Devoniy (taxallusi; asl ism sharifi Muhammadkomil Ismoil Devon oʻgʻli) (1883, Xiva yaqinidagi Sangar qishlogʻi – 1938, Urganch) – shoir. Xivadagi Arabxon madrasasida taʼlim olgan, fors tili, xattotlik sanʼatini oʻrgangan. Feruz saroyida birmuncha vaqt kotiblik qilgan. Sheʼrlarida zamona nosozliklarini tanqid qilgan, maʼrifatparvarlik gʻoyalarini ilgari surgan („Afsus“ radifli va b. sheʼrlari). Shoir ijodiga Tabibiy („Majmuat ush-shuaro“) va Laffasiy („Tazkirai shuaro“)lar yuqori baho berganlar. Devoniyning devonlari asl nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. № 901, 906, 1142) va oʻgʻli Hamza Komilovning shaxsiy kutubxonasida saqlanadi.

Devoniy
Muhammadkomil Ismoil Devon oʻgʻli
Tavalludi 1883-yil
Xiva
Vafoti 1938-yil
Urganch
Taʼlimi Arab Muhammadxon madrasasi
Kasbi shoir, kotib, xattot
Turmush oʻrtogʻi Sultonposhsho
Qurbonjon bika
Bolalari 2

Tarjimayi holi

tahrir

Devoniy 1883-yil Xivaga yaqin boʻlgan Sangar qishlogʻida tugʻilgan. Ilk tahsilni eski maktabda oʻqigan. Uning eski maktabdagi ilk ustozi mulla Abdulla boʻlgan. Soʻng Xivadagi Arab Muhammadxon madrasasida mudarris Yusuf hoji (Doiy) qoʻlida oʻqigan. Xattotlik sanʼati va fors tilini oʻrgangan. Muhammad Rahimxon II saroyida biroz vaqt kotiblik qilgan[1]. Xattot, bastakor, naqqoshlik bilan shug'ullanuvchi amakisi Xudoybergan Muhrkan (1822—1920)ga shogird tushgan. Ustozining tavsiyasi bilan saroyda xattotlik ishiga olinadi. 1910-yildan boshlab Xivaning bosh vaziri Islomxoʻjaning maxfiy kotibi boʻlgan. Devoniy Xorazm musiqa sanʼatining rivojida muhim rol oʻynagan. XX asrning 20-yillarida Xorazm mumtoz musiqasiga oid dutor maqomlarining yetti turkumini kuy va soʻz matnlari bilan Olti yarim maqom (Tanbur maqomlari)ga qoʻshib yozib olgan[2]

1922-yilda Devoniy Xiva shahriga kelgan shoir Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan birgalikda madaniy sohani rivojlantirish uchun birga faoliyat olib borgan. Hamza maʼlum vaqt Devoniyning uyida yashagan.

Devoniy 1930-yillar qatagʻoni paytida Xivadan chetroq boʻlgan Toshhovuz shahriga koʻchib oʻtadi. 1937-yilning oktyabrida hibsga olinib Urganch qamoqxonasiga yuboriladi. Hibsga olingan vaqtda qoʻlidagi 25 ta turli xil asbob-uskunalar tortib olinib, musodara qilinadi. Muhammadkomil Ismoil Devon oʻgʻli 1938-yili Urganchdagi qamoqxonada vafot etadi. Undan ikki farzand qolgan. Qamoqqa olingan paytda farzandlari Magaram 13 yosh, Hamza 5 yosh boʻlgan. Oʻgʻli Hamza Komilov 1943-yilda Toshkentga joʻnatiladi. U 1943-yildan 1956-yilgacha U.Yusupovning Doʻrmon joylashgan dala hovlisida yashagan. Doʻrmonda joylashgan Pushkin nomidagi 24-maktabda taʼlim oladi. Soʻng toʻqimachilik texnikumiga oʻqishga kiradi va qurilish boʻlimini tugatadi. Qarshi shahrida maʼlum muddat ishlab, soʻng Xorazmga qaytadi. Hamza Komilov Xivadagi „Mevaston“ nomli mahalla fuqarolar yigʻiniga raislik qilgan[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Devoniy devonlari va g’azallari haqida“. ilmlar.uz. Qaraldi: 19-oktabr 2023-yil.
  2. 2,0 2,1 „Devoniy (1883-1938)“. jadid.sosgroup.uz. Qaraldi: 19-oktabr 2023-yil.[sayt ishlamaydi]

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil