Fazo va vaqt yoki Makon va zamon — borliqning umumiy yashash shakllari; fazo dunyoni tashkil etuvchi obʼyektlar va ulardagi tarkibiy nuqtalarning oʻzaro joylashish tartibi, koʻlami va miqyosini ifoda etsa, vaqt dunyoda sodir boʻluvchi hodisa va jarayonlarning ketma-ket roʻy berishi va davomiyligini ifodalaydi. Fazo va vaqtning tabiati hamda mohiyati haqida qadimdan faylasuflar xilma-xil nuqtai nazarni ilgari surgan.

Ularni umumlashtirib 2 ga: substansial va relyatsion konsepsiyaga ajratish mumkin. Substansial konsepsiyada fazo va vaqtning mutlaq jihatlari, relyatsion konsepsiyada esa ularning nisbiy jihatlari mutlaqlashtiriladi.

Substansial yondashuv tarafdorlari (Demokrit, Platon, Eronshaxriy, Zakariyo ar-Roziy, Beruniy, Patritsiy, Kampanella, Gassendi, Nyuton, Eyler va boshqalar)ning fikricha, fazo-materiya va moddiy aloqadorliklardan tashqarida, ularga bogʻliq boʻlmagan holda mavjud boʻlgan mustaqil substansiyadir; u moddiy obʼyektlarning joylashish makoni, fazo mutlaqdir. Vaqt esa borliqqa, fazo va harakatga jiddiy taʼsir koʻrsatadi; vaqt munosabatlari hamda hisob sistemalarida bir xilda oʻtadi. Fazo va vaqtni mustaqil substansiya deb hisoblaganliklari uchun ularning yondashuvi fanga substansial konsepsiya nomi bilan kirgan.

Relyatsion yondashuv vakillari (Aristotel, Avgustin, al-Kindiy, Ibn Sino, Nosir Xisrav, Faxriddin Roziy, Nasriddin Tusiy, Dekart, Leybnits, Toland, Yum, Fixte, Kant, Gegel)ning fikricha, fazo — moddiy dunyoning tarkibiy tuzilishi tartibining namoyon boʻlishi, jismlarning oʻzaro joylashish oʻrni va moddiy narsalarning mavjudligi tartibini ifodalaydi. Fazo juzʼiy holda ham, umumiy holda ham moddiy dunyoning holatiga bogʻliq; materiya fazoning mavjudligi uchun asosiy vositadir, vaqt esa materiyaning atributi (ajralmas xususiyati), u materiyadan tashqarida mavjud boʻlishi mumkin emas, u nisbiydir.

Fanda uzoq davr mobaynida fazoni vaqtdan ajratib tushunish hukmronlik qilib keldi. Shu jixatdan vaqtga nisbatan dinamik va statistik qarashlar ham mavjud. Dinamik qarash boʻyicha, vaqtning faqat hozirgi zamonigina real mavjud, oʻtmish oʻtib ketgan, kelajak esa hali yoʻq. Statistik qarash vakillarining fikricha, vaqtning barcha lahzalari bir yoʻla, yaxlit holda, bir vaqtda mavjuddir, vaqtning lahzalarini har bir subʼyekt oʻz boshidan kechiradi va unga goʻyoki vaqt oqib oʻtayotgandek tuyiladi.

20-asr boshlarida A. Eynshteyn tomonidan nisbiylik nazariyasining yaratilishi fazo va vaqtning oʻzaro chambarchas bogʻlikligi, fazo va vaqt sistemaning harakat tezligi bilan, vaqt-fazo strukturasining modda zichligi bilan bogʻlikligi haqidagi fikrlar tabiiy-ilmiy va nazariy isbotini topdi.

Bundan ilgariroq yaratilgan noyevklid geometriyasi tamoyillari bilan dunyo elektrodinamik manzarasining bogʻlanishi fazoning strukturasi haqidagi tabiiy-ilmiy tasavvurlarni yanada kengaytirdi. Fan yutuqlari fazo va vaqtning xususiyatlari mikro, makro va megadunyolarda bir-biridan farq qilinishini isbotladi. Hozirgi zamon fanlari aniqlab bergan fazo va vaqtning xususiyatlarini 2 turga ajratish mumkin. 1-turga tegishli oʻlchov asboblari (lineyka, ruletka, soat kabilar) bilan oʻlchash mumkin boʻladigan, turli hisob sistemalarida turlicha namoyon boʻladigan nisbiy xususiyatlari kiradi va ular metrik xususiyatlar deb ataladi. Bunday xususiyatlarga fazoning koʻlami, bir jinsliligi, izotropliligi, egilganligi, vaqtning bir jinsliligi, bir xilligi, davomiyligi, anizotropligi va boshqa kiradi. 2-turdagi xususiyatlari fazo va vaqtning tub mohiyatiga aloqador boʻlgan, barcha hisob sistemalarida bir xilda namoyon boʻladigan, oʻzgarmas, fundamental xususiyatlardir. Ular topologik xususiyatlar deb atalib, fazoning uzluksizligi (yoki diskretligi), oʻlchamliligi, tartiblanganligi, kompaktligida, vaqtning esa uzluksizligi, bir oʻlchovliligi, orqaga qaytmasligi, chiziqli bogʻlanganligida va boshqada namoyon boʻladi.

Fazo va vaqtning metrik xususiyatlari borliqning miqdoriy munosabatlarini ifoda etsa, topologik xususiyatlari esa tub sifat jihatlarini aks ettiradi. Shu sababli falsafada fazo va vaqtning metrik xususiyatlari — miqdoriy xususiyatlar, topologik xususiyatlari esa sifatiy xususiyatlar deb ataladi. Fazo va vaqtning metrik xususiyatlari oʻzgarganda voqeliqda jiddiy strukturaviy oʻzgarishlar roʻy bermasligi mumkin, topologik xususiyatlarning oʻzgarishi esa voqelikni, albatta, tubdan strukturaviy oʻzgartiradi.

Fazo va vaqt turlari

tahrir

Fazo va vaqtni anglashda real, perseptual va konseptual fazo va vaqtlarni bir-biridan ajrata olish lozim. Obyektiv voqelikdagi real, jismoniy, fizik obʼyektlar, narsa va hodisalarning oʻziga xos fazo va vaqt aloqadorliklari real fazo va vaqt deyiladi. Real fazo va vaqtning inson tasavvurida idrok etilishi — perseptual fazo va vaqt boshqa boʻlsa, real fazo va vaqtning matematik tenglama va hisob-kitoblarda modellashtirilishi — konseptual fazo va vaqtdir. Perseptual va konseptual fazo va vaqt real fazo va vaqtning inʼikosi ekanligini hisobga olish lozim, ularni aynanlashtirish kishini chalgʻitishi mumkin.

Hozirgi Davrda borliqning turli tashkiliy struktura darajalariga aloqador fizik, kimyoviy, geologik, biologik, fiziologik, ijtimoiy (sotsiologik), psixologik fazo va vaqt haqidagi konsepsiyalar ham yaratilmoqda. Ularda olamning tuzilish jihatdan xilma-xilligi va birligi, koʻp qirraliligi va cheksizligi, murakkabligi va nihoyasizligi asoslanmoqda. 20-asrning oxiri — 21-asrning boshlarida nazariy fizika, topologiya, chiziqli algebra, kvant fizikasi, relyativistik kosmologiya kabi fanlarning rivojlanishi fazo va vaqt haqidagi tasavvurlarni jiddiy oʻzgartirdi, fazo va vaqtning turli-tuman modellarini tadqiq qilishga keng yoʻl ochildi. Bu tadqiqotlar olamdagi yagona eng umumiy, universal va fundamental aloqadorlik — fazo va vaqt aloqadorligidir, deb xulosa chiqarishga asos berdi.[1]

Adabiyot

tahrir
  • Sovremennaya nauka o stroyenii i evolyutsii materialnogo mira, v kn. Osnovi filosofii, T., 2004;
  • Toʻrayev B. O., Vaqt muammolari, T., 1986;
  • Toʻrayev B. O., Prostranstvo. Vremya. Razvitiye, T., 1992.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME, Baxtiyor Toʻrayev.