Magnoliya (Magnolia) – magnoliyadoshlar oilasiga mansub doim yashil yoki barg toʻkadigan daraxtlar turkumi. Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerikaning janubi-sharqiy hamda Markaziy Amerikada 80 ga yaqin turi bor. Oʻzbekistonda 3 turi manzarali oʻsimlik sifatida oʻstiriladi. Shundan yirik gulli M. doim yashil manzarali daraxt sifatida tarqalgan. Oʻzbekistonda oʻstiriladiganining bargi kuzda toʻkiladi. Boʻyi 10–13 m oraligʻida. Barglari ellipssimon yoki tuxumsimon, yaltiroq, bandli, ketma-ket joylashgan. Gullari yirik, oq, xushboʻy, yakka. Bargi tarkibida efir moylari, glyukozidlar, poʻstlogʻi va ildizida alkaloidlar bor. Bargidan tayyorlangan suyuq eksrakt qon bosimini pasaytirishda qoʻllanadi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil