Saʼdiy Sheroziy (taxallusi; asl ism-sharifi Muslihiddin Abu Muhammad Abdulloh ibn Mushrifiddin (1210 — 1291 yoki 1292) — forsigoʻy shoir, adib va mutafakkir.[2]

Saʼdiy Sheroziy
Tavalludi 1210
Vafoti 1291 yoki 1292
Ijod qilgan tillari Fors tili va Arab tili[1]
Janr gʻazal

Hayoti

tahrir

Sharq xalqlari orasida Shayx Saʼdiy nomi bilan mashhur. Otasi Sheroz otabegi Saʼd binni Zanjiyning mulozimlaridan boʻlgan. Otadan yosh yetim qolgan S. boshlangʻich maʼlumotni tugʻilgan shahri Sherozda olgach, tahsilni xalifalikning poytaxti, ilm va madaniyat markazi boʻlgan Bagʻdodda davom ettirgan. „Nizomiya“ va „Mustansiriya“ madrasalarida diniy, filologik, tabiiy va aniqfanlarni oʻrgangan. Oʻz davrining dongdor mutasavvifi va faylasufi Shahobiddin Suhravardiy hamda yirik ilohiyotshunos Abdulfaraj Abdurahmon ibn Jazviy qoʻlida tahsil olgan.

Madrasani tugatgan S. Sharq mamlakatlari boʻylab 20 yillik sayohati davomida, Kichik Osiyo yarim orol, Misr, Xuroson, Sharqiy Turkiston, Hindiston kabi mamlakatlarni baʼzan ulovda, baʼzan piyoda kezib chiqqan. Qiyinchiliklar bilan kechgan bu sayoxatlarida S. hayot ilmini chuqur oʻrganib, inson feʼlini butun murakkabligi bilan anglab, oʻz davrining koʻpni koʻrgan donishmand kishisi boʻlib yetishgan. 13-asr oʻrtalarida Sherozga kaytib kelgan S. dunyo tashvishlaridan oʻzini chetga olib, shahar chekkasidagi shayx Abu Abdulloh Hafif xonaqosida faqirona hayot kechirgan.

 
Sheroz shahridagi Saʼdiy maqbarasi

Asarlari

tahrir

Fors-tojik adabiyotida S. maqomi juda yuksak. Xususan, Damashqda „Boʻston“ („Saʼdiynoma“, 1257) va Sherozda „Guliston“ (1258) asarlarini yozgan va sherozlik hukmdor Abubakr ibn Saʼd (1226—60) ga takdim qilgan. S. gʻazalni mustaqil janr darajasiga koʻtargan. U gʻazalchilikdagi oʻzigacha olib borilgan tajribalarni rivojlantirib, takomilga yetkazgan, keyin bu janrni Hofiz Sheroziy yuksak choʻqqiga olib chiqdi. S. gʻazallari 4 devondan iborat boʻlib, ular „Tayyibot“ („Latif gʻazallar“), „Badoyeʼ“ („Yangi gʻazallar“), „Xavotim“ („Xotima gʻazallar“) va „Gʻazaliyoti qadim“ („Eski gʻazallar“)dan iborat. S 2 tilda yoziladigan sheʼr turi — mulammaʼ (shiru shakar)ning ham asoschisi. Arab tilini yaxshi bilganligidan u arabcha misra va baytlarni forsiy bilan uygʻunlashtirib, ushbu shaklni ixtiro qilgan. S. tarjeʼband janrini ham rivojlantirgan. S. fors-tojik badiiy nasrining ham asoschisi hisoblanadi. Ungacha faqat maktublar, hujjatlar, ilmiy va tasavvufiy asarlar, adabiy harakterdagi tarixiy lavhalargina nasrda yozilgan. Bundan tashqari, shoirning „Sohibiya“ asari, arabcha va forscha qasidalari, qitʼa, ruboiy va fardlari ham mashhur. Uning asarlari oʻsha davrda yaratilgan 2 „Kulliyot“i orqali saqlangan. Biri shoir vafotidan 37 y. soʻng Ali binni Ahmad binni Abubakr Besutun gomonidan tuzilgan „Kulliyot“ boʻlib, 19 boʻlimdan iborat. Kitobning kirish qismida toʻplovchi „Kulliyot“ ustida 7 y. ishlaganligini, koʻpchilikning maslahati va yordami bilan bu ishni amalga oshirganini yozadi. Ikkinchi „Kulliyot“ 13-asrga oid boʻlib, kim tomonidan toʻplanganligi yozilmagan. Shu 2 manba asosida Eron olimi Muhammadali Furoʻgʻiy S. „Kulliyot“ini nashr ettirgan (1941). „Kulliyot“ga, diniyfalsafiy, nasriy asarlardan tashqari, „Guliston“, „Boʻston“, „Arab qasidalari“, „Fors qasidalari“, „Tarjibband“, shuningdek, 4 devoni kiritilgan. Asar 18 boʻlimdan iborat boʻlib, 10 dan ortiq janrdagi asarlarni oʻz ichiga oladi.

Bir umr xalq ichida yashagani, hayotning butun achchiqchuchugini totgani uchun ham S. asarlari boshqa Sharq shoirlaridan hayratlanarli darajada hayotiyligi bilan alohida ajralib turadi. „Boʻston“ va „Guliston“ hayotiy hikoyatlardan tashkil topgani, donishmand shoirning bu hikoyatlar soʻngida qissadan hissa tarzida keltirgan sheʼrlari real turmushdan chiqarilgan xulosalar ekanligi bilan jahon ilmu adab ahlini birday oʻziga tortib kelmoqda. BMT ning Tinchlik Kengashi binosi peshtoqiga „Guliston“dan olingan quyidagi misralar bitilgan: „Odam bolalari ibtidoda bir gavhardan bino boʻlganlari tufayli yaxlit bir vujud kabidirlar. Binobarin, zamon uning bir aʼzosiga jarohat yetkazsa, boshqa aʼzolari ham oʻz tinchini yoʻqotadi“.

بنى‌آدم اعضای یک پیکرند
که در آفرینش ز یک گوهرند
چو عضوى به درد آورَد روزگار
دگر عضوها را نمانَد قرار
تو کز محنت دیگران بی‌غمی
نشاید که نامت نهند آدمی
banī 'ādam aʼzā-ye yek peykar-and
ke dar 'āfarīn-aš ze yek gowhar-and
čo 'ozvī be dard āvarad rūzgār
degar 'ozvhā-rā na-mānad qarār
to k-az mehnat-ē dīgarān bīqam-ī
na-šāyad ke nām-at nahand ādamī

S. oʻzidan keyingi Sharq adabiyotiga kuchli taʼsir koʻrsatgan. Shoir asarlari qadimdan oʻzbek xalqi orasida ham mashhur. „Boʻston“ va „Guliston“ madrasalarda asosiy darsliklar qatorida oʻqitilib kelgan. Navoiy „Devoni Foniy“da S. gʻazaliga 22 ta tatabbuʼ qilgan. Navoiyning „Mahbub ulqulub“, Avloniyning „Turkiy guliston“ asarlari bevosita S. taʼsirida yaratilgan. „Guliston“ 1390—91 yildayoq Sayfi Saroyi tomonidan „Gulistoni bitturkiy“ nomi bilan oʻzbek tiliga ijodiy tarjima qilingan. 19-asr 2-yarmida Ogahiy, 1909-yil Murodxoʻja domla, shuningdek, Sidqiy Xondayliqiy, Gʻafur Gʻulom, Muinzoda, Shoislom Shomuhamedov, Rustam Komilovlar oʻzbek tiliga tarjima qilganlar. „Boʻston“ asari Chustiy tarjimasida nashr etilgan.

1958-yil Butunjahon Tinchlik qoʻmitasining qarori bilan „Guliston“ning 700 y.ligi xalqaro miqyosda keng nishonlangan.

Adabiyot

tahrir
  • Shomuhamedov Sh., „Saʼdiy Sheroziy“, T., 1964
  • Shomuhamedov Sh., „Fors-tojik adabiyoti klassiklari ijodida gumanizm“, T., 1968
  • „Boʻston“, T., 1960
  • „Guliston“, T., 1968
  • „Saʼdiy Sheroziy sheʼriyatidan“, T., 1976
  • „Guliston“ (Ogahiy tarjimasi), T., 1993.

Manbalar

tahrir
  1. (unspecified title)
  2. Ergash Ochilov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir