Merkitlar

Markaziy Osiyoda oʻrta asrlarda yashagan eng jangovar va koʻp sonli qabilalardan biri
(Makritlardan yoʻnