri
Taʼlimi Oʻrta Osiyo davlat universiteti
Kasbi jurnalist va pedagog

Hayoti

tahrir

Bahrom Haydariy 1900-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Boshlangʻich tahsilni Toshkentning eski shahar qismidagi maktabda olgach, „Beklarbegi“ madrasasida oʻqishni davom ettirgan. Soʻngra, yangi usul maktabida taʼlim olgan[1].

Dastlab, oʻqituvchilar tayyorlash kurslarida, 1919—1921-yillarda esa avval Boku shahriga, keyin Istanbulga borib, muallimlar seminariyasida oʻqigan. Toshkentga qaytib, Oʻrta Osiyo davlat universitetining (hozirgi OʻzMU) Sharq boʻlimiga oʻqishga kirgan[2].

Haydariy Hamza, Oybek, Elbek, Akmal Ikromov, Abdulhay Tojiyev, Qayum Ramazon, Salimxon Tillaxonov, Mannon Uygʻur kabi madaniyat arboblari, adabiyotshunoslar, olimlar qatorida Munavvarqori Abdurashidxonovning shogirdi boʻlgan[3].

Faoliyati

tahrir

1921-yil Istanbuldan qaytgach, faoliyatini madaniy sohalarda davom ettirgan. Sanʼat muzeyida hamda Toshkent okrug ijroiya komitetida turli vazifalarga masʼul shaxs etib tayinlangan. 1925-yildan „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasida faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, „Yer yuzi“ jurnalining boʻlim mudiri sifatida ish olib borgan. Keyinchalik, „Oʻzbekkino“da faoliyat olib borib, tarjimonlik bilan shugʻullangan. Soʻng, Oʻrta Osiyo irrigatsiya injiner va texnikalari institutida talabalarga oʻzbek tili va adabiyotidan saboq bergan. Institutda Haydariy tashabbusi bilan „Oʻzbek tili va adabiyoti“ kafedrasi tashkil etilgan.

Haydariy taraqqiyparvar, iqtisodchi Aziz Xoʻjayev bilan yaxshi munosabatda boʻlgan. Xoʻjayevning Germaniyada tahsil olib qaytgan doʻstlari Qiyomiddin Kiromiddin, Atoullo Sayfulmulk, Omonullo Nusratullo, shuningdek, xonanda Nazira Ahmedova, yozuvchi Kibalchich, Mansurbek Xudoyorxonov bilan boʻladigan doimiy davra suhbatlarda qatnashgan.

Ilmiy-adabiy merosi

tahrir

Bahrom Haydariy „Toʻgʻrul“ taxallusi bilan tanilgan. Uning hikoya va maqolalari matbuotda chop etilib turgan. 1916-yilgi Jizzax qoʻzgʻoloniga bagʻishlangan „Masjid gumbazlari ostidan“ filmini tahlil qilib, undagi kamchiliklarni yoritgan. 1926-yil „Yer yuzi“ jurnalining 10-sonida ijodkorning „Koʻrgulik“ hikoyasi chop etilgan.

Qatagʻon qilinishi

tahrir

1937-yil 15-noyabrda Bahrom Haydariy asossiz ishdan olingan. Oradan bir oy oʻtib, unga Turkiyada oʻqiganligi uchun ayblov qoʻyilib, Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi Tavda shahriga oʻn yil muddatga surgun qilingan. Najot ismli oʻgʻli surgunda ekanligida tugʻilgan. Bir necha yil davomida oilasidan uzoqda surgunda boʻlib, 1947-yil Sirdaryo viloyati Mirzachoʻl tumanida yashash uchun qaytishga ruxsat olgan. 1948-yil oʻgʻli va yaqinlari bilan yashirin ravishda koʻrishishga muvaffaq boʻlgan. Shu yili Haydariy ikkinchi bor hibsga olingan va Krasnoyarsk shahridagi Suxovo qishlogʻiga surgun etilgan. 1951-yil shu yerda vafot etgan[4].

Manbalar

tahrir
  1. „Bahrom Haydariy“. jadidlar.uz. Qaraldi: 16-mart 2025-yil.
  2. „Bahrom Haydariy“. tarix.sinaps.uz. Qaraldi: 16-mart 2025-yil.
  3. „Abdurashidxonov Munavvar qori“. arboblar.uz. Qaraldi: 16-mart 2025-yil.
  4. „BAHROM HAYDARIY“. jadid.uz. Qaraldi: 16-mart 2025-yil.