Chaqilikalon
Chaqilikalon — Zarafshon tizmasining gʻarbiy qismidagi togʻ tizmasi. Sharqda Zarafshon daryosining chap irmogʻi (Magʻiyondaryo)dan boshlanib, gʻarbga Taxtaqoracha dovonigacha taxminan 70–75 km ga choʻzilgan. Eni 15–20 km. Balandligi 2000–2500 m. Eng baland joyi uning sharqiy qismida (2936 m), gʻarbida esa 2388 m dan oshmaydi. Ch. assimetrik tuzilishga ega. Shimoliy yon bagri tik, qoyali. Suvayirgʻich qismida platosimon yuzalar uchraydi. Gʻarbiy chekkasining suvayirgʻich qismida Qirqgogʻ platosi mavjud. Ch. gersin burmalanishi davrida shakllangan. Mezozoyda koʻtarilgan togʻlar yemirilgan. Hozirgi koʻrinishi yangi tekgonik harakatlar natijasida vujudga kelgan. Tektonik jihatdan antiklinoriy struktura. Tizma, asosan, silur va devon davri choʻkindi togʻ jinslari (ohaktosh va dolomitlar)dan tashkil topgan. Ch. iklimi qurgʻoqchil. Yozi ancha iliq, qishi sovuq. Oʻrtacha yillik temperatura 12,0°— 12,3°. Yillik yogʻin 800 mm (Omonqoʻtonda), togʻ yon bagʻirlarida 550 mm dan oshmaydi. Ch.dan boshlanadigan daryolar (Qorasuv, Urgutsoy, Kamongaron, Omonqoʻtonsoy va boshqalar) Zarafshon va Qashqadaryo daryolari havzasiga mansub.
CH. tizmasi hududida, asosan, jigarrang tuproqlar tarqalgan, togʻ oldi qismlarida boʻz tuproqlar uchraydi. Tizma hududi adir va togʻ oʻsimliklari mintaqasiga kiradi. Mezokserofil va efemer oʻsimliklar oʻsadi. Tizmaning shimoliy yon bagʻrida yongʻoq, yovvoyi olcha va boshqa daraxtlardan tashkil topgan oʻrmonlar mavjud. Ch.da koʻplab karst relyef shakllari (karrlar, karst voronkalari, botiqlari, quduqlar, shaxtalar, gʻorlar) vujudga kelgan. Ch.ning Qirqtogʻ platosida Kiyev tri bor.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |