Kambodja (kxmer. ព្រះរាជាណាចក្រកម្ពុជា Preăh Réachéanachâkr Kâmpŭchea) — Janubi-Sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarim orolining janubiy qismida joylashgan davlat. Maydoni 181 ming 35 km2. Aholisi 14 805 000 kishi (2009). Poytaxti — Pnompen shahri. Maʼmuriy jihatdan 20 viloyat (kxet)ga va markaz qaramogʻidagi 2 shaharga boʻlinadi.

Kambodja Qirolligi

Preăh Réachéanachâkr Kâmpŭchea
Shiorជាតិ សាសនា ព្រះមហាក្សត្រ
Kxmercha: Xalq, Din, Qirol
Madhiya: Nokoreach
Location of Kambodja
Poytaxt Pnompen
Rasmiy til(lar) Kxmer tili
Hukumat Konstitutsion Rohiblik
• Rohib
Qirol Norodom Sihamoni
Samdech Hun Manet
Mustaqillik (Fransiyadan)
• Sana
9-noyabr 1953
Maydon
• Butun
181,040 km2 (89-oʻrin)
• Suv (%)
2.5
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
13,607,069 (64-oʻrin)
• Zichlik 75/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$29,890 mil. (95-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$2,197
Pul birligi Riel (KHR)
Vaqt mintaqasi UTC+7
• Yoz (DST)
UTC+7
Qisqartma CB
Telefon prefiksi 855
Internet domeni .kh

Davlat tuzumi

tahrir

Kambodja — konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1993-yilda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — qirol. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 2 palatali parlament (Milliy assambleya va Senat)dan iborat. Ijroiya hokimiyatni hukumat amalga oshiradi.

Tabiati

tahrir

Kambodja hududining koʻp qismini allyuvial va koʻl yotqiziqlaridan iborat Kambodja tekisligi egallagan. Mamlakat gʻarbida Kravan togʻlari (Oral togʻi, 1813 metr — eng baland nuqta), shimolda Dangrek qumlogʻi va sharqida Annam togʻlarining tarmogʻi bor.

Iqlimi

tahrir

Iqlimi subekvatorial, mussonli, yozi nam, qishi nisbatan quruq. Eng issiq oy — aprelda oʻrtacha harorat 29 °C, 30 °C, dekabrda 25 °C, 26 °C. Oʻrtacha yillik yogʻin 700–2000 mm.

Geografiyasi

tahrir
 
Tonlesap daryosi

Kambodjada daryo koʻp. Mekong daryosining quyi qismi Kambodja hududidan oʻtadi; suv sathi mavsum sayin oʻzgarib turadi. Tonlesap koʻli kam suv. Kambodja hududining 3/4 qismiga yaqini oʻrmon. Sharqida barg toʻkuvchi tropik oʻrmon, togʻlarda qimmatbaho yogʻoch beruvchi doim yashil (sal, tik, lak, kamfara) daraxtlar usadi. Qolgan hududida siyrak daraxtli savannalar, qalin bambukzorlar va turli chakalakzorlar bor. Kambodja tekisligi ancha qismining tuprogʻi unumdor allyuvial tuproq. Hayvonlari koʻp va xilma-xil. Yoʻlbars, qoplon, qora ayiq, fillar uchraydi. Mekong daryosi va uning irmoqlarida timsohlar, suzuvchi qushlar, meshkopchiqush va flamingolar bor. Tonlesap koʻlida baliq koʻp.

Hududiy boʻlinishi

tahrir

Davlat hududi 23 provinsiyaga boʻlinadi.

 
Kambodjaning hududiy boʻlinishi
   

Aholisi

tahrir
 
Pnompen

Aholisining 80 % kxmerlar, asosan, Kambodjaning markaziy pasttekislik qismida yashaydi. Shaharlarda, Mekong daryosi vodiysi va Tonlesap atrofida vyetnamlar, xitoylar, shuningdek, chamlar, malayyalar, togʻlik kxmerlar, fransuzlar (shaharlarda) va boshqalar istiqomat qiladi. Rasmiy tili — kxmer tili, fransuz tilida ham soʻzlashishadi. Kxmerlarning koʻpchiligi buddaviylikka, xitoylar — konfutsiylikka eʼtiqod qiladi, fransuzlar bilan vyetnamlarning bir qismi katolik mazhabida. Aholining 12 % dan koʻprogʻi shaharlarda. Yirik shaharlari: Pnompen, Battambang, Sianukvil (Kampongsaom).

Tarixi

tahrir

Hozirgi Kambodja hududida odamlar neolit davridan yashaydi. Ular dehqonchilik, baliqchilik va ovchilik bilan shugʻullangan. 1 — 6 asrlarda Kambodja hududida birinchi Funan quldorlik davlati vujudga keldi. U Janubiy Hindiston, Xitoy bilan savdo qilgan va madaniy aloqada boʻlgan. 7 — 8 asrlarda Kambodja hududida Yer Chenlasi va Suv Chenlasi davlatlari tashkil topdi. 9-asrda esa Mekong daryosi deltasida Kambujadesh saltanati vujudga keldi. U 13-asr oxirida inqirozga uchradi. 16-asr oʻrtalarida buddaviylik tarqaldi. 16-asr oxirida Tay qoʻshinlari mamlakatning gʻarbiy qismini vayron qildi. 18-asrda Kambodja Siyom va Vyetnam davlatlariga tobe boʻlib qoldi.

19-asr oʻrtalarida Fransiya Kambodjaga bostirib kirib, 1863-yil uni protektorat haqida shartnoma tuzishga majbur etdi. Mazkur shartnoma 1884-yil Kambodja uchun ogʻir bitim bilan almashtirildi. Natijada Kambodja Fransiya mustamlakasiga aylandi. 1887-yil Kambodja Fransiya Hindixitoydagi oʻz mustamlakalarini nazorat qilishni markazlashtirish maqsadida tuzgan Hindixitoy ittifoqi tarkibiga kiritildi. Kambodjaning asoratga solinishi milliy mustaqillik uchun kurashning avj olishiga sabab boʻldi. 19-asrning 60—90-yillarida milliy mustaqillikni tiklash uchun xalq harakatlari boʻlib oʻtdi. 1926-yil mustaqillik talab qilgan dehqonlar harakati fransuz mustamlakachilari tomonidan shafqatsizlik bilan bostirildi. 1940-yilda Kambodjani Yaponiya bosib oldi. Vatanparvarlarning Qarshilik harakati Ozod kxmer tashkiloti rahbarligida yapon bosqinchilariga, 1945-yildan keyin fransuz mustamlakachilariga qarshi keskin kurash olib bordi. 1946-yil saylangan Maslahat majlisi Kambodja tarixida birinchi konstitutsiyani tasdiqladi. Milliy ozodlik harakati tazyiqi ostida Fransiya oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketishga majbur boʻldi (1953-yil 9-noyabr). Bu sana milliy bayram — Kambodja mustaqilligi kuni deb eʼlon qilindi. 1955-yil 25-sentabrda Kambodja konstitutsiyasiga tuzatish kiritildi, birinchi mustaqil hukumat — Sangkum tuzildi. 1970-yil 18-martda mamlakatda davlat toʻntarilishi boʻldi; N. Sianuk oʻrniga general Lon Nol davlat boshligʻi qilib tayinlandi. Aprel oyi oxirlarida Kambodjaga Amerika-Saygon qoʻshinlari bostirib kirdi. Kambodja vatanparvarlari bosqinchilarga va Pnompen mustabid hokimiyati qoʻshinlariga qarshi kurash olib bordi. 1970-yil 30-iyunda AQSh qoʻshinlarining katta qismi Kambodja hududidan olib ketildi. 1970-yil 9-oktabrda Pnompenda gʻayridemokratik „Kxmer Respublikasi“ eʼlon qilindi, 1972-yil 4-iyunda Lon Nol „prezident“ qilib „saylandi“. U Kambodjada osiyoliklarni osiyoliklarga qarshi urushtirish siyosatini qoʻlladi. 1976-yilda mamlakatdagi hokimiyatni Pol Pot — Iyeng Sari toʻdasi egallab olib, fashistsimon mustabid tartiblarni oʻrnatdi, xalqni qirgʻin qildi. 1978-yilda tuzilgan Kambodja milliy najot birlashgan fronti qurolli kuchlari safi partizanlar, muntazam qismlar va boshqa vatanparvar kuchlar hisobiga kengaydi. Ular mamlakat hududining katta qismini ozod qilishga erishdi. 1979-yilda manfur tuzum agʻdarildi. 1993-yilda yangi konstitutsiya qabul qilindi, N. Sianuk boshliq monarxiya tiklandi. Shu konstitutsiyada Kambodja qoʻshilmaslik siyosatini yurituvchi mustaqil, suveren, tinchliksevar, betaraf mamlakat deb eʼlon qilindi. Kambodja 1955-yildan BMT aʼzosi. Ozbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1995-yil 7-sentabrda oʻrnatgan. Milliy bayrami — 9-noyabr — Mustaqillik kuni (1953)[1].

