Davlat boshqaruvi akademiyasi, (eski nomi: Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, toʻliq nomi: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi — rahbar xodimlarni tayyorlovchi va qayta tayyorlovchi, rahbarlar malakasini oshiruvchi oʻquv-uslubiy va ilmiy markaz. Oʻzbekiston Prezidentining 1995-yil 19-apreldagi farmoniga muvofiq tashkil qilingan. Rektori Adham Bekmurodov[1]. Asosiy vazifasi — hokimliklar va boshqaruv organlari rahbar xodimlari, jamoat tashkilotlari va birlashmalari, xoʻjalik tuzilmalari rahbarlari, shuningdek, oʻrta boʻgʻin boshqaruv organlari, tadbirkorlik tuzilmalarining oliy toifali zamonaviy mutaxassislari va rahbarlarini oʻqitish, tarbiyalash. Akademiyada 10 va 12,5 oylik tayyorlash, 3 oylik qayta tayyorlash hamda 1 oylik malaka oshirish kurslari hamda xorijiy mutaxassislar ishtirokida esa 5—10 kunlik seminarlar yoʻlga qoʻyilgan. 3 ta fakultet faoliyat koʻrsatadi: 1) davlat va jamiyat qurilishi; 2) bozor iqtisodiyoti asoslari va tamoyillari; 3) davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar. Bu fakultetlar tarkibida 12 ta kafedra ish olib boradi. Oʻquv dasturlari AQSH, Yaponiya, Germaniya, Fransiya va b. mamlakatlarning taʼlim tizimlari andozalariga muvofiq tartibda ishlab chiqilgan. Dasturlar 4 moduldan iborat: asosiy kurslar; mutaxassislik kurslari; informatsion boshqarish tizimi; magistrlik dissertatsiyalari loyihalarini tayyorlash va himoya qilish. Akademiya 10 va 12,5 oylik kurslarini bitiruvchilarga tanlagan mutaxassisliklari boʻyicha magistr diplomi beriladi. Kafedralarda kunduzgi, sirtqi aspirantura va doktoranturalarda ilmiy xodimlar tayyorlanadi. Asosiy ilmiy yoʻnalishlar islohotlar jarayoni konsepsiyalarini yaratish, maorif tizimini isloh qilish uchun tavsiyanomalar ishlab chiqish, rahbar kadrlar tizimini tayyorlashda ilmiy tavsiyalar bilan ishtirok etishga qaratilgan. Koʻplab xorijiy tashkilotlar bilan aloqalar oʻrnatilgan. Oʻquv jarayonlarida AQSH, Yaponiya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Rossiya, Moldova, Eron, Malayziya, Janubiy Koreya, Xitoy va b. davlatlar elchixonalarining rahbarlari maʼruza, suhbat oʻtkazadilar va amaliy mashgʻulotlarda qatnashadilar. Oʻqituvchilar, tinglovchilar, aspirantlar, doktorantlar hamda tadqiqotchilarning malaka oshirishi, tajriba almashishi uchun xorijiy davlatlar oʻquv yurtlariga yuborish yoki u yerlardan malakali mutaxassislarni taklif etish yoʻlga qoʻyilgan. Akademiya hududida joylashgan „Konrad Adenauer“, „Ustoz“ jamgʻarmalari, TASIS, Jurnalistlarni qayta tayyorlovchi xalqaro jamoatchilik markazi kabi tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik oʻrnatilgan. Akademiyaga tinglovchilarni qabul komissiyasi qabul qiladi. Mutaxassislar tayyorlash manfaatdor korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda alohida shaxslar bilan tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Boshqa davlatlar fuqarolari ham shartnomaga binoan oʻqitiladi.

Asos solingan sanasi 1995-yil
Veb-sayti  

Akademiya huzurida ilmiy tadqiqot va oʻquvusuliy muassasasi — Oʻzbekistonning yangi tarixi markazi tashkil qilingan (1996-yil sentabr). Markaz 3 jildli ("Turkiston chor mustamlakachiligi davrida", "Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida", "Mustaqil Oʻzbekiston tarixi") Oʻzbekistonning yangi tarixi, "Oʻzbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti" kitoblarini tayyorlab, chop ettirdi (2000). Akademiya nashriyoti ilmiy, ilmiy ommabop va b. turdagi nashrlarni, "Jamiyat va boshqaruv" jur.ni chop etadi, har 3 oyda bir marta axborot byulletenini chikaradi. Akademiyaning 25 mingdan ortiq adabiyotlar bilan taʼminlangan zamonaviy kutubxonasi, kompyuter markazi, mehmonxonasi, tibbiyot boʻlimi, restoran, sport, trenajer zallari bor.

Manbalar

tahrir
  1. „Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga rektor tayinlandi“. Bugun.uz. Qaraldi: 2021-yil 9-fevral.[sayt ishlamaydi]

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil