Sitorai Mohi xossa (malika)

malika
(Bibi Oyposhshodan yoʻnaltirildi)

Sitorai Mohi xossa (Bibi Oyposhsho, Podshoh bibi) — Buxoro xonligi malikasi. Oʻzbek hukmdori Subhonqulixonning (1680–1702) xotini. XVIII asrning boshida Buxoro va uning atrofida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari homiysi. „Bibi Oyposhsho“, „Podshoh bibi“ nomlari bilan ham mashhur boʻlgan.

Sitorai Mohi xossa
(Bibi Oyposhsho, Podshoh bibi)
Sitorai Mohi xossa
Buxoro xonligi malikasi
Hukmdor Subhonqulixon (1680—1702)
Ubaydullaxon (1702—1711)
Abulfayzxon (1711—1747)
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi XVII asrning 2-yarmida
Buxoro, Buxoro xonligi
Vafoti XVIII asrning 1-yarmi
Buxoro, Buxoro xonligi
Fuqaroligi Buxoro xonligi
Turmush oʻrtogʻi Subhonqulixon
Bolalari Ubaydullaxon
Abulfayzxon
Otasi Xoja Mir Abdulloh

Malika Buxoro xonligining soʻnggi mustaqil hukmdorlari — Ubaydullaxon va Abulfayzxonlarning onasi hamda Mangʻitlar oʻzbek sulolasi vakillarining amir Haydardan (1800–1826) boshlab barcha Buxoro amirligi hukmdorlarining bibikalonidir.

Malika tarixiy manbalarda „Davron Xadichasi“, „Zamon Bilqisi“ nomlari bilan ham ulugʻlangan. Uni manbalarda „Podsho Oyim“ nomi bilan atashmagan, lekin u dafn etilgan daxma shu nom ostida davlat muhofazasiga olingan.

Kelib chiqishi

tahrir

Sitorai Mohi xossa XVII asrning 2-yarmida Xoja Mir Abdulloh xonadonida Buxoroda tugʻilgan. Oliy tabaqaga mansub boʻlgan[1].

Hayoti

tahrir

Sitorai Mohi xossaning hayoti oddiy va oson kechmagan. Chunki bu paytda Ashtarxoniylar hokimiyati zaiflasha boshlagandi. Subhonqulixon (1680—1702) vafot etishi bilan mamlakatdagi inqiroz eng yuqori nuqtasiga koʻtarildi. Balx viloyati va uning atrofidagi hududlar alohida davlat boʻlib ajraldi. Fargʻona viloyatida Minglar oʻzbek sulolasining asoschisi Shohruxbiy (1709—1721) Qoʻqon xonligini tashkil qildi. 1711-yil mart oyida malikaning toʻngʻich oʻgʻli va Buxoro xonligi hukmdori Ubaydullaxon (1702—1711) fitnachilar tomonidan oʻldirildi. Davlat butkul parchalandi. Buxoro xonligi taxtiga taxminan 10 yoshlardagi malikaning ikkinchi oʻgʻli Abulfayzxonni (1711—1747) koʻtarishdi. Davlat boshqaruvi tizgini amalda bir necha qudratli amirlar qoʻliga oʻtib qoldi. Shundan soʻng Sitorai Mohi xossaning nomi Buxoro xonligi siyosiy kurashlari sahnasida paydo boʻldi. Abulfayzxonning hayoti yana kamida 15—20 yil doimiy xavf-xatarda turdi[1].

Bunyodkorlik ishlari

tahrir
 
Boloyi hovuz — Registondan qolgan yagona yodgorlik

Davlat ogʻir inqirozni boshdan kechirib turgan notinch sharoitda Sitorai Mohi xossa maʼrifiy hayotga eʼtibor qaratdi. Malika oʻz mablagʻlari evaziga davlat poytaxtining Registoni atrofidagi tijorat rastalarida savdo qiluvchi musulmonlarning ibodat qilishlariga qulaylik boʻlsin deb Arkning roʻparasida jomeʼ masjidini (xonaqoh) va kambagʻal miskinlar bemalol bilim olishlariga imkon yaratish maqsadida masjid atrofiga 19 hujra (18 hujra[2]) va alohida madrasani qurdiradi. Masjidning oldiga yigirma qayragʻoch ustunli va bir kayvonli ayvon solindi[2]. Bu joy oʻsha davrlardayoq Boloyi hovuz nomi bilan mashhur boʻldi[1].

Boloyi hovuz masjididan tashqari malika oʻz mablagʻidan Labi hovuzda sinchdan yana bir masjid qurdirgan. U tarixda Volidai xon masjidi nomi bilan atalgan. Hozirda saqlanib qolmagan[1].