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari

tahrir

Mustaqil, betaraf, tinch va hamkorlik qiluvchi Kambodja uchun milliy front, 1992-yilda tuzilgan; Kambodja xalq partiyasi, 1951-yilda asos solingan; Buddaviylar liberal-demokratik partiyasi, 1992-yilda tuzilgan; Liberal demokratik partiya, 1992-yil tuzilgan; Kambodja milliy qurilish va mudofaa birlashgan fronta, 1978-yil tuzilgan. Kambodja kasaba uyushmalari federatsiyasi 1979-yil tuzilgan.

Xoʻjaligi

tahrir

Kambodja — iqtisodiy jihatdan zaif agrar mamlakat. Xoʻjaligining asosi — qishloq xoʻjaligi mehnatga layoqatli aholining 85 % band boʻlgan bu soha yalpi ichki mahsulotning 46,6 % ni beradi. Qishloq xoʻjaligida yetakchi tarmoq — dehqonchilik. Sholi, makkajoʻxori, batat, yams, shakarqamish, murch, yer yongʻoq, tamaki, banan, apelsin, mandarin, paxta yetishtiriladi, tabiiy kauchuk olinadi. Qoramoldan koʻpincha ish hayvoni sifatida foydalaniladi. Kambodjada yiliga 100 ming m3 yogʻoch tayyorlanadi. Baliq ovlash (ayniqsa, Tonlesap koʻlida) rivojlangan.

Sanoat korxonalari

tahrir

Asosan, mahalliy qishloq xoʻjaligi xom ashyosini ishlaydi. Oltin, boksit, fosforit, magnezit, temir rudasi, rangli metallar rudalari, marmar va boshqalar qazib chiqariladi. Elektr energiyasining koʻp qismi issiqlik elektr stansiyalari (70 mln. kVt-soat)dan olinadi. Oziq-ovqat tayyorlash ishlab beruvchi sanoatning asosiy tarmogʻidir. Metall va yogʻoch ishlash, oziq-ovqat, neft tozalash, toʻqimachilik va qogʻoz fabrikalari, faner, sement, traktor-avtomobil yiguv, shina, pivo zavoddlari va boshqa korxonalar bor. Sanoat markazlari: Pnompen, Battambang va Sianuk-vil shaharlari.

Yoʻllari

tahrir
 
Milliy shosse № 4
 
Siemreapedagi xalqaro aeroport

Kambodjada 649 km temir yoʻl, 14,8 ming km ga yaqin avtomobil yoʻli bor. Suv yoʻllarining ahamiyati katta (Mekong daryosining quyi oqimida). Asosiy portlari: Pnompen, Sianukvil. Pnompen yaqinida xalqaro aeroport bor. Kambodja chetga guruch, tabiiy kauchuk, qurilish materiallari, kunjut, kapok (dagʻal oʻsimlik tolasi), murch, baliq va baliq mahsulotlari chiqaradi. Chetdan mashinalar, asbob-uskunalar, neft mahsulotlari, transport vositalari, sement, isteʼmol mahsulotlari, metall va metall buyumlar keltiriladi. Kambodja Singapur, Tailand, Malayziya, Vyetnam va boshqa davlatlar bilan savdo qiladi. Pul birligi — riyel[2].

Maorifi

tahrir
 
Qirollik universitet, Pnompen

Kambodja mustaqillikka erishgach, boshlangich (6 yillik), toʻliqsiz oʻrta (4 yillik), oʻrta (7 yillik) maktablarda bepul oʻqish joriy qilindi. Pnompenda Oliy texnologiya instituti va Qirollik texnika unstituti, shuningdek, Milliy kutubxona, Milliy muzey va Qirollik saroyi muzeyi mavjud[3] Для лиц в возрасте от 15 до 24 лет этот показатель составляет 89 и 86 % для юношей и для девушек соответственно[4].

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi

tahrir

Kambodjada nashr etiladigan gazeta va jurnallar: „Kambodja“ (kxmer tilida chiqadigan haftalik gazetasi, 1979-yildan), „Kaset kangtoap padivoat“ („Kambodja inqilobiy armiyasi“, kxmer tilidagi haftalik gazetasi, 1979-yildan), „Procheachun“ („Xalq“, kxmer tilida haftasiga 2 marta chiqadigan gazetasi, 1985-yildan), „Pulko“ („Mehnatkash“, kxmer tilida 2 haftada chiqadigan gazetasi, 1988-yildan), „Neak kxusana“ („Targʻibotchi“, jurunali). Kambodja matbuot agentligi 1978-yilda tashkil etilgan. Kambodja milliy radiosi (1978) va Kambodja davlat televideniyesi (1983) ishlaydi.

Adabiyoti

tahrir
 
Klassik kxmercha raqs
 
Banteaysrey
 
XIX asrda solingan rasm

Kambodja yozma adabiyotining sanskritdagi ilk namunalari 2-asrda yaratilgan. Kxmer tilidagi adabiy asarlar 7-asr boshlarida paydo boʻldi. 802—1433-yillarda kxmer madaniyati ravnaq topdi, kxmer tilida „Indradevi“ lirik dostoni, „Reamker“ eposi va „Tum va Teau“ xalq dostoni yaratildi. Yozuvchilardan Yashovar Man II, Kavishvara, Kindra, Subxadra sanskritda, Duong, Tyey Non, Pxokdey va b. kxmer tilida ijod qildilar. 20-asrning 30—40-yillarida gumanistik ruhdagi dastlabki romanlar — „Paylin atirguli“, „Sopxat“ va boshqalar yozildi. Kambodja mustaqillikka erishgach, kxmer adiblari ittifoqi tashkil etildi. Tiu Ol, Xel Sumpxa, Suon Soren, Nop Savan va boshqa yozuvchilar muhim ijtimoiy-siyosiy mavzularda asarlar yaratdi. Folklor materiallarini toʻplash va ularni nashr etish ishlari olib borildi.

Meʼmorligi

tahrir

Eneolit va jez davrlaridagi dastlabki bino (ibodatxona)lar yogʻochdan, keyinroq toshdan, 6—7-asrlarda gʻishtdan qurilgan. Kxmerlarga xos turar joylar qoziqoyoqlarga oʻrnatilgan. 7-asrdagi Sambor-Prey-Kuk ansambli kabi minorasimon ibodatxonalar — prasatlar barpo qilingan. 9-asrda katta meʼmoriy majmualar va ehrom uslubidagi ibodatxonalar bunyod etildi. 10-asrda bino qurishda laterit va qumtosh ishlatildi, oʻymakorlik sanʼati rivojlandi. 9—12 asrlarda yaratilgan yodgorliklar mustahkamligi, yaxlitligi va oʻz davriga xosligi bilan ajralib turadi. 9—13 asrlarda meʼmorlik, ayniqsa, ravnaq topdi, serxasham ibodatxonalar va saroylardan iborat Angkor majmui bunyod etildi. Shu davrda 8 shaharda 1000 dan ortiq inshoot qurildi. Shahar markazlarida „togʻ-ehromlar“ qurish rasm boʻldi (Roluosdagi Prax-Ko, Banteay Srey va boshqalar). 14 asrdan saroy va ibodatxonalar tosh oʻrniga yogʻochdan qurila boshladi. 19-asrning 2-yarmidan shahar binolarini fransuz eklektikasi ruhida qurish avj oldi. Mustaqillik yillarida Pnompen, Kampongsaom va boshqa shaharlarda maʼmuriy, jamoat va uy-joy binolari temir-betondan mahalliy anʼanalar galereya, minora, nishabi tik tom)ni saqlagan holda, ayvonli va quyoshdan toʻsadigan qilib, zamonaviy uslubda solindi. Qishloqva shaharlarda koʻpchilik uylar sinchli va ayvonli qilib quriladi.

Tasviriy sanʼati

tahrir

Kambodja hududida yaratilgan eng qadimgi sanʼat yodgorliklari neolit davriga toʻgʻri keladi. Mil. av. 1-ming yillikda jezdan yasalgan buyumlar saqlanib qolgan. Mil. 6 — 8 asrlarda hindlarnikiga oʻxshash haykalchalar yasalgan. 9—13 asrlarda meʼmoriy yodgorliklar haykaltaroshlik va naqshinkorlik usulida bezatilgan. 14-asrdan boshlab haykallarni asosan jez va yogʻochdan yasash odat boʻlgan. 20-asr boshlaridan naqsh va rasmlardagi tasvirlarga hayotiy manzaralar kiritila boshlandi; rangtasvir va grafika rivojlandi. Rassomlardan Ngok Dim, Sam Yun va boshqalarning asarlari mashhur. Amaliy bezak sanʼati turlaridan qoʻlda shoyi toʻqish, yogʻoch va fil soʻyagi oʻymakorligi, kashtadoʻzlik va boshqa anʼanalar saqlangan.

Musiqasi

tahrir

Qadimgi zamonlarda vujudga kelib shakllangan. Koʻhna ibodatxonalarda xonanda va sozandalarning nomlari bitilgan yozuvlar, tasvirlar saqlangan. Angkor davri (9—14 asrlar)da rivoj topgan kxmer mumtoz musiqa madaniyati va cholgʻu asboblari hamon oʻz shaklini oʻzgartirmagan. Mumtoz musiqa madaniyatida diniy ibodatlar bilan bogʻliq musiqiy raqs (milliy balet) tomoshalari asosiy oʻrin tutadi. Kambodja baletida asosiy rollarni ayollar ijro etadi, 2 erkak raqqos esa iblis, qiziqchi va hayvonlar niqobida oʻynaydi. Urib chalinadigan asboblar — baraban (sampxo, chxayyam), qoʻsh litavra (skotxom), simbal, gong, puflab chalinadigan — goboysimon (pey o, peypok, pra pey), qamish nay (kxloy), torli asboblar — udsimon (ta diyeu, takxe), gʻijjaksimon cholgʻular (troche, trosao, trokmaye) milliy orkestrda asosiy oʻrinni oladi. 1966-yilda Pnompenda Nafis sanʼat instituti tashkil etilgan.

Teatri

tahrir

Fonus xayol, yaʼni soyalar teatri Kambodja uchun anʼanaviy hisoblanadi. 1955-yilda Davlat drama teatri tashkil etildi. Pnompen, Siyemreap va boshqa shaharlarda doimiy truppalar ishlaydi. Badiiy havaskorlik keng tus olgan. Professional badiiy jamoalar tashkil etilgan, milliy balet qayta tiklangan. Uning sahnasida mifologiya ruhidagi anʼanaviy rakslar bilan bir qatorda voqeiy tomoshalar (xalqning polpotchilar qamoq lagerlaridagi azoblarini va ozodlik yoʻlidagi kurashini ifodalovchi „Kuz yoshlari va qon“ spektakli) koʻrsatiladi. Pnompenda shahar teatri, Siyemreap shahrida yangi teatr ishlaydi.[5]

Manbalar

tahrir
  1. Cambodian Genocide Program | Yale University
  2. „CountryData.com“. CountryData.com. Qaraldi: 27-iyun 2010-yil.
  3. Central Intelligence Agency (Wayback Machine saytida 24-noyabr 2016-yil sanasida arxivlangan). Cia.gov. Retrieved on 20-iyun 2011-yil.
  4. UNICEF — Cambodia — Statistics, 2-aprel 2013-yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 4-aprel 2013-yil {{citation}}: no-break space character in |title= at position 7 (yordam)CS1 maint: date format ()
  5. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar

tahrir
  • Бектимирова Н. Кризис и падение монархического режима в Камбодже. М., 1987.
  • История Кампучии. Краткий очерк. М., Главная редакция восточной литературы издательства «Наука», 1981.
  • Кампучия: от трагедии к возрождению. М., Издательство политической литературы, 1979. — 255 с.
  • Правовые системы стран мира. Энциклопедический справочник. Под ред. А. Я. Сухарева. М., НОРМА, 2003. Статья «Камбоджа». С. 346—350.
  • Chandler D. The tragedy of Cambodian History. New Haven, 1991.
  • Kiernan B. The Pol Pot Regime. New Haven, 1996.

Havolalar

tahrir