Jumaniyoz Sharipov (1911.25.10, Xiva) — oʻzbek yozuvchisi, tarjimashunos olim.

Jumaniyoz Sharipov
Tavalludi 1911.25.10
Ijod qilgan tillari Oʻzbek tili
Fuqaroligi Oʻzbekiston

Filologiya fanlari doktori (1968). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1971). Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi (1941—43). Samarqanddagi pedakademiyani tugatgan (1932). Maorif xalq komissarligi metodika ilmiy kengashining masʼul rahbari (1932—34), Til va adabiyot instituti aspiranti (1935—37). Oʻquv pednashriyoti direktori (1937—40; 1949— 52), Oʻzbekiston KP MK madaniyat boʻlimi mudiri (1941—43; 1943—45), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining masʼul kotibi (1945—49). Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi nashriyotining direktori (1952—59), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim (1959—70), sektor va boʻlim mudiri (1970—78), katta ilmiy xodim (1978—2002).

Ilk kitobi — ,,Yolqinli sheʼrlar" (1931). ,,Adabiyot darsligi" (1933), ,,Maksim Gorkiy" (1948) dostoni, ,,Saodat" (1958) qissasi nashr etilgan. ,,Xorazm" (1-kitob, 1960; 2-kitob, 1970; 3-kitob, 1974; 4-kitob, 1976) tetralogiyasida Asfandiyorxon hukmronligi (1910—1918-yillar) va fuqarolik urushi davrida xorazmliklarning og'ir hayoti, oʻlkada Sovet hokimiyatining oʻrnatilishi voqealari aks ettirilgan. ,,Oʻzbekistonda tarjima tarixidan" monografiyasida oʻzbek adabiyotida eng qadimgi davrlardan to XX asrga qadar yaratilgan tarjimalar oʻrganilgan. Jumaniyoz Sharipov tarjima tarixi va nazariyasi, tarjimonlar mahorati yuzasidan koʻplab risola va maqolalar eʼlon qilgan. Sh.Rustaveli, A.S.Pushkin, Maxtumquli, M.Gorkiy, S.Stalskiy, B.Kerboboyev va boshqalarning ayrim asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Asarlari:

  1. Badiiy tarjimaning baʼzi masalalari, T., 1957;
  2. Oʻzbekistonda tarjima tarixidan, T., 1965;
  3. Badiiy tarjimalar va mohir tarjimonlar, T., 1972;
  4. Xorezm, 1—3 kn., M., 1968-76.