Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi yoki Fayzulla Xoʻjayev memorial muzeyi (Eski nomi: Boy savdogar xonadoni uy-muzeyi[1]) — Oʻzbekistonning Buxoro shahrida joylashgan, davlat arbobi Fayzulla Xoʻjayev nomidagi memorial inshoot[3]. Ushbu muzey turar joy binosi ichida tashkil etilgan. Maydoni — 3 gektar[1]. Tarkibi ikki qismdan[izoh 1] — erkaklar va ayollar uchun moʻljallangan ichki hovlilardan iborat. Xoʻjayevning qatagʻonida soʻng, ushbu obida biroz muddat qarovsiz holga kelib qolgan. 2023-yilda ushbu obyekt qayta rekonstruksiya qilindi hamda ichki va tashqi sayyohlar tashrifi uchun ochiq hisoblanadi[4].

Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi


Fayzulla Xo‘jaev uy-muzeyi.
Eski nomlari Boy savdogar xonadoni uy-muzeyi[1]
Muqobil nomlari Fayzulla Xoʻjayev memorial muzeyi
Umumiy maʼlumot
Maqomi aktiv
Turi turar joy
Joylashuvi shahar markazi
Manzili Abdulla To‘qay ko‘chasi, 70-uy
Shahar Buxoro shahri
Mamlakat Oʻzbekiston
Koordinatalar 39°46′09″N 64°24′46″E / 39.7690655°N 64.4128791°E / 39.7690655; 64.4128791
Qurilishi boshlangan 1880-yillar oxiri
Qurilishi tugagan 2023-yil (restavratsiya)
Egasi F. Bahranov (filial mudiri)[2]
Balandligi
Aylana uzunligi 3 gektar
Texnik holati
Qavatlar soni 2
Dizayn va konstruksiya
Meʼmor Nomaʼlum
Quruvchi Nomaʼlum
Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi

Tarixi

tahrir

Hovli XIX asr oxirida F. Xoʻjaevning otasi Ubaydullaxoʻja tomonidan sharq meʼmorchiligi anʼanalari asosida bunyod etilgan. Ushbu uy Fayzulla Xo‘jayev otib tashlangach biroz vaqt qarovsiz qolib ketgan. Binosi esa maʼlum vaqt davomida turli mahalliy tashkilotlar uchun boshpana vazifasini oʻtab kelgan[1][5].

Buxoro shahrining qadimiy shahar qismi boʻlmish „G‘oziyon“ mahallasida XIX asrning oxirlariga kelib yirik uylardan biri qurilgan. Hovli uch qismdan iborat boʻlib, unda ayollar hovlisi — hovli durun, erkaklar hovlisi — hovli berun hamda xoʻjalik hovlisi mavjud boʻlgan. Hozirgi muzey koʻrgazmasi erkaklar va ayollar hovlisidan iborat.

Toshdan qurilgan keng zinapoyalar orqali ichkari hovliga kirish mumkin. Xonalarning ostki qismida katta yertulalar mavjud. Har bir xonaga daxliz orqali kiriladi va har bir xonada kichkina xona mavjud bo‘lib, bu uycha „madon“ deb ataladi. Madondan choʻmilish va kiyim almashtirish maqsadida foydalanib kelingan. Har bir uyning naqshi qunt va mahorat bilan ishlangan, xonalarning naqshi boshqasinikiga oʻxshamasligi bilan ajralib turadi, mexroblarda guldon ichidagi gullar tasvirlangan. Ustalar miniatyuradan tortib katta ornamentlarga qadar turli tasvirlardan foydalangan. Rasmlarning nozikligi, ranglarning tiniqligi, tabiiy holda ishlatilishi faqat buxorolik ustalarga xos bo‘lgan. Har bir xonaning mexrobli ravoqlar va tokchalar mavjud va shu tokchalarda katta va kichik chinni idishlar saqlab kelingan. Qishki uyning koʻrgazmasida oʻsha vaqtda yashagan ayollarga xos turmush tarzi tasvirlangan: XIX asrda ishlangan gilam, turli xil buyumlar va sandal mavjud. Uzun qishki sovuq kechalarida ayollar sandali atrofida oʻtirishib, Bedil, Saʼdiy Sheroziy, Mashrab sheʼrlarini oʻqib berishgan. Ushbu uyda istiqomat qiluvchi ayollar ko‘p vaqtlarini kashtachilik, mehmon kutish bilan o‘tkazishgan. Xonada xorijiy davlatlardan keltirilgan buyumlar ham mavjud. O‘rta Osiyoda temir yo‘l o‘tgani munosabati bilan savdogarlar uyida mahalliy hunarmandlarga tegishli bo‘lmagan, yaʼni Yevropadan keltirilgan buyumlar paydo boʻla boshlagan. Bu buyumlar fabrikada hamda zavodlarda ishlab chiqarilgan. Bu buyumlar qandillar, lampa shishalar, katta yotoq (krovat), rus samovarlar, kumush qoshiqlar va pichoqlar — Rossiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan. Qo‘l soatlar, devoriy soatlar, grammofon plastinkalar esa Polsha, Fransiya, Shveysariyadan keltirilgan. Asosiy katta va kichik tokchalar xalq orasida o‘zining chiroyi bilan mashhur boʻlgan va Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Germaniyadan keltirilgan chinni buyumlar qoʻyilgan. Ularning umumiy soni 120 tadir. Bular orasida guldon, choynak, kosa, piyolalar ham mavjud bo‘lib, ularda gullar, jonivorlar, odamlar, meva va sabzavotlar aks ettirilgan.

Ikkinchi xonaning o‘rta qismi ekspozitsiyasining asosiy joyi interyeri ko‘rsatilgan: xontaxtada shirinlik solingan buyumlar, pastida koʻrpacha bir chetida sandiq, musiqa asboblari, rus grammofon plastinkalari mavjud. Ushbu buyumlar 1909-yilda ishlab chiqarilgan boʻlib, Rossiyadan olib kelingan.

Stol ustida kitoblar boʻlib, ular orasida 1920—1924-yillar Buxoro Xalq respublikasining raisi F.Xoʻjayevga tegishli maqolalar va kitoblari namoyish uchun qoʻyilgan. Uchinchi qavatga chiqish uchun dahlizda mavjud bo‘lgan eshiklar orqasidagi zinapoyalar koʻzga tashlanmaydi.

Ayyolar va erkaklar hovlisidagi ayvon shimolga tomon qaratilgan. Xonalar oldida ikki qavatga teng ayvon koʻtarilgan. Bu ayvon 33 bolordan iborat boʻlib, uning oʻlchami 100 kv.m. ayvonini esa to‘rt ustun koʻtarib turadi. Bu ustunlar uymakor naqshlar bilan bezatilgan.

Katta yozgi mexmonxona chiroyli, mehmonlar uchun keng boʻlib, 50 kv.m. dan iborat. Ikkinchi yashash xonasi 40 kv.m. boʻyi 8 metrgacha boʻlgan. Uyning „Bogʻdod“ uslubida yasalgan eshik va derazalari xonaning oʻzgachaligini taʼminlagan. Xonalarda XX asrning boshlaridagi hayot tarzi aks ettirilgan. Xonada, shuningdek, 1937-yilda tushirilgan Xoʻjayevlar oilasining soʻnggi surati qoʻyilgan. Suratda onasi Rayhonbibi (1876— 1938), rafiqasi Malika (19001953), qizi Viloyat (19231987) va singlisi Robiya birga tushgani aks etgan. Ekspozitsiyalar orasida gazetadan keltirilgan F.Xoʻjayevning nabirasi Rudolf Barxet hayoti haqida ham lavhalar mavjud. XX asrning boshlarida boy oilalarda qanday kiyimlar kiygani va turli marosimlar, xususan, bolani beshikka qanday qilib belash kabi eksponatlar maktab oʻquvchilari va muzeyga kelgan mehmonlarga namoyish uchun qoʻyilgan.

Xonalar qurilishiga koʻra qishda sovuqdan, yozda issiqdan saqlaydigan qilib insho etilgan. Hovlidagi xonalar ostida keng yerto‘lalar mavjud. Bu yerto‘lalar ichida oilaga tegishli boʻlgan va savdo-sotiq uchun kerakli buyumlar, shuningdek, chit, satin, jun, drap kabi matolar saqlangan va bu mahsulotlar Rossiya, Berlin, Konstantinopol va boshka mamlakatlardan olib kelingan.

Hovlining burchagida chukurligi 9 metrdan iborat quduk mavjud va bu qudukdan suv ichish, hovliga suv sepish maqsadida foydalanilgan. Erkaklar hovlisida saqlanib qolgan mehmonxona XIX asr oxiri va XX asr boshlari „Buxoro — savdogar va hunarmandlar shahri“ nomidagi ko‘rgazma tashkil etilgan. 1925-yilda Xoʻjayevlar oilasi Samarqandga kuchib ketishgan va bu uy davlat hisobiga topshirilgan. 1980-yilgacha bu yerda maktablar, oʻquvchilar uchun maxsus kurslar, arxiv, poliklinika va bolalar musiqa maktabi faoliyat koʻrsatgan. Bu uy bir necha marta qayta taʼmirlangan va taʼmirlash natijasida uyning naqshlari oʻzgargan. Muzeyda 1990-yil qayta restavratsiya ishlari boshlangan va 1991-yilda muzey oʻz faoliyatini rasman boshlagan.

Hozirgi vaqtda muzey ko‘rgazmasi 4 qismdan iborat:

1.   Uy-muzey tarixi.

2.   Boy savdogarning hayot tarzi.

3.   Oshxona buyumlari ko‘rgazmasi.

4.   XIX asr oxiri va XX boshlari „Buxoro — savdogar va hunarmandlar shahri“ ko‘rgazmasi boʻlimi[izoh 2].

Tarkibi

tahrir

Ushbu xonadon XIX—XX o‘zbek meʼmorchiligiga asosan ikki qismga: tashqi (erkaklar va turli qabullar) va ichki hovliga (mahramlar va ayollar uchun) bo‘lingan. Bundan tashqari majmua oʻz tarkibiga boshqa vazifalarga xizmat qiluvchi xonalar, mehmonxona, asosiy yotoqxona, bir nechta kichik yotoqxonalar va peshayvonlarni qamrab oladi. Xonalar o‘ymakorlik sanʼati, antiqa buyumlar, eksklyuziv mebellar va noyob bezaklar bilan bezatilgan hamda o‘sha davrning kiyim-kechaklari, sopol idishlari, chinni idishlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari va shu kabi boshqa qimmatbaho eksponatlarni oʻzida jam etgan[4].

Eksponatlar roʻyxati

tahrir

Ushbu memorial inshoot oʻz ichida 500 dan ziyod eksponatlarni saqlab turgani taʼkidlangan[5]:

  • „XIX—XX asrlar boy savdogarining hayoti“ etnografik ekspozitsiyasi;
  • O‘zbekiston davlatining atoqli siyosiy arbobi — Fayzulla Xo‘jayev hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ekspozitsiya;
  • „Boy savdogar uyining oshxonasi“ koʻrgazmasi;
  • „Buxoroning tashqi va ichki savdosi XIX — XX asrlar“.
  • XIX asrdagi Rossiyaning Gardner va Kuznetsov zavodlaridan uy anjomlari;
  • Buxoroda mis va kumushdan yasalgan uy-roʻzgʻor buyumlari (XIX—XX asrlar);
  • XIX asr sharq musiqa asboblari;
  • XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi buxoriylarning shoyi va baxmal kiyimlari[2].

Galereya

tahrir
Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi tasvirlari (2023-yil)

Yana qarang

tahrir

Izohlar

tahrir
  1. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra uch qismdan iborat
  2. Ushbu maʼlumotlar uy-muzeyga tegishli rasmiy maʼlumotnoma ichidan olingan.

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 „Fayzulla Xo‘jaev muzeyiga yana o‘z nomi qaytarildi“. meros.uz. — „...bu go‘sha «Boy savdogar xonadoni uy – muzeyi» nomi bilan faoliyat yurita boshladi. Nihoyat, hukumatimizning shu yil 28-sentabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, majmua «Fayzulla Xo‘jaev uy-muzeyi» deb qayta nomlandi.“. Qaraldi: 27-iyun 2023-yil.
  2. 2,0 2,1 „BOY SAVDOGARNING UY MUZEYI“ (ruscha). www.bukharamuseums.uz. — „Руководит филиалом Ф.Бахранов“. 2023-yil 27-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 27-iyun 2023-yil.
  3. „МЕМОРИАЛЬНЫЙ ДОМ-МУЗЕЙ ФАЙЗУЛЛЫ ХОДЖАЕВА БУХАРА (MEMORIAL HOUSE-MUSEUM OF FAYZULLA KHODJAEV)“ (ruscha). rutraveller.ru. Qaraldi: 27-iyun 2023-yil.
  4. 4,0 4,1 „Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyi: Jonlangan tarix“ (o'zbekcha). zarnews.uz. — „Fayzulla Xo‘jayevning uy-muzeyi XIX asr me’morchiligining yorqin namunasi bo‘lib, sayyohlar uchun ochiq.“. Qaraldi: 27-iyun 2023-yil.
  5. 5,0 5,1 „Музейга яна Файзулла Хўжаев номи берилди“ (o'zbekcha). xs.uz. — „Айни пайтда бу ерда 521 та экспонат бор.“. 2023-yil 27-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 27-iyun 2023-yil.