Oʻlimi

tahrir
 
Bahouddin Naqshband majmuasidagi Daxmai shohon — Shohlar daxmasi (Podshohlar xilxonasi)

Sitorai Mohi xossa oʻlimidan soʻng Bahouddin Naqshband majmuasidagi Daxmai shohonda oʻzi marmar va gʻishtdan qurdirgan daxmaga dafn etilgan. Bu daxma foydasiga malika koʻplab vaqflar taʼsis etgan[3]. Rasmiylashtirilgan vaqf hujjatiga koʻra, Boloyi hovuzdagi inshootlar (masjid va madrasalar) va daxmaning taʼminotiga Hasanobod mavzesida 13 500 (15 000[1]) tanob yer vaqf etilgan. Yerdan tushadigan daromadning yarmi daxma foydasiga sarf etilishi kerak boʻlgan. Daxmaning taqsimoti 9 qismga boʻlinib quyidagicha sarf etilishi shart etilgan: har kuni bu yerga kelib Qurʼon tilovat qiluvchi 2 nafar hofizlarga 2 hissa; Iyd kunlari va har juma va dushanba kunlari bu yerga tashrif buyuruvchilarga osh pishirib berish uchun 5 hissa; daxmada kecha-kunduz goʻrbonlik (qorovullik) va farroshlik qilish uchun 2 nafar gʻulom (qul) va 2 nafar kanizaklarga (choʻrilarga) xizmat haqqi sifatida qolgan 2 hissa berilishi kerak edi[2]. Bu hissa ulardan keyin avlodlariga berib borilishi va ular otalarining vazifasini davom ettirishi kerak boʻlgan[1].

Oilasi

tahrir

Sitorai Mohi xossa Subhonqulixonning xotini boʻlib, ulardan Buxoro xonligining soʻnggi mustaqil hukmdorlari — Ubaydullaxon (1702—1711) va Abulfayzxonlar (1711—1747) dunyoga kelishgan[1].

Malikaning Abulfayzxondan boʻlgan nabirasi Shamsiya bonu Mangʻitlar oʻzbek sulolasining vakili Amir Shohmurodga (1785—1800) turmushga chiqadi. Shu tariqa, Amir Haydardan (1800—1826) boshlab barcha Buxoro amirligi hukmdorlari uning avlodlari boʻlishadi[1].

Nomini abadiylashtirish

tahrir
 
Sitorai Mohi xossa — Buxoro amirligi hukmdorlarining yozgi qarorgohi

Buxoro amirligi hukmdorlari tomonidan Buxoroga yaqin hududda barpo etilgan bogʻli yozgi qarorgoh ularning bibikalonlari nomiga Sitorai Mohi xossa deb nomlangan[1]. Qarorgoh ilgarilari malikaga tegishli boʻlgan bogʻlardan birida bunyod etilgan[2]. Hozirda bogʻli qarorgohning bir qismi saqlanib qolgan[4]. Boshqa bir qismida esa Sitorai Mohi xossa nomli sanatoriy faoliyat yuritib turibdi[5].

Bahouddin Naqshband majmuasidagi Daxmai shohonda Sitorai Mohi xossa dafn etilgan daxma "Podsho Oyim daxmasi" nomi ostida davlat muhofazasiga olingan, Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan[6]. Eng qizigʻi, tarixiy manbalarda ushbu malikaga nisbatan "Podsho Oyim" nomi umuman qoʻllanilmagan.

XX asrning birinchi yarmida daxmaning ustida biri Sitorai Mohi xossaga, ikkinchisi uning singlisiga atab qoʻyilgan, nafis oʻyilgan 2 koʻk marmar qabrtoshlari boʻlgan. Bu toshlar Buxoro osori atiqa qoʻmitasi tomonidan Buxoro muzeyiga topshirilgan[2]. Keyingi izlanishlar natijasida malikaga atab oʻrnatilgan qabrtoshga temuriy Sulton Ahmad Mirzoning (1469—1494) oʻgʻliga tegishli ekanini bildiruvchi yozuvlar oʻchirilib, Sitorai Mohi xossaga dahldorligini bildiruvchi yozuvlar bitilganligi aniqlangan. Qabrtoshi hozirda Bahouddin Naqshband majmuasidagi Doniyolbiy madrasasida tashkil etilgan muzeyda saqlanmoqda[3].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 1,8 Jumanazar 2017, s. 214—221.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 Saidjonov 2005, s. 32—33.
  3. 3,0 3,1 Bahouddin Naqshband tarixiy-meʼmoriy majmuasi 2019, s. 63—66.
  4. Kryukov 1980, s. 1—13.
  5. „Sitorai Mohi xossa sanatoriysi“. Sihatgoh.uz. 2022-yil 19-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 27-iyun.
  6. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2021-yil 28-oktyabr.

Havolalar

tahrir
Ushbu maqolani tinglang (7 daqiqa)
noicon
 
Bu audiofayl ushbu maqolaning 13-iyul, 2022-yil(2022-07-13) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Adabiyotlar

tahrir
  • Jumanazar A. K.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2. 
  • Kryukov K. S.. Sitorai Mohi xossa. Toshkent: Oʻzbekiston, 1980 — 13-bet. 
  • Saidjonov M. Y.. Buxoro shahri va uning eski binolari. Toshkent: Markaziy Osiyoni tadqiq qilish Fransuz instituti, 2005 — 54-bet. 
  • Yoʻldoshev N., Bobojonov Sh.. Bahouddin Naqshband tarixiy-meʼmoriy majmuasi. Toshkent: Navroʻz, 2019 — 116-bet. ISBN 978-9943-5655-8-6.