Oybarchin Bakirova

aktrisa, yuzdan ortiq kino va multfilm qahramonlariga ovoz bergan
(Bakirova Oybarchin Abbosovnadan yoʻnaltirildi)

Oybarchin Abbosovna Bakirova (1950-yil 27-iyun Andijon — 2020-yil 20-mart Toshkent) — aktrisa, yuzdan ortiq kino va multfilm qahramonlariga ovoz bergan[1]. Oʻzbekiston xalq artisti (2000).

Oybarchin Bakirova
Tavalludi 27-iyun 1950-yil
Vafoti 20-mart 2020-yil(2020-03-20)
(69 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi Oʻzbekiston
Otasi Abbos Bakirov
Mukofotlari

Tarjimai holi

tahrir

Oybarchin Bakirova 1950-yil 26-iyun kuni Andijonda sanʼatkorlar oilasida dunyoga kelgan. Abbos Bakirov va Qamara Burnashevalarning qizi. 1971-yili Toshkent davlat teatr va rassomlik sanʼati institutini „Drama va kino“ fakultetin tugatgan. Oybarchin Bakirova institutda aktrisalik mahorati boʻyicha X. M. Kojevnikov, sahna nutqi boʻyicha Nazira Aliyeva, sahna xarakteri boʻyicha Arsen Ismoilovlardan taʼlim olgan. 1971—1972-yillar Kattaqoʻrgʻon drama teatrida ishlagan. Oybarchin Bakirova 1973-yildan „Oʻzbekfilm“ kinostudiyasining aktrisasi boʻlib faoliyat yuritgan.

Oybarchin Bakirova oʻzbek sanʼatkorlari oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi Abbos Bakirov teatr va kino aktyori, onasi esa teatr aktrisasi va xonanda boʻlgan. Ular uzoq yillar Andijondagi musiqali drama teatrida faoliyat yuritgan.

Oybarchin Bakirova aktrisalikni birinchi kurs talabalik yillarida Anatoliy Qobulovning „Yoz yomgʻiri“(1968) filmida epizodik rol oʻynashdan boshlab, birin-ketin rollar ijro etgan. F.Zaynutdinovning „Orzular ogʻushi“ filmidagi Halima opa, F.Davletshinning „Amirning xufyona sayohati“ filmidagi Sharofat, A.Hamroyevning „Vodiylik kelin“dagi Nuriniso, R. Malikovning „Klinika“sidagi doktor Zaripovlar uning kinodagi birinchi rollari boʻldi. Uning koʻpchilik kinotomoshabinlarning nazariga tushishida kinorejissyor M. Abzalov boʻlgan, kinodramaturg R.Muhamadjonov ssenariyasi asosida 1986-yilda suratga olingan „Armon“ badiiy filmidagi Boyxotin roli katta muvaffaqiyatga erishgan. Oybarchin Bakirova ushbu roli uchun 1987-yil Oʻzbekiston kinomatografchilar taʼsis etgan „Billur kinokamera“ mukofoti bilan taqdirlangan. Oybarchin Bakirova Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasining dublyaj guruhlarida faol ishtirok etib, „Bahor tarovati“, Yoz yomgʻiri", „Mahobxorot“, „Muhammadun Rasululloh“, „Mirza Gʻolib“, „Muhabbat Qahvasi“, „Oshin“, „Ishq Ertagi“, „Aliya“, „Ishkomli uy“ singari kinoseriallarga ovoz bergan. Kinodagi eng yaxshi rollari: Surayyo („Orzular ogʻushida…“), vrach Valiyeva („Kasalxona“), Sarviniso („Vodillik kelin“), Xolida („Marhumga hurmat“), Gulsara („Ertangi kunga intilish“), Sharofat („Amirning xufiyona sayohati“), Zaynab xola („Alif Laylo“), Boyxotin („Armon“) va boshqa Shuningdek, telefilmlar („Gulobod va Feruz“, „Yoʻl boʻlsin“, „Nozigim“ hamda videofilmlar („Ayol zoti“, „Fazliy“)da ham rollar ijro etgan. Bakirova oʻz qahramonlarining milliy harakteri, taqdirini, ularning maʼnaviy goʻzalliklarini, ruhiy ulugʻvorligini, qaygʻu-alamlari, sevgi va vafosini, nozik his-tuygʻularini tomoshabinga yetkazishda oʻziga xos ijro uslubi bilan ajralib turadi[2].

Vafoti

tahrir

Oybarchin Bakirova 2020-yilda vafot etgan. Chigʻatoy qabristoniga dafn etilgan[3].

Mukofoti

tahrir

Oybarchin Bakirova 2000-yilda „Oʻzbekiston Xalq artisti“ unvoni bilan taqdirlangan.

Manbalar

tahrir