Kinokomediya

hazil yoki satirik yondashuv bilan ajralib turadigan kino janri

Kinokomediya yoki komediyali film – kino sanʼati turi. Filmda xarakter, konflikt, vaziyatni tasvirlashda tomoshabinda kulgi qoʻzgʻatish kinokomediyaning asosiy xususiyatidir. Yumoristik va hajviy jihatlari bir-biriga bogʻliq holda koʻrsatiladi. Kinovodevil, ekssentrik „komik“, lirik, maishiy, hajviy, tragikomik, fantastik kinokomediya janrlari keng tarqalgan. Sirk, karikaturani oʻzida singdirgan ekssentrik „komik“ kinokomediya XX asrning 10—20-yillarida yuzaga kelgan (A. Did, M. Linder, R.Kler – Fransiya; M. Sennet, Charlie Chaplin, B. Kiton, G. Lloyd – AQSh). F.Kapra ovozsiz kino davrida „Bir kunlik xonim“, „Mister Dids shaharga koʻchib oʻtmoqda“, „Tundagi hodisa“ kabi filmlarni ishlab Amerika kinokomediyasining rivojlanish davrini boshlab berdi. Keyinchalik A.Blazetti, X.Bardem, J.Bekker, L.Berlanga, G.Krichton, R.Kornelius kabi chet el rejissyorlari jamiyatdagi mavjud nuqsonlarga qarshi kinokomediyalar („Millioner Neapol“, „Tramvay oʻgʻirlandi“, „Dadam, oyim, xizmatkor qiz va men“ va boshqalar) yaratdilar.

Y.Protazanovning „Nasriddin Buxoroda“ (1943) filmi – birinchi oʻzbek kinokomediyasi. „Nasriddinning sarguzashtlari“ (rejissyor N. Gʻaniyev), „Mahallada duv-duv gap“ (Sh. Abbosov), „Kelinlar qoʻzgʻoloni“, „Maysaraning ishi“, „Chimildiq“ (M. Abzalov), „Sharif va Maʼrif“, „Temir erkak“ (I. Ergashev), „Bomba“ (Z. Musoqov), „Masharaboz“ (Sh. Boshbekov) va boshqalar eng yaxshi oʻzbek kinokomediyalaridir. R. Pirmuhamedov, R. Hamroyev, N. Raximov, H. Umarov, S. Xoʻjayev. Baxtiyor Ixtiyorov, H. Sharipov, O. Asomov, M. Xolmedov va boshqalarning oʻzbek kinokomediyasi rivojida hissalari katta. Zamonaviy rejissyorlar izlanishi natijasida kinokomediya unsurlari kinoning boshqa janrlariga ham singib bormoqda.

Adabiyotlar

tahrir