Estetika
Estetika (qadimgi yunoncha: αἴσθησις; nemischa: Ästhetik - "his", "tuygʻu") olamning hissiy qabul qilinishini tadqiq etuvchi fandir. Estetika sanʼat, madaniyat va tabiatning subyektiv qabul qilinishini oʻrganadi. Estetika falsafaning aksiologiya sohasiga kiradi. "Estetika" terminini nemis faylasufi A.Baumgarten (1714—1776) ilmiy muomalaga kiritgan. Estetikaning sinonimi sifatida goʻzallik falsafasi, sanʼat falsafasi, badiiy ijod falsafasi iboralari qoʻllanib kelingan. Keyingi paytlarda nafoyeatshunoslik yoki nafosat falsafasi atamalari ham Estetikani anglatadigan boʻldi. Estetika oʻz ichiga sanʼat Estetikasi, tabiat Estetikasi, texnika Estetikasi, dizayn, sport Estetikasi, turmush Estetikasi, atrof muhitni goʻzallashtirish va boshqalar sohalarni qamrab oladi.
Estetika nafosat, did, goʻzallik, xunuklik, ulugʻvorlik, tubanlik, fojiaviylik, kulgililik, moʻʼjizaviylik, hayolilik singari kategoriyalar bilan ish koʻradi. Ular orasida nafosat tushunchasi alohida oʻrin egallaydi. U bir tomondan, estetik anglashning barcha jihatlarini (estetik hissiyot, estetik zavq, estetik did, estetik muhokama va boshqalar), ikkinchi tomondan, estetik xususiyatlarni — amaldagi goʻzallik, ulugʻvorlik, fojiaviylik, kulgililik va hokazo jihatlarni oʻz ichiga oladi. Ana shu keyingi jihati bilan nafosat baʼzan Estetikaning predmeti sifatida ham qabul qilinadi.
Estetikaning tadqiqot obʼyektlari ichida sanʼat alohida oʻrinni egallaydi, u qadimdan to hozirgi kungacha eng koʻp tadqiq etilgan estetik soha hisoblanadi. Estetikaning bu borada sanʼatshunoslik fanlaridan farqi shundaki, u oʻz obʼyektiga falsafiynazariy jihatdan yondashadi. Estetika sanʼatni — sanʼatkor, sanʼat asari, sanʼat asarini idrok etuvchi shaxsdan iborat yaxlit tizimda olib oʻrganadi, barcha sanʼat turlari uchun zarur boʻlgan umumiy qonunqoidalarni ishlab chiqadi. Mas, adabiyotshunoslikdatch qofiya nazariyasini musiqaga yoki haykaltaroshlikka nisbatan qoʻllab boʻlmaydi. Estetikadagi kompozitsiya yoki uslub nazariyasi esa meʼmorlikdan tortib badiiy suratkashlikkacha boʻlgan hamma sanʼat turlariga taalluklidir. Ayni paytda Estetika sanʼatning tabiati, uning ijodiyligi va boshqalar jihatlarini tadqiq etadi; badiiy oqimlar va yoʻnalishlarning, ijodiy uslublarning mohiyatini oʻrganadi.
Estetika falsafiy ilm sifatida koʻplab ijtimoiy va tabiiy fanlar bilan aloqadordir. Uning etika bilan aloqasi alohida diqqatga sazovor. Bu ikkala fanning oʻzaro yaqinligi, avvalo, inson xatti-harakatining koʻp hollarda ham axloqiylik, ham nafosat uygʻunligidan iborat ekanligida; 2dan, Estetikaning asosiy tadqiqot obʼyekti boʻlmish sanʼat mohiyatan ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi kurashning badiiy inʼikosi sifatida doimo dolzarb axloqiy muammolarni koʻtarib chiqadi; 3dan, Estetikaning baʼzi tushunchalari etika uchun ham birdek xizmat qiladi; 4dan, Estetika oʻrganadigan xulqiy goʻzallik sohasi axloq bilan bevosita bogʻliq. Ayni paytda ikkala fan bir-biriga juda oʻxshash ekan degan taassurot tugʻilmasligi kerak. Estetika har bir obʼyektga aniq, muayyan yondashuvni talab qiladi, etika esa hamma uchun umumiy boʻlgan qonunqoidalarni, hikmatlarni ishlab chiqadi. Estetikaning psixologiya bilan aloqasi ham juda muhim: har ikkala fan ruhiy holatlarni oʻrganadi. Har ikkala fan uchun umumiy boʻlgan sanʼat psixologiyasi va badiiy ijod psixologiyasi degan maxsus yoʻnalishlar mavjud. Estetika va sotsiologiyaning oʻzaro munosabatlarida sanʼatni hamkorlikda oʻrganish masalalari muhim. Sanʼat asari alohida inson shaxsiga eʼtibor qilgani holda, jamiyatni ijtimoiy munosabatlar tizimi, ijtimoiy tuzilma sifatida badiiy tadqiq etadi, ayni paytda sotsiologik tadqiqotlar uchun oʻziga xos material boʻlib xizmat qiladi; sotsiologiya jamiyat bilan sanʼatning oʻzaro aloqalarini, sanʼatning ijtimoiy vazifalarini; sanʼatkorning jamiyatdagi oʻrni, mavqei, kitobxon va tomoshabinlarning ijtimoiydemografik holatlarini; shaxs ijtimoiylashuvida sanʼatlar va sanʼat asarining ahamiyatini tahlil qiladi. Mazkur muammolarni oʻrganish uchun Estetika va sanʼat sotsiologiyasi sohasi mavjud. Estetikaning dinshunoslik bilan aloqasi ham katta ahamiyatga ega; din va sanʼat doimo bir-birini toʻldirib keladi, koʻp hollarda biri boshqasi uchun yashash sharti boʻlib xizmat qiladi. Asrlar mobaynida, ana shu aloqalar natijasi oʻlaroq, sanʼat asarining oʻziga xos koʻrinishi — diniybadiiy asar vujudga keldi. Mas, Shohizinda meʼmoriy majmui, Kyoln jomesi, Rembrandtning "Muqaddas oila" asari, "Abu Muslim jangnomasi" qissasi va boshqalar Estetika bunday asarlarni tadqiq etar ekan, albatta, dinshunoslik fani bilan hamkorlik qiladi. Estetikaning pedagogika bilan bogʻliqligi estetik tarbiya masalalariga borib taqaladi; pedagogika ham estetik tarbiya bilan shugʻullanadi. Lekin u alohidaalohida, mustaqil qismlarga boʻlingan holda, turli yosh va sohalar uchunmaxsus belgilangan tarbiya tarzida olib boriladi. Mas, maktabgacha tarbiya, oʻquvchilar tarbiyasi, jismoniy tarbiya va hokazo. Estetika esa nafosat tarbiyasining umumiy qonunqoidalarini ishlab chiqadi — inson tugʻilganidan boshlab, to oʻlimigacha oʻtadigan umr bosqichlari uchun taalluqli boʻlgan tarbiya falsafasi sifatida ish koʻradi. Estetikaning semiotika (belgilar va belgilar tizimlari haqidagi fan) bilan aloqadorligi keyingi paytlarda yanada teranroq tadqiq etilmoqda. Maʼlumki, har bir sanʼat asarining mazmunmohiyati muayyan belgilar vositasida namoyon boʻladi, yaʼni bilish va baholash natijalari boʻlmish semiotik hamda pragmatik axborotni oʻzida mujassam qilgan sanʼat asari oʻsha axborotni yetkazib berishga ham moʻljallangan; u sanʼat turiga qarab turlicha belgilar — harflar, chiziqlar, notalar va hokazo orqali amalga oshiriladi. Sanʼatning semiotik belgilar bilan bogʻliq ana shu tomonlarini — kommunikativvositachilik jihatlarini semiotika oʻrganadi; bu borada alohida tuzilmasemiotik deb nomlangan nazariy yondashuv ham mavjud. Shuningdek, Estetika barcha sanʼatshunoslik fanlari hamda tabiat Estetikasi nuqtai nazaridan ekologiya, axborot nazariyasi jihatidan kibernetika bilan aloqadorlikda ish koʻradi.
Estetika tarixining ibtidosi Somir (Shumer), Bobil, qadimiy Misr, qadimiy Xitoy va keyinroq yunon miflariga borib taqaladi. Bundan 5—6 ming yil avval ilk yozuv — mix xatda bitilgan Somir giltaxtalaridagi matnlarda "goʻzallik", "sanʼat", "musiqa" singari soʻzlarda aks etgan.dastlabki estetik tushunchalarni uchratish mumkin. qadimiy Misrda miloddan 4—4,5 ming yil avval sanʼatning barcha asosiy turlari, sal keyinroq esa professional teatr vujudga keldi. Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi Avestosh ilgari surilgan estetik gʻoyalar keyinchalik Hindistonda, undan soʻng Yunonistonda Estetika rivojiga taʼsir koʻrsatdi. qadimiy Sharkdagi estetik gʻoyalar dastlab foydalilik (nima foydali boʻlsa — oʻsha goʻzal), keyinroq axloqiylik (nima ezgu boʻlsa — oʻsha goʻzal) tamoyillari asosida shakllandi. Yunon mumtoz Estetikasi namoyandalari, ayniqsa, Aristotel goʻzallikning foydalilikdan va ezgulikdan alohida holda mavjud boʻlishi mumkinligini aytib oʻtdi; bu jihatdan uning "Poetika" ("Sheʼriyat sanʼati") asari eʼtiborga molik. Oʻrta asrlarda musulmon sharqi tasavvuf Estetikasi bu gʻoyalarni takomiliga yetkazib, yangi bosqichga koʻtardi; Uygʻonish davri va Yangi davr Estetikasi taraqqiyoti uchun nazariy asos boʻlib xizmat qildi. Estetika Byork, D.Yum, I.Kant va boshqalar merosida buni yaqqol koʻrish mumkin. Mas, Kantning goʻzallik haqidagi mashhur 4 tamoyilidan 3 tasi sharq faylasuflari nazariyalari asosiga qurilgan. Mazkur 3 tamoyil — goʻzallikning begʻaraz manfaatsiz munosabatga asoslanganligi; uning zaruratga aylangan muhabbatning obʼyekti ekanligi (Gʻazoliy); goʻzallikni oddiy mantiqiy yondashuv orqali bilishimiz mumkin emasligi (Forobiy) Kantni, goʻzallik biz uchun oʻzini maqsad shaklida emas, maqsadga muvofiqlik shaklida namoyon etadi degan 4tamoyilni yaratishga olib keldi. Kantdan soʻng nemis ratsional Estetikasida Shiller, Shelling, Gegel nazariyalarining Estetika taraqqiyoti uchun ahamiyati katta boʻldi. Shopengauer, Nitsshe, Diltey singari noratsional yoʻnalishdagi faylasuflarning estetik qarashlarida ham oʻziga xos yangi gʻoyalar ilgari surildi, mas, Shopengauer Estetikaga yangi — "qiziqarlilik" kategoriyasini kiritdi, Nitsshe esa sanʼatni ikki — apolloncha va dionisiycha turga ajratib oʻrganishni taklif etdi. Eng yangi davr Estetikasida, Z.Freyd, ayniqsa, K.Yung taʼlimotida sanʼat asari va sanʼatkorning oʻzaro munosabatlarini ruhiy tiplar asosida oʻrganilishi olgʻa tashlangan yangi qadam boʻldi. Shuningdek, J.P.Sartr, A.Kamyu, G.Marsel, X. Ortega i Gaset va boshqalar mutafakkirlar industrial jamiyatda goʻzallik va sanʼatning takdiri masalalari bilan qiziqdilar. Hozirgi Estetikaning miqyosiylashuv jarayonida texnika, tabiat va turmush Estetikasiga ham jiddiy eʼtibor berilmoqda; xulqiy goʻzallik muammosi yanada muhim oʻrin egallay boshladi.
Oʻzbek milliy Estetikasi taraqqiyoti tarixan mintaqaviy tabiatga ega boʻlib, uning ildizlari dastlab Avesto, keyin moniylikning muqaddas kitobi Xuastuanift (Za.)ga borib taqaladi. Islom dini qabul qilingach, milliymintaqaviy Estetika Qurʼoni karim oyatlari va Hadisi sharifdagi "Alloh goʻzal va U goʻzallikni sevadi" degan tamoyil asosida rivojlandi. Bunda mashshoiyyunlik (Forobiy, Ibn Sino) bilan yonmayon tasavvuf Estetikasida kubroviylik (Najmiddin Kubro). joʻmardlik (Pahlavon Mahmud), naqshbandiya (Alisher Navoiy) singari tariqat mutafakkirlarining goʻzallik, sanʼat va sanʼatkor borasidagi qarashlari muhim ahamiyat kasb etdi. Oʻzbek Estetikasi tarixida, ayniqsa, Temuriylar davri alohida oʻringa ega; Navoiyning "Mahbub ul-qulub", "Majolis unnafois", "Mezon ulavzon" asarlari, 15—16-asrlarda qator tazkiralar va musiqa nazariyasi borasidagi risolalar oʻzbek Estetikasi rivojiga ulkan hissa boʻlib qoʻshildi. XonlikLar va chorizm mustamlakasi davrida esa oʻzbek Estetikasi koʻproq tazkiralarda (Fazliy) va sheʼriy shakllarda (Furqat) oʻz ifodasini topdi. Oʻzbek milliy Estetikasidagi yuksalish 19-asr oxirlari — 20-asr boshlariga toʻgʻri keladi. Bu davrda maʼrifatchijadid mutafakkirlar yangicha estetik gʻoyalarni oʻrtaga tashladilar, badiiy adabiyotda, dramaturgiya janriga va zamonaviy teatr sanʼatiga asos soldilar. Anbar Otinning "Qarolar falsafasi" (1910), Fitratning "Oila" (1914), keyinroq "Adabiyot qoidalari" (1926) risolalari yuzaga keldi, Choʻlponning badiiy adabiyot, teatr sanʼatiga bagʻishlangan turqum maqolalari eʼlon qilindi. Lekin shoʻrolar hukmronligi davridagi totalitarizm barcha falsafiy fanlar qatori Estetikani ham sinfiylik va partiyaviylik tamoyillari asosida biryoqchamalikka, mahdudlikka, soxtalikka mahkum qildi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng Estetikaga alohida eʼtibor berila boshlandi, estetik madaniyat (M.Nurmatov, M.Abdullayev), estetik qadriyatlar (T.Mahmudov) borasida yirik tadqiqotlar eʼlon qilindi. Hozirgi vaqtda Estetika nazariyasi va tarixiga doir jiddiy izlanishlar olib borilmoqda (T.Mahmudov, A.Qurbonmamadov, EstetikaUmarov, A.Sher, B. Husanov). Oʻzbekiston milliy un~tida Estetika yoʻnalishi boʻyicha magistratura faoliyat koʻrsatmoqda, shu yoʻnalishda aspirantura va doktorantura mavjud. Mamlakatimizda fuqarolarning estetik tarbiyasiga taalluqti turli tadbirlar, ularning estetik didini yuksaltirishga qaratilgan maʼnaviymaʼrifiy ishlar muntazam olib boriladi.
Adabiyot
tahrir- Aristotel, Poetika, T., 1981;
- Mahmudov T., Goʻzallik va hayot. T, 1974;
- Nurmatov M., Tanqid va estetika, T, 1976;
- Maxmudov T., Эстетика и духовные ценности, T, 1993.
Manbalar
tahrir- OʻzME. Toshkent, 2000-2005.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Umumiy mavzular | Sharq falsafasi · Gʻarb falsafasi | Falsafa tarixi: Antik · Oʻrta Asrlar · Oydinlashma ·Renessans ·XVII asr ·XVIII asr · XIX asr ·XX asr |
Sohalar | Estetika · Etika · Epistemologiya · Mantiq · Metafizika · Taʼlim falsafasi · Tarix falsafasi · Til falsafasi · Huquq falsafasi · Fan falsafasi · Metafalsafa · Siyosat falsafasi · Din falsafasi · Urush falsafasi |
Oqimlar | Tahliliy falsafa · Determinizm · Dialektik materializm · Ratsionalizm · Ekzistensializm ·Absurdizm ·Hegelchilik · Gumanizm · Idealizm · Materializm · Yangiaflotunchilik · Nigilizm · Fenomenologiya · Aflotunchilik · Pozitivizm · Postmodernizm · Pragmatizm · · Sxolastitsizm · Stoitsizm |