Chanoq, tos — gavda skeletining pastki qismi. Chanoq odamda oyoqlarni, sut emizuvchilarda esa orqa oyoqlarni, tanaga birlashtiradi. Chanoq umurtqa pogʻonasi va tananing yuqori qismi uchun tayanch vazifasini bajaradi. Chanoq oʻng va chap nomsiz chanoq suyaklari hamda dumgʻaza va dum suyaklaridan hosil boʻladi.

Chanoq suyaklari bir-biriga oldidan qov simfiziga oʻxshab, orqadan esa juft dumgʻaza yonbosh boʻgʻimlari koʻrinishida dumgʻazaga birlashadi. Har bir nomsiz suyaklar (oʻsish davri oxirida qoʻshilib ketadi) yonbosh, quymuch va qov suyaklaridan tashkil topadi. Ular birlashish joyining tashqi tomonida quymuch kosasi joylashadi.

Chanoq tuzilishining jinsiy xususiyatlari bor. Ayollarda chanoq erkaklarnikiga nisbatan bir qadar keng va kalta boʻladi. Katta va kichik chanoq bor. Katta chanoq oldidan qorin old devori yumshoq toʻqimalari bilan, orqadan umurtqa pogʻonasi, yondan yonbosh suyak qanotlari bilan, kichik chanoq oldidan qov suyaklari, orqadan dumgʻaza va dum suyagi, yondan quymuch suyagi va yumshoq toʻqimalar bilan oʻralgan. Katta chanoqda qorin boʻshligʻi pastki qismidagi aʼzolar, kichik chanoqda toʻgʻri ichak, qovuq, erkaklarda prostata bezi va urugʻ pufaklari, ayollarda bachadon va uning ortiqlari hamda qin joylashgan. Chanoq suyaklarida orqa tomondan orqa va umurtqa pogʻonasi muskullari, oldidan qorin muskullari birlashadi. Oyoq muskullari ham chanoqdan boshlanadi. Dumbaning katta muskuli chanoq sohasidagi eng katta muskul hisoblanadi. Yonboshning ichki juft arteriyalari chanoq devori va undagi ichki aʼzolarni qon bilan taʼminlaydi; dumgʻaza nervi chigallarining shoxchalari innervatsiya qiladi.

Chanoq sinishi chanoqning xavfli shikastlaridan xisoblanadi. Chanoq chikishi kam uchraydi, lekin bolalarda chanoq shikastlanishi natijasida boylamlar uzilishi, chanoq-son boʻgʻimi chiqishi koʻproq kuzatiladi. Tugʻruq vaqtida baʼzan chanoqning qov birikmasi uzilishi mumkin. Quymuch kosasi singanda koʻpincha son chiqadi. Chanoq kasalliklariga qon orqali tarqaladigan (gematogen) osteomiyelit (bunda, odatda, yonbosh suyagi qanotlari va dumgʻaza zararlanadi), brutsellyoz va revmatoid artrit esa dumgʻaza yonbosh boʻgʻimining zararlanishi va boshqa kiradi.

Manbalar

tahrir