Islom Karimov vafoti
Ushbu sahifani Islom Karimov#Vafoti bilan birlashtirish taklif etiladi. (munozara) |
Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 2016-yil 2-sentabrida Toshkent vaqti bilan soat 20:55 da Toshkent shahrida bosh miyada qayta tiklanmaydigan oʻzgarishlarga va poliorgan yetishmovchiligiga olib kelgan miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi (insult) oqibatida vafot etdi.[1]
Tibbiy xulosa
tahrirSogʻliqni saqlash vaziri Anvar Alimov va boshqa tibbiyot mutaxassislari tuzgan tibbiy xulosaga binoan, Karimov, 78 yoshda, 27-avgust kuni ertalab soat 09.00 da hushsiz holatda zudlik bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Tibbiyot-sanitariya birlashmasining Markaziy klinik shifoxonasiga olib kelindi.[2] Tibbiy koʻrik Rossiya fanlar akademiyasi akademiklari: kardiojarroh Leo Bokeriya va neyrojarroh Aleksandr Potapov; Hannover xalqaro neyroxirurgiya institutining vitse-prezidenti va ijrochi direktori, professor Amir Samii, Monako kardiotorakal markazi direktori, professor Gilles Dreyfus, Heydelberg universiteti kardiologiya boʻlimi rahbari, professor Hugo Katus, Helsinki universiteti markaziy gospitalining neyroxirurgiya boʻlimi professori Juha Hernesniemi tomonidan oʻtkazildi.[2] Davolash rejasi oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan oʻtkazilgan konsiliumda belgilandi. Tibbiy xulosaga binoan, bemorning nevrologik holati avval boshdan atonik koma sifatida qayd etildi. Nevrologik statusda diffuz mushak atoniyasi, arefleksiya kuzatildi. Bemorga uch marotaba dinamik elektroensefalografik tekshiruv oʻtkazilib, unda bosh miyaning bioelektrik faolligining susayishi aniqlandi."[2] Toʻliq hajmdagi diagnostika-davolash muolajalari va intensiv terapiya chora-tadbirlari oʻtkazilganiga qaramasdan 2016-yil 2-sentabr kuni soat 20:15 da yurak faoliyati toʻxtadi. Amalga oshirilgan intensiv reanimatsiya tadbirlari natija bermadi va bemorda soat 20:55 da biologik oʻlim holati qayd etildi.[2]
Dafn marosimi
tahrir2016-yil 2-sentabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori chiqdi, unda Islom Karimov xohish-irodasiga koʻra Samarqandda dafn etilishi, 3-sentabrdan boshlab uch kunlik motam eʼlon qilinishi koʻrsatilgan.[3] Dafn marosimini oʻtkazish komissiyasi tarkibida Shavkat Mirziyoyev, Rustam Inoyatov, Rustam Azimov, Adham Ahmadboyev va boshqa davlat va jamoat arboblari koʻrsatildi.[3]
2016-yil 3-sentabr tongida motam korteji Toshkent shahri boʻylab aeroportga yurdi, kortejni oʻn minglab odamlar kuzatishdi.[4][5] Aeroportdan dafn marosimi Samarqandga uchib, Registon maydoniga keldi.
Marosimda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻani, Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri oʻrinbosari Zhang Gaoli, Koreya Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Lee Jong-seok, Belarus Bosh vaziri Andrey Kobyakov, Qozogʻiston Bosh vaziri Karim Masimov, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi Oqtay Əsədov, Gruziya Respublikasi Bosh vaziri Giorgi Kvirikashvili, Qirgʻiziston Bosh vaziri Soʻronboy Jeenbekov, Turkiya Bosh vaziri oʻrinbosari Tuğrul Türkeş, Ukraina Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Stepan Kubiv, Birlashgan Arab Amirliklari davlat vaziri Rashid ibn Ahmad ibn Fahad, Armaniston Respublikasi parlamenti vitse-spikeri Ermine Nagdalyan, Yaponiya parlament vaziri Motome Takisawa, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif, MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedev va boshqalar qatnashdi.[4]
Xalqaro reaksiya
tahrirIslom Karimov vafoti yuzasidan dunyo boʻylab siyosat va jamoat arboblari taʼziyanomalar yoʻllashdi. Ular qatorida Barack Obama, Pan Gi Mun, Vladimir Putin, Xi Jinping, Nursulton Nazarboyev, Almazbek Atambayev, İlham Əliyev, Aleksandr Lukashenko, Petro Poroshenko, Shinzō Abe, Pranab Mukherjee, Recep Tayyip Erdoğan va boshqalar bor.[6]
2016-yil 4-sentabrida Kuba davlat kengashi 2016-yil 5-sentabrini Islom Karimov vafoti motami kuni deb belgiladi.[7]
Manbalar
tahrir- ↑ „Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлиси ва Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг ахбороти“. UzA (2016-yil 2-sentyabr).
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 „Islom Abdugʻaniyevich Karimovning kasalligi va vafoti sabablari toʻgʻrisida tibbiy xulosa“. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati (2016-yil 2-sentyabr). 2016-yil 6-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 5-sentyabr.
- ↑ 3,0 3,1 „Ўзбекистон Республикасининг Биринчи Президенти И.А.Каримовнинг дафн маросимини ўтказиш бўйича давлат комиссиясини ташкил этиш тўғрисида“. Oʻzbekiston Respublikasi hukumat portal (2016-yil 2-sentyabr).
- ↑ 4,0 4,1 „Ўзбекистон Республикасининг Биринчи Президенти Ислом Каримов билан видолашув“. UzA (2016-yil 4-sentyabr).
- ↑ „Прощание с Первым Президентом“. Gazeta.uz (2016-yil 3-sentyabr).
- ↑ „Таъзияномалар“. UzA (2016-yil 4-sentyabr).
- ↑ „Decreta el Consejo de Estado de Cuba duelo oficial por fallecimiento de Presidente uzbeko“. cubadebate.cu (2016-yil 4-sentyabr).