Vikipediya:Yil maqolalari
Yil maqolalari — har yili oʻtkaziladigan maqolalar tanlovi boʻlib, gʻoliblar yil yakunida ovoz berish yoʻli bilan aniqlanadi. Oʻz turkumida gʻolib boʻlgan maqolalar Vikipediya foydalanuvchilari tomonidan oʻtgan yil davomida yozilgan yoki toʻldirilgan eng yaxshi maqolalar deb topiladi. „Yil maqolalari“ tanlovi 2022-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.
Yilning barcha maqolalari sahifasining yuqori o‘ng burchagida „“ dafna novdalari bilan bezatilgan oltin yulduzcha bilan belgilab qoʻyiladi. Maqolani status uchun nomzodlikka qoʻygan foydalanuvchiga „Yil maqolasi“ tanlovi gʻolibi“ yulduzi topshiriladi.
Yil maqolalari
tahrirArman genotsidini inkor etish
Arman genotsidini inkor etish Usmonli imperiyasi va uning hukmron partiyasi Ittifoq va taraqqiyot qoʻmitasi (IJP) Birinchi jahon urushi davrida arman fuqarolariga qarshi genotsid qilmaganligi haqidagi daʼvodir. Shunday boʻlsa-da, ushbu jinoyat juda koʻp dalillar toʻplamida hujjatlashtirilgan va olimlarning katta qismi tomonidan tasdiqlangan. Genotsidni amalga oshirgan jinoyatchilar Usmonlilar imperiyasidagi armanlar qirib tashlangan emas, balki harbiy sabablarga koʻra koʻchirilganini iddao qilib, buni inkor etdi. Genotsiddan keyin ayblovchi hujjatlar muntazam ravishda yoʻq qilib kelinadi. 2023-yilga qadar Turkiya Respublikasini boshqarib kelgan hukumatlar tomonidan asosan „inkor etish“ siyosati olib borilgan. Bu siyosat bugungi kunda ham davom ettirilmoqda. Inkor etish siyosati 1991-yilda Ozarbayjon Respublikasi tomonidan ham qabul qilingan.
Partiya oʻz harakatlarini oqlash uchun foydalanadigan dalillar hamda arman genotsidini inkor etish armanlarning „koʻchirilishi“ urush davrida imperiyaning mavjudligiga tahdid soladigan sodir boʻlgan yoki ehtimoliy arman qoʻzgʻoloniga javoban qonuniy davlat harakati boʻlgan degan taxminga asoslanadi. Inkor etuvchilarning taʼkidlashicha, partiya armanlarni qirib yuborish emas, balki koʻchirishni maqsad qilgan. Ular oʻlganlar soni boʻrttirilgan deb taʼkidlashadi. Shuningdek, oʻlimlar sonini fuqarolar urushi, kasallik, yomon ob-havo sharoitlari, qallob mahalliy amaldorlar yoki kurdlar va qonunbuzar guruhlar kabi boshqa omillar bilan bogʻlaydilar. Tarixchi Ronald Grigor Suny asosiy argumentni „hech qanday genotsid boʻlmagan va bunga armanlar aybdor“ degan umumiy qarash ostida umumlashtiradi. Inkor etish odatda „armanlar xiyonati, bosqinchilik, jinoyatchilik va hududiy ambitsiyalar ritorikasi“ bilan birga taʼkidlanadi.
Genotsidga nisbatan inkor etish siyosati olib borilishining asosiy sabablaridan biri milliy Turkiya Respublikasi tashkil etilishida bu genotsidning oʻrni boʻlganligidir. Genotsidni tan olish Turkiyaga asos solinishi haqidagi afsonalarga zid boʻlardi. 1920-yillardan beri Turkiya genotsidning boshqa mamlakatlarda rasman tan olinishi yoki hatto eslatilishining oldini olishga harakat qilib keladi. Ushbu harakatlar lobbichilik, tadqiqot institutlari yaratish, qoʻrqitish va tahdidlarga sarflangan millionlab dollarlarni oʻz ichiga oladi. Inkor qilish Turkiyaning ichki siyosatiga ham taʼsir qiladi va turk maktablarida oʻqitiladi. Genotsidni tan olgan baʼzi turk fuqarolari „turklikni haqorat qilish“ aybi bilan sudga tortilgan. Turk davlatining genotsidni inkor etishga qaratilgan bir asrlik harakatlari uni tarixdagi boshqa genotsid holatlaridan ajratib turadi. Ozarbayjon ham genotsidni inkor etib, xalqaro miqyosda tan olinishiga qarshi kampaniyalar olib boradi. Turkiyadagi aksariyat turk fuqarolari va siyosiy partiyalar davlatning inkor qilish siyosatini qoʻllab-quvvatlamoqda. Genotsidning inkor etilishi Togʻli Qorabogʻ mojarosiga hamda Turkiyada kurdlarga qarshi davom etayotgan zoʻravonlikka ham hissa qoʻshadi. 2014-yilda Turkiyaning EDAM tadqiqot markazi tomonidan 1500 kishi ishtirokida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, turk fuqarolarining 9 foizi genotsidni tan oladi.
Mangʻishloqxon
Mangʻishloqxon (chigʻatoycha: منغیشلاق; 1454-yil, Ashtarxon xonligi – 1528-yil, Shayboniylar davlati) – chingiziy shahzoda. Toʻqay Temuriylar xonadoni vakillarining Ashtarxon xonligidan Turkistonga koʻchib kelib oʻrnashgan tarmogʻi boshchisi. Buxoro xonligida hukmronlik qilgan Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasi vakillarining ajdodi – bobokaloni.
Mangʻishloqxon shaxsi, uning tarjimayi holi va ijtimoiy faoliyati, tarixdagi oʻrni fanda yetarlicha oʻrganilmagan. U haqida batafsil naql qilingan yagona oʻrta asr manbasi bu Mahmud ibn Valining Bahr ul-asror asaridir. Boshqa yilnomachilarning bitiklarida u faqat genealogik boʻgʻin sifatida koʻrsatilgan. Shunday boʻlsa-da, Bahr ul-asrorda ham anaxronizmlarga yoʻl qoʻyilgani kuzatilgan.
Aksariyat tadqiqotchilar tomonidan Mangʻishloqxon Bahr ul-asrorda aytilgan maʼlum bir hududda hukmronlik qilgani haqidagi maʼlumot inkor etiladi.
Mangʻishloqxon Ashtarxon xonligi hududidanTurkistonga temuriy sulton Husayn Boyqaro (1470–1506) yoki shayboniy hukmdor Koʻchkunchixon (1512–1530) saroyiga tashrif buyurgan. Shayboniy Jonibek sultonning avlodlari tarbiyasi bilan shugʻullangan va uning xonadoni bilan yangi qarindoshchilik rishtasini oʻrnatgan. Keyinchalik Mangʻishloqxonning avlodlari boʻlmish Ashtarxoniylar Buxoro xonligi taxtini Shayboniylardan meros qilib olib, qariyb 150 yil davomida davlatda hukmronlik qilishgan.
Mangʻishloqxon Turkistonda vafot etgan, qabrtoshi oʻz davrida Jonibek sultonga meros boʻlgan Miyonqol hududidan topilgan.
Odina masjidi
Odina masjidi (Nasaf Katta jomeʼ masjidi) — Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida saqlanib qolgan eng qadimiy meʼmoriy yodgorlik. Masjid 1380-yillarda bunyod etilgan. Odina masjidi Registon majmuasiga kirgan meʼmoriy inshootlardan biri hisoblangan. Masjid Qarshi qal’asining markazida joylashgan.Amir Temur 1385—1386-yillardagi yurishi paytida Samarqanddan kelishda Qarshining markazida usbu masjidni bunyod ettirgan.
Hozirda masjid Qarshi shahrining „Eski shahar“ qismidagi Odina bog‘ida joylashgan.
Meʼmoriy yodgorlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4068-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktyabrdagi farmoyishiga muvofiq, 2021-yil Odina masjidida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi tashkil etilgan.
Viruslarning ijtimoiy tarixi
Viruslarning ijtimoiy tarixi viruslar va virusli infeksiyalarning insoniyat tarixiga taʼsirini tavsiflaydi. Viruslar keltirib chiqaradigan epidemiyalar neolit davrida, taxminan 12 000 yil oldin odamlar zichroq holatda kun kechiradigan qishloq xoʻjaligi jamoalari shakllana boshlagan davrda paydo boʻla boshlagan. Bunday hayot tarzi viruslarning tez tarqalishiga va keyinchalik endemik koʻrinish olishiga sabab bo'ldi. Oʻsimliklar va chorva hayvonlarining viruslari ham koʻpaydi. Odamlarning tirik qolish bilan bogʻliq mehnat faoliyati tufayli qishloq xoʻjaligi va dehqonchilikka qaram boʻlib qolishlari kartoshka potiviruslari va qoramol o'lati kabi kasalliklarning halokatli oqibatlarga olib kelishiga sabab boʻldi.
Chechak va qizamiq viruslari odamlarga yuqadigan eng qadimgi virus turlaridan hisoblanadi. Ular ming yillar oldin Yevropa va Shimoliy Afrikada boshqa jonivorlardan odamlarga yuqqan.Viruslar keyinchalik Ispaniya istilolari davrida yevropaliklar tomonidan Yangi Dunyoga olib kelingan, ammo mahalliy aholi tomonidan tabiiy qarshilik koʻrsatilmaganligi sababli millionlab odamlar epidemiyalar paytida nobud boʻlgan. Gripp pandemiyasi ilk bor 1580-yilda qayd etildi va keyingi asrlarda uning koʻrsatkichlari tobora yuqorilab bordi. 1918—1919-yillardagi pandemiya davrida bir yildan kamroq vaqt ichida 40—50 million kishi halok boʻldi, bu tarixdagi eng halokatli pandemiyalardan biri edi.
Louis Pasteur va Edward Jenner virusli infeksiyalardan himoya qiluvchi vaksinalarni birinchi boʻlib ishlab chiqdilar. 1930-yillarda elektron mikroskopning ixtiro qilinishi va buning natijasida virusologiya fanining jadal rivojlanguniga qadar viruslarning tabiati odamlar uchun nomaʼlum edi. XX asrda koʻplab avvaldan maʼlum va yangi kasalliklar viruslar sababli yuzaga kelganligi aniqlandi. Birgina poliomielit epidemiyalarini 1950-yillarda bu kasallikka qarshi vaksina ishlab chiqilgandan so'ng nazoratga olishga muvaffaq boʻlindi. OIV asrlar davomida paydo boʻlgan eng patogen yangi viruslardan biri bo'lgan.
Odatda, viruslar tufayli koʻplab kasalliklarning yuzaga kelishi olimlar tomonidan oʻrganilsa-da, koʻpchilik viruslar foydalidir. Ular turlararo genlarni tashish orqali evolyutsiyani boshqaradi, ekotizimlarda muhim rol oʻynaydi va hayot uchun zarurdir.
Kalabod madrasasi
Kalabod madrasasi — IX—XX asrlarda faoliyat yuritgan va hozirda saqlanib qolmagan Buxoro madrasasining asl nomi. Tarixiy manbalarda Arslonxon madrasasi, Xon madrasasi va Abdurahimxoja madrasasi deb ham yuritilgan. Hozirda unga nisbatan aksariyat hollarda Kalobod madrasasi, baʼzan Gulobod madrasasi nomlari qoʻllaniladi. Unda Imom al-Buxoriy va koʻpgina mashhur tarixiy shaxslar ilm oʻrganishgan.Oliy madrasa Buxoroga islom kirib kelib, mustahkam oʻrnashganidan soʻng 800—810-yillarda qurilgan boʻlib, keyingi davrlarda 3 marta qayta tiklangan: 1-marta 1124-yili, Arslonxon Muhammadning (1102—1130) ulamolaridan boʻlgan Amir kutvol tomonidan; 2-marta moʻgʻullar hukmronligi davrida, Kayxotunning onasi Suyurtuk tegina begim tomonidan; 3-marta 1609-yili, oʻzbek hukmdori Vali Muhammad (1605—1611) davrida, Joʻyboriy Abdurahimxoja tomonidan.
Kalabod madrasasi dunyodagi eng qadimiy oliy oʻquv dargohlaridan biri boʻlgan. Tadqiqotchining payqashicha, Kalabod madrasasi bunyod etilganida Yevropada hali birorta bunday maxsus oliy oʻquv dargohi boʻlmagan. Oradan yana 500 yil oʻtib, Abdurahimxoja Kalabod madrasasini uchinchi bor qayta tiklagan paytda, Rossiyada hali birorta ham oliy oʻquv yurti boʻlmagan.
Abdurahimxoja tiklagan Kalabod madrasasining binosi hajmi va koʻlami jihatidan eng yirik Buxoro madrasalaridan biri edi. U Turon madrasalari qurilishining anʼanaviy uslubida bunyod etilgan. Masjid, darsxona, kutubxona, tahoratxonalar va 79 ta yoki 100 ta hujralardan iborat boʻlgan. Madrasa meʼmorchiligining oʻziga xosligi, bosh fasadining ikki yonidagi devorlar burchagiga guldastalar oʻrnatilmagan; peshtoq ravoqlarining pastida, 2-qavat bilan teng qilib maxsus ayvoni boʻlgan. Keyinchalik bu uslub Xorazm madrasalarida qoʻllanilgan; hovlisining burchak kesimlari va qirrali taxmonlari boʻlmagan.
Madrasa 1920-yilgi Buxoro inqilobiga qadar faoliyat yuritgan. Uning binosidan 1930-yillarda qamoqxona, keyinchalik — shahar kommunal xoʻjaligiga qarashli turar joy sifatida foydalanilgan. 1953-yilda buzib yoʻq qilingan. Gʻishtlari avval K. Y. Voroshilov, keyinchalik A. S. Makarenko nomlari berilgan 5-sonli Buxoro maktabining qurilishida ishlatilgan. Hozirda madrasa binosining oʻrnida hovli-joylar qad koʻtarib turibdi.
Sitorai Mohi xossa (malika)
Sitorai Mohi xossa (Bibi Oyposhsho, Podshoh bibi) — Buxoro xonligi malikasi. Oʻzbek hukmdori Subhonqulixonning (1680—1702) xotini. XVIII asrning boshida Buxoro va uning atrofida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari homiysi. „Bibi Oyposhsho“, „Podshoh bibi“ nomlari bilan ham mashhur boʻlgan.
Malika Buxoro xonligining soʻnggi mustaqil hukmdorlari — Ubaydullaxon va Abulfayzxonlarning onasi hamda Mangʻitlar oʻzbek sulolasi vakillarining amir Haydardan (1800—1826) boshlab barcha Buxoro amirligi hukmdorlarining bibikalonidir.
Malika tarixiy manbalarda „Davron Xadichasi“, „Zamon Bilqisi“ nomlari bilan ham ulugʻlangan. Uni manbalarda "Podsho Oyim" nomi bilan atashmagan, lekin u dafn etilgan daxma shu nom ostida davlat muhofazasiga olingan.