Buxoro karvonsaroyi
Buxoro karvonsaroyi (ozarbayjoncha: Buxara karvansarayı) — Ozarbayjon poytaxti Boku shahrining tarixiy markazi boʻlmish Icheri shaharda joylashgan qadimiy binolardan biri. XV asrning soʻngida bunyod etilgan. U shuningdek, Ozarbayjonda saqlanib qolgan 7 ta mashhur karvonsaroylardan biridir[1]. Hozir bu obida ichida ozarbayjon milliy taomlari tayyorlanadigan maxsus restoran joylashgan. Bashennaya (yoki Qüllə) koʻchasida; Multani karvonsaroyi roʻparasida; Qız qalʼa yaqinida joylashgan.
Karvonsaroy | |
Mamlakat | Ozarbayjon |
Shahar | Boku |
Manzil | Bashennaya (yoki Qüllə) koʻchasi, 2-uy |
Mulkdor | Davlat mulki |
Karvonsaroy turi | Ochiq |
Meʼmoriy uslub | Islom meʼmorchiligi |
Asosiy sana: XV asrning soʻngi
| |
Maqomi | Davlat himoyasida |
Holati | Restoran |
Hujralar soni | 18 |
Buxoro karvonsaroyi Vikiomborda |
Tarixi
tahrirAytishlaricha, Markaziy Osiyo hamda Ozarbayjon xalqlari orasida azaldan nafaqat madaniy, diplomatik, balki savdo-sotiq borasida ham muayyan aloqalar o’rnatilgan. Jumladan, bu borada Buxoro bilan mustahkam hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Buyuk ipak yoʻlining bir tarmogʻi Boku shahridan oʻtganligi sababli, Buxorolik (Oʻrta Osiyolik[1]) savdogarlar bu shaharga tez-tez kelib turishgan. Ular, asosan, shu karvonsaroyda qo’nim topishgani uchun unga Buxoro nomi berilgan bo’lishi mumkin, deb taxmin qilinadi[1][2]. Buxoro va uning qarshisidagi Multani karvonsaroylarida, asosan, Markaziy Osiyo va Hindiston mamlakatlaridan (jumladan Pokistondan) kelgan savdogarlar toʻxtab oʻtishgan[3].
Tadqiqotlarning ko'rsatishicha, ushbu tarixiy yodgorlik XV asrda Bokuga kelgan savdogarlar tomonidan qurilgan[4]. Boshida bir qavatli qilib bunyod etilgan karvonsaroyga, keyinchalik ikkinchi qavat qurib bitkazilgan[3]. 1964-yili binoda restavratsiya ishlari oʻtkazilgan. Unda karvonsaroy binosi ortiqcha qo'shimcha qismlardan xalos etilgan[1]. Hozirda bir qavatli karvonsaroyning baʼzi qavatlari yer ostida qolgan deb taxmin qilinadi [4].
Bu yerda koʻplab sovet filmlari tasvirga olingan. “Brilliant qoʻl”, “Qaynona”, “Arshin mol-olon”, “Amfibiya odam” ana shular jumlasidandir[5].
Hozirda bu obida ichida ozarbayjon milliy taomlari tayyorlanadigan maxsus restoran joylashgan[1].
Meʼmorchiligi
tahrirKarvonsaroy qurilishi, meʼmoriy koʻrinishi jihatidan Buxorodagi tarixiy yodgorliklarni esga soladi[2]. Unchalik ham katta boʻlmagan binoning rejasi kvadrat shaklida boʻlib, kirish qismi peshtoq bilan belgilangan. Sakkiz qirrali hovli atrofi bir qavatli ayvonchalar va 18 ta hujralar bilan oʻralgan[1]. Hovlining butun perimetri boʻylab uchli kamarlar joylashgan[6].
Karvonsaroy hovlisi dam olishga moʻljallangan boʻlib[6], unda marmardan qurilgan kichkina hovuz, uning atrofida esa keksa chinorlar bor[2]. O'zining asl shaklida saqlanib qolgan XV asrning hovuzi, favvoradan oqib tushayotgan suvga qaramay, hovuzdagi suv darajasi barqaror boʻlib turishi bilan qiziq[4].
Hozirda karvonsaroy devorlari qadimgi Ozarbayjon gilamlari, turli xil devoriy bezaklari, Boku manzaralari tasvirlangan rasmlar bilan bezatilgan[4].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 „7 великолепных караван-сараев Азербайджана“. Azertag.az. Qaraldi: 2020-yil 6-oktyabr.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 „«Shamollar shahri»da yurtim nafasi“. Xs.uz. Qaraldi: 2020-yil 6-oktyabr.[sayt ishlamaydi]
- ↑ 3,0 3,1 „Бухарский караван-сарай, Баку“. Orexca.com. Qaraldi: 2020-yil 6-oktyabr.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 „Древние караван-сараи“. Azerbaijans.com. Qaraldi: 2020-yil 6-oktyabr.
- ↑ „Tarixi mushtarak, ildizi tutash, urf-odati oʻxshash“. Xs.uz. 2020-yil 9-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 6-oktyabr.
- ↑ 6,0 6,1 „Бухарский караван-сарай, Баку“. Advantour.com. Qaraldi: 2020-yil 6-oktyabr.