Pedagogika
Pedagogika (qadimgi yunoncha: παιδαγωγική) — tarbiya, taʼlim hamda maʼlumot berishning nazariy va amaliy jihatlarini oʻrganuvchi fanlar majmuasi. Pedagogika institutlari va ayrim boshqa oʻquv yurtlarida mutaxassislik dasturi asosida oʻrganiladigan oʻquv predmeti ham pedagogika deb yuritiladi.

Pedagogika fan sifatida bola tarbiyasining nazariy asoslari bilan shugʻullangan. Zamonaviy pedagogika bolalar bilan birgalikda kattalarning ham oʻquv-tarbiyaviy, madaniy hamda maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyasi bilan shugʻullanishni koʻzda tutadi.
Pedagogika tarbiya jarayonining qonuniyatlari, tarkibi va uni tashkil etish mexanizmlarini tadqiq etadi, tarbiyaviy va oʻquv ishlarining mazmuni, tamoyillari, ularni tashkil etish shakl, usul hamda yoʻsinlarini belgilab beradi.
Shaxsni tarbiyalash, oʻqitish va shakllantirish pedagogikaning asosiy funksiyasi hisoblanadi. Shaxsni tarbiyalash pedagogikadagi asosiy tushuncha sanalib, oila va jamiyatning barkamol shaxsni shakllantirishga yoʻnaltirilgan birgalikdagi faoliyatini anglatadi. Tarbiya yordamida inson shaxsining maʼnaviy jihatlarini qaror toptirish koʻzda tutiladi. Dunyoqarash, eʼtiqod, ezgulik, goʻzallik, yaxshilik, adolatga doir qarash va koʻnikmalarning shaxs sifatiga aylantirilishi tarbiya yordamidagina amalga oshiriladi. Insonlar orasida yashash, hayotda turmush kechirish va faoliyat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan bilim, koʻnikma va malakalar yigʻindisini oʻzlashtirishga qaratilgan faoliyat oʻqitish tushunchasini ifoda etadi. Oʻqitish natijasida shaxs zaruriy bilimlar bilan taʼminlanib, kelgusida turli darajadagi maxsus maʼlumotni olish imkoniga ega boʻladi. Tarbiyalash va oʻqitish natijasida odamda muayyan shaxs sifatlari shakllantiriladi. Shaxsni tarbiyalash va oʻqitish orqali oʻzida oldin boʻlmagan maʼnaviy-intellektual sifatlarga ega boʻladi. Bu hol shaxsning umri mobaynida uzluksiz davom etadi va uning rivojlanishiga omil boʻladi.
Inson va uni shakllantirishga doir fan sifatida pedagogika falsafa, etika, estetika, madaniyatshunoslik, psixologiya, iqtisodiyot, siyosatshunoslik, demografiya, tarix, adabiyot, tibbiyot, matematika va boshqa fanlar bilan uzviy bogʻliq. Pedagogika fani va amaliyoti taraqqiyotida bu fanlarning nazariy asoslari, tadqiqot metodlari, ilmiy xulosalarni aniqlash, tahlil qilish hamda umumlashtirish usullaridan foydalanadi.
Soha va tarmoqlari
tahrirPedagogikada taʼlim va tarbiya jarayonlarining qaysi jihatlarini oʻrganishdan kelib chiqadigan bir qancha soha va boʻlimlar mavjud. Oʻqitishning maqsadi, vazifalari, tamoyillari, usullari bilan shugʻullanadigan sohasi didaktikadir. Shaxsning axloqiy sifatlarini tarkib toptirish, unda eʼtiqod, dunyoqarash, axloq singari maʼnaviy jihatlarni shakllantirish masalalarini pedagogikaning tarbiya nazariyasi va amaliyoti tarmogʻi oʻz ichiga oladi. Taʼlim-tarbiyani tashkil etish, uyushtirish va uni boshqarish singari tashkiliy-pedagogik ishlar qonuniyati pedagogikaning maktabshunoslik sohasi tomonidan ishlab chiqiladi. Pedagogika hamisha muayyan yoshdagi, maʼlum hayotiy va aqliy tajribaga ega boʻlgan kishilar bilan ish koʻradi. Shuning uchun ham pedagogikaning qonuniyatlarini belgilashda taʼlim-tarbiya oluvchining yosh xususiyatlarini hisobga olish hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi. Shu sababli pedagogika oila pedagogikasi, maktabgacha taʼlim pedagogikasi, maktab pedagogikasi, kasb-hunar taʼlimi pedagogikasi, oliy taʼlim pedagogikasi, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash taʼlimi pedagogikasi kabi qismlarga boʻlinadi va umumlashtirilgan holda yosh pedagogikasi deb ataladi.
Ayrim oʻquv fanlarini oʻqitish qonuniyatlari va usullarini oʻrgatuvchi metodika (tadris) fanlari ham pedagogikaning sohalari hisoblanadi. Bularga nisbatan didaktika umumiy metodika hisoblanadi va har bir alohida predmeti metodikasi xususiy didaktika sanaladi. Ammo bu xil chegaralanish anchagina shartlidir. Chunonchi, adabiyot oʻqitish metodikasi didaktikaga nisbatan xususiy didaktika hisoblanadi, ayni vaqtda, u mumtoz adabiyot tarixini oʻrganish metodikasi, chet el adabiyotini oʻrganish metodikasi, xalq ogʻzaki ijodini oʻrganish metodikasiga nisbatan umumiy metodika vazifasini bajaradi. Xususiy metodikalar umumiy didaktikaga tayangan va uning nazariy umumlashmalariga asoslangan holdagina rivojlana oladi. Ayni vaqtda, har bir aniq fanga tatbiq etilgan didaktik qonuniyatlar oʻsha oʻquv predmetini oʻqitish tajribasidagi oʻziga xoslik bilan boyitiladi, umumiy jihatlarni konkretlashtiradi, har bir oʻziga xoslikda oʻqitishning universal jihatlarini namoyon etadi.
Pedagogikaning jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar rivojlanishining ruhiy-jismoniy xususiyatlarini, ularni tarbiyalash, oʻqitish va shakllantirishdagi oʻziga xosliklarini hisobga olib ish koʻradigan tarmogʻi defektologiyadir. Defektologiya bolaning qanday jismoniy nuqsonga egaligi hamda ularga beriladigan taʼlim-tarbiyaning yoʻnaltirilganligiga qarab tiflopedagogika, surdopedagogika, oligofrenopedagogika, logopediya singari tarmoqlarga boʻlinadi. Jahon yoki milliy tarbiya nazariyasi, didaktika fani hamda amaliyoti jamiyat taraqqiyotining turli davrlarida qanday mazmun-mundarija, shakl-shamoyil kasb etganligi, qaysi usul va shakllardan foydalanib ish koʻrganligi, qanday natijalarga erishganligi kabi masalalar pedagogika tarixi fani tomonidan tadqiq etiladi.
XX asr boshlaridan qiyosiy pedagogika fani pedagogikaning alohida tarmogʻi sifatida dunyoga keldi. Unda jahondagi turli xalqlarning pedagogik qarashlari va taʼlim-tarbiya tizimi qiyosiy-genetik yoʻsinda bir-biriga solishtirilgan holda oʻrganildi. Pedagogikaning bu tarmogʻi taʼlim-tarbiya borasidagi eng ilgʻor usul va yondashuvlarni solishtirish, maqsadga muvofiqlarini muayyan milliy pedagogik fan va amaliyotga tatbiq qilish imkonini beradi. Oʻzbekistonda hozircha qiyosiy pedagogika alohida fan sifatida shakllanmagan boʻlsa-da, bu borada jiddiy izlanishlar amalga oshirilgan.
Tarixi
tahrirPedagogika inson faoliyatining eng qadimiy turidir. U odam bilan birga paydo boʻlgan va odamning odamligini, uning oila, jamoa hamda jamiyat boʻlib yashashini taʼminlab turgan fan va amaliyotdir. Insoniyat mavjud tajribalarni oʻrganish va boshqalarga oʻrgatishni yoʻlga qoʻya boshlagan vaqtdan, yaʼni pedagogika paydo boʻlganidan buyon hamda shu tufayligina mavjuddir. Dastlab sof amaliy xarakterga ega boʻlgan va insoniyat koʻp yillar mobaynida orttirgan hayotiy tajribalarni yoshlarga qisqa muddatda oʻrgatishni koʻzda tutgan. Bu pedagogika udum, odat, anʼana tarzida namoyon boʻlgan. Shuning uchun ham oldin xalq pedagogikasi vujudga kelgan. Chunonchi, oʻzbek xalq pedagogikasiga muvofiq, kichik yoshdagilar kattalardan oldin taomga qoʻl uzatmaydi, koʻrishish uchun oldin katta qoʻl choʻzishi lozim, ota bilan masala talashilmaydi, kattalarga ran qaytarilmaydi va boshqalar.
Odamzodning hayotiy va aqliy tajribasi ortib, turmush kechirish tarzi xilma-xillashib, mehnat taqsimoti yuzaga kelib turli fanlar paydo boʻla boshlashi bilan pedagogika ham inson faoliyatining alohida sohasiga aylandi. Taʼlim va tarbiyaga doir qarashlar tizimi shakllandi. Lekin bular darhol pedagogik nazariy tizimlar sifatida emas, balki milliy fikr tarbiyaga daxldor qarashlar, aqidalar, hikmatlar tarzida namoyon boʻldi. Yozuv paydo boʻlishi bilan pedagogik qarashlar yozuvga koʻchiriladigan boʻldi. Antik davrdagi mutafakkirlarning taʼlim-tarbiya borasidagi fikrlari markazida yetuk insonni shakllantirishga intilish istagi turardi. Shumer, Misr, Xitoy, Hindiston va Oʻrta Osiyodagi turli madaniy-maʼrifiy obidalar moddiy madaniyat namunalarigina boʻlib qolmay, oʻz davridagi buyuk pedagogik meros hamdir. Qadim zamonlarda paydo boʻlgan pedagogik qarashlar koʻproq amaliy xususiyatga ega boʻlsa-da, keyinchalik pedagogikaning alohida fan sifatida shakllanishiga ulkan hissa qoʻshdi. Pedagogika insoniyatning axloq-odobi va maʼnaviyatigagina emas, balki aqliy rivojiga ham hal qiluvchi taʼsir koʻrsatgani sababli uning taraqqiyot darajasi jamiyatning ravnaqiga muvofiq tarzda roʻy berdi. Bir qancha mamlakatlarning rivojiga ham, boshqalarining esa qoloqligiga ham koʻpincha oʻsha mamlakatdagi pedagogikaning holati sabab boʻlgan. Xususan, Sharq xalqlari oʻz vaqtida eng qadimiy va ilgʻor pedagogik qarashlar tizimini yaratgan boʻlishlariga qaramay, shu tizimni zamona talablariga muvofiq tarzda takomillashtirib bormaganliklari uchun keyinchalik ilm-fan taraqqiyoti jihatidan qoloq holga tushib qoldilar.
Marksistik pedagogika
tahrirAytish kerakki, marksistik falsafa barcha ijtimoiy hodisalar kabi pedagogikani ham oʻzi oʻylab topgan ijtimoiy-iqtisodiy qoliplarga muvofiq tarzda izohlashga urinib keldi. Shundan kelib chiqib, pedagogikani partiyaviy-sinfiy xususiyatga ega deb qaraldi va turli sinflarning pedagogikasi bir-biridan jiddiy farq qiladi hamda oʻzaro qarama-qarshi boʻladi, deb izohladi. Shuningdek, marksistik yondashuvga koʻra, pedagogika ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalarga muvofiq boʻladi, yaʼni tuzum oʻzgarishi bilan tubdan oʻzgarib, oldingi pedagogik tizim toʻliq inkor etiladi. Holbuki, fan insoniyat tarixi marksizmda aytilgan besh formatsiyadan iborat emasligini koʻrsatdi. Binobarin, shunga moslab chiqarilgan xulosalarning sunʼiy va noilmiy ekanligi ayon boʻldi.
Oʻzbek pedagogikasi
tahrirOʻzbek pedagogikasi juda qadimiy tarixga ega boʻlib, uning dastlabki ildizlari Avestoda, Urxun-Yenisey bitiklariga, Selungur madaniyatiga borib taqaladi. Avestodagi ezgu fikr, ezgu soʻz va ezgu amal haqidagi, kishilarga koʻngil maʼrifati berish borasidagi qarashlar yozma milliy pedagogik qarashlarning dastlabki namunasi boʻlib, yetuk insonni shakllantirishga yoʻnaltirilgan. Milliy pedagogikaning taraqqiyotida islom dini va tasavvuf taʼlimoti hal qiluvchi oʻrin tutadi. Chunki Qurʼon, hadis va tasavvuf taʼlimotining markazida axloq, komil inson maʼnaviyatini shakllantirish turardi. Komil inson taʼlim-tarbiya yordamida, yaʼni pedagogika vositasida tarkib toptirilishi mumkin edi. Forobiyning fozil odamlari, Beruniy, Ibn Sino falsa-iy qarashlaridan oʻrin olgan yetuk shaxslar, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy asarlarida tasvirlangan benuqson odamlar, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab orzulagan komil inson oʻzbek pedagogikasining markazida turardi.
XVII asrdan boshlab, milliy pedagogikada taʼlim-tarbiyaning mohiyatiga emas, balki tashqi jihatlariga eʼtibor kuchaydi, turmush talablarini hisobga olmay, hayotiy zamindan uzilish sodir boʻldi. Natijada, jamiyat taraqqiyoti susaydi, ijtimoiy-siyosiy hayotda ham tanazzulga yuz tutildi. Pedagogikadagi biqiqlik, biryoqlamalik kishilar ruhiyatiga koʻchdi, undan ijtimoiy tartibotlar va siyosiy qurilmalarga oʻtdi. Butun bir davlat xonliklarga boʻlinib ketdi. Xonliklarning har birining ichida bir-biri bilan kelishmovchilik hamda oʻzaro janjallar avj oldi. Negaki, jamiyat va unda yashaydigan insonlarning maʼnaviy oʻrnaklari puxta tayin etilmagan edi.
Rossiya bosqini va shoʻrolar zamonida milliy pedagogika kuchli tanazzul davrini boshdan kechirdi. Toʻgʻri, ayni shu davrda u ilmning alohida sohasi sifatida tarkib topdi. Lekin shoʻro davridagi oʻzbek pedagogikasi toʻligʻicha gʻarbiy asoslarga qurilgan, begona tamoyillarga tayangan fan boʻldi. Unda millat maʼnaviy tajribasi, uning asrlar mobaynida shakllangan anʼanalari, ruhiy toʻlgamlari hisobga olinmagandi. Shuning uchun ham toʻliq dahriylik asosiga qurilgan begona pedagogika koʻzlagan natijalarga erisha olmadi.
Oʻzbekistonning mustaqillikka erishishi natijasida milliy ong boʻgʻuvdan, mafkuraviy qolipdan, buyruqqa muvofiq fikrlash zugʻumidan qutuldi. Bu hol pedagogikaning sogʻlom aql, milliy ruhiyat va anʼanalarga moye tarzda yoʻlga qoʻyilishiga imkon yaratdi. Bugungi oʻzbek pedagogikasi millat ruhiyatidagi nozik jihatlarni hisobga olgan va dunyo tarbiyashunosligidagi eng soʻnggi yutuqlarga tayangan qolda taraqqiy etmoqda. Zamonaviy oʻzbek pedagogikasida barkamol insonni shakllantirish rasmiy ravishda bosh maqsad qilib belgilangan. Bu pedagogika taʼlim-tarbiya jarayonida taʼlim oluvchi va tarbiyalanuvchilarning faol ishtirok etishlarini koʻzda tutadi. Bolalar, yoshlar pedagogik jarayonning obʼyektigina emas, balki subʼyekti, yaʼni ijrochisi ham ekanligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayni vaqtda, barcha pedagogik tadbirlar taʼlim-tarbiya oluvchilarning mustaqil fikrlashlarini taʼminlash, ularda tarbiyalanish va oʻqishga ehtiyoj uygʻotishga yoʻnaltirilgan holda tashkil etilmoqda. Bugungi oʻzbek pedagogikasi uchun muayyan bilimlar yigʻindisi emas, balki bola shaxsi bosh qadriyatga aylangan. Shuning uchun ham milliy pedagogikada faqat bilimli oʻquvchilar tayyorlashga emas, balki izlanuvchan, tashabbuskor shaxsni shakllantirishga asosiy eʼtibor berilmoqda.
Zamonaviy oʻzbek pedagogikasi rivojida E. Qodirov, Subutoy Dolimov, Q. Axmedov, Davron Shodiyev, Asqar Zunnunov, F. Musayev, J. Ikromov, Hokimjon Hoshimov, Joʻra Yoʻldoshev, Yusuf Abdullayev, N. Shodiyev, M. Quronov, L. Moʻminova, B. Qodirov singari olimlar tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari muqim oʻrin tutadi[1].
Manbalar
tahrir- ↑ „Pedagogika“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (P-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.
Adabiyotlar
tahrir- Pedagogika, Toshkent, 1996.
- Oʻzbek pedagogikasi tarixi, Toshkent, 1997.
- Sh. Qurbonov; E. Seytxalilov. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi: pedagogik tadqiqotlar yoʻnalishi va muammolari, Toshkent, 1999. ;
- Oʻzbek pedagogikasi antologiyasi, (tuzuvchilar: K. Hoshimov, S. Ochilov), 1–2-jildlar, Toshkent, 1995, 1999.
Havolalar
tahrirVikiiqtibosda Pedagogikaga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |