Jizzax karragi (lotincha: Cousinia dshisakensis) – murakkabguldoshlar oilasi, karrak turkumiga mansub gulli oʻsimlik turi. Hayotiy shakli ikki yillik. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Jizzax viloyati hududida tarqalgan. Togʻlarning oʻrta va pastki qismlarida, yonbagʻirlarda, qoyalarda va shagʻalli tuproqlarda oʻsadi[1].

Jizzax karragi
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli oʻsimliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Karrak
Oila: Murakkabguldoshlar
Binar nomi
Cousinia dshisakensis

Tavsifi

tahrir

Balandligi 20-40 sm ga yetadigan ikki yillik oʻt oʻsimlik. Oʻq ildiz tizimiga ega. Togʻ yon bagʻirlarida va qoyalarda oʻsishga moslashgan. Poyasi tik oʻsadi va yakka kallakli shoxchalardan iborat. Yopirma barglari lirasimon, keng bandli. Poyada barglari navbatma-navbat joylashgan, shakli choʻziq, chetlari yirik tishsimon tikanli. Barglari ustki tomondan chalkash, siyrak, ostki tomondan quyuq tuklar bilan qoplangan. Gullari ikki jinsli, quvursimon shaklda, savatcha to‘pgulda yigʻilgan. Savatchasi yirik diametri 2-2,5 sm. Gultojibarglari gulkosachabarglaridan biroz uzunroq, pushti yoki binafsharang tusda. Hasharotlar yordamida changlanadi. May oyida gullab, mevasi iyun oyida pishadi. Mevalarining uzunligi 6-6,5 mm, eni 2-2,5 mm. Urug‘i orqali jinsiy yoʻl bilan koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti

tahrir

Tabiatda kam tarqalgan, tuplari bir biridan uzoqda oʻsadi. Jizzax viloyati hududida uchraydi. Tog‘larning oʻrta va pastki qismlarida, shagʻalli yonbagʻirlarda hamda qoyalarda oʻsadi. Maʼlum bir tuproq sharoitiga moslashganligi va oʻsish joylarida chorva mollarining koʻplab boqilishi natijasida areali qisqarib ketgan. 1962—yildan boshlab OʻzbekistonRespublikasiFanlar akademiyasining Botanika bogʻida yetishtirilmoqda[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Кузиния джизакская“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.