Fargʻona qizi
Fargʻona qizi (ruscha: Дочь Ферганы) – 1948-yil rejissyor Nabi Gʻaniyev tomonidan suratga olingan va Toshkent kinostudiyasida ishlab chiqarilgan oʻzbek sovet badiiy filmi[1].
Fargʻona qizi | |
---|---|
Rejissyor(lar) | Nabi Gʻaniyev |
Ssenariynavis(lar) | Nabi Gʻaniyev, Mixail Melkumov |
Rollarda |
Yulduz Rizayeva Asad Ismatov Xadicha Aminova Maxsum Yusupov Rahim Pirmuhamedov Ivan Shkvalov Gʻulom Aʼloyev Soat Tolipov Razzoq Hamroyev Nurxon Eshmuhamedov Iroda Aliyeva Qobil Xoliqov |
Bastakor(lar) | Aleksey Kozlovskiy |
Operator(lar) | Vasiliy Simbirsev |
Postanovkachi rassom(lar) |
Valentin Sinichenko |
Studiya(lar) | Toshkent kinostudiyasi |
Chiqarilgan sanasi | 1948-yil |
Davomiyligi | 76 daqiqa |
Mamlakat | SSSR |
Til | oʻzbekcha |
Film ssenariysi Nabi Gʻaniyev va Mixail Melkumovga tegishli boʻlib, unda fargʻonalik qiz Dilbarning orzu-kechinmalari va bu yoʻldagi bosib oʻtgan maʼlum yoʻli hikoya qilinadi. Film premyerasi dastlab 1948-yil 24-dekabrda Rossiyaning Moskva shahrida boʻlib oʻtadi.
„Fargʻona qizi“ bir necha marta tanqidlarga ham uchragan. Film, shuningdek, oʻzbek kino ijodkorlarining urushdan keyingi yillarda zamonaviy mavzularda olingan ilk ijodiy izlanishi edi.
Syujeti
tahrir„Fargʻona qizi“ filmi syujetida fargʻonalik kolxozchi qiz – Dilbarning ruhiyatida yuzaga kelgan oʻzgarishlar va uning natijasi haqida hikoya qilinadi. Dastlabki kadrdan boshlab Dilbar yirik planda koʻrinadi. Mayda oʻrilgan sochlari ustidan iroqi doʻppi kiygan bu qahramon rolini aktrisa Yulduz Rizayeva ijro etadi. Film boshlanishida Dilbarning orzusi kolxoz raisi boʻlgan onasiga „Oltin Yulduz“ medali topshiriladigan teatr binosiga kirish va marosimda ishtirok etish edi. Biroq unga bilet topilmaydi. Mashinada onasi bilan Toshkentga kelgan Dilbar shaharning goʻzalligini koʻrib, havasini yashirmaydi.
Zavodda injener boʻlib ishlaydigan akasi Sobirjon va onasi Jamol opa taqdirlash marosimiga kirib ketishganidan soʻng, Dilbarning ruhiyatida katta evrilish roʻy beradi. U tantanadan chiqayotgan orden hamda medallar bilan taqdirlangan ayollarga havas qilib, bir kuni oʻzi ham ularday boʻlishni orzu qiladi.
Film davomida paxta dalalarida xoh yosh boʻlsin, xoh qari – birdek koʻtarinki kayfiyat bilan mehnat qilayotgan ishchilar sahnasi gavdalantiriladi. Dilbarning otasi Jabbor ota nomi chiqqan paxtakor boʻlib, uning rafiqasi Jamol opa esa shu kolxozda rais boʻlib ishlaydi. Kichik bir sabab tufayli Jabbor ota xotinidan arazlaydi. Shu bilan birga, majlisda Dilbar otasining brigadasidan chiqmoqchi ekanligini, oʻzi alohida yangi yer olib, mashinalar yordamida xirmon koʻtarmoqchiligini ham aytadi. Qizi va rafiqasini notoʻgʻri tushungan Jabbor ota uydan bosh olib chiqib ketadi. Film soʻngida esa qilgan xatosini tushunib yetgach uyiga va kolxozga qaytib keladi. Soʻnggi sahnada Dilbarga film boshida niyat qilganidek, Toshkentdagi onasi taqdirlangan oʻsha teatrda „Sotsialistik Mehnat Qahramoni“ unvoni topshiriladi[2].
Rollarda
tahrir• Yulduz Rizayeva – Dilbar (bosh qahramon)
• Asad Ismatov – Jabbor ota
• Xadicha Aminova – Jamol opa
• Rahim Pirmuhamedov – Polvon
• Maxsum Yusupov – Olimjon (agronom)
• Gʻulom Aʼloyev – Sobirjon
• Iroda Aliyeva – Xayri
• Razzoq Hamroyev
• Ivan Shkvalov
Suratga olish guruhi
tahrir• Rejissyor – Nabi Gʻaniyev
• Ssenariy mualliflari – Nabi Gʻaniyev, Mixail Melkumov
• Operator – Vasiliy Simbirsev
• Rassom – Valentin Sinichenko
• Bastakor – Aleksey Kozlovskiy
Tanqidlar
tahrirHamidulla Akbarov film haqida: „Bugungi kunda bu filmda biz qandaydir salbiy, oʻzbek mentalitetiga xos boʻlmagan yolgʻon tendensiyalarning taʼsirini sezamiz. Baʼzi sahnalarda kollektiv xoʻjalik hayoti oʻta darajada bezatilgandek koʻrinadi. Lekin unutmasligimiz kerakki, „Fargʻona qizi“ oʻzbek kino ijodkorlarining urushdan keyingi yillarda zamonaviy mavzularda suratga olgan ilk ijodiy izlanishi edi“, – deb yozgan[3].
„Qizil Oʻzbekiston“ (hozirgi „Oʻzbekiston ovozi“) gazetasi „Fargʻona qizi“ning ijtimoiy-siyosiy talablar darajasida emasligini jiddiy tanqid ostiga olib, maqola chop etgan. Unda filmga sovet sanʼatining ruhiga singib ketgan partiyaviylik prinsipi yetishmasligi, kolxoz qishlogʻi sotsialistik xoʻjaligining beqiyos darajada rivojlanishiga bevosita rahbarlik qiluvchi partiya tashkiloti va qishloq kommunistlarining roli mualliflarning eʼtiboridan chetda qolganligi, filmda komsomol brigadasiga rahbarlik qiluvchi kolxoz partiya tashkiloti koʻrinmasligi „filmning katta nuqsoni“ sifatida eʼtirof etilgan. Partiya rahbarligini asarning ruhiga singdirish sovet sanʼatining asosiy burchi ekanligi, „Fargʻona qizi“da oʻzbek dehqonlariga xos rus xalqining yordami juda yuzaki berilganligi, bu talablarning hammasidan kelib chiqqan holda, bir soʻz bilan aytganda „sanʼat asari gʻoyaviy jihatdan partiyaviy film boʻlishi, oʻzbek xalqini kommunizm ruhida tarbiyalashda qudratli qurol boʻlishi kerakligi“ taʼkidlangan[4].
„Fargʻona qizi“ bir necha oylar davomida namoyish etilganiga qaramay, tanqidchilarning eʼtiboridan chetda qolgan[5].
Manbalar
tahrir- ↑ „Дочь Ферганы“. kino-teatr.ru (2024-yil 7-may). 2024-yil 26-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 1-avgust.
- ↑ Shohida Eshonboboyeva. „Kecha urilgan “Fargʻona qizi” bugun ham kaltak ostida – bir film tarixi“. Oyina.uz (2024-yil 29-fevral). Qaraldi: 2024-yil 22-mart.
- ↑ „20 режиссерских биографий“ И. Н. Владимирцева: . Искусство, 1971 — 408-bet.
- ↑ "Qizil Oʻzbekiston", 1948-yil 20-noyabrdagi soni.
- ↑ Hamidulla Akbarov. „“Фарғона қизи” фильми нега танқидга учраган эди?“. Hurrihat.uz (2021-yil 17-mart). Qaraldi: 2024-yil 1-avgust.
Havolalar
tahrir- Fargʻona qizi (oʻzbek kino)(oʻzb.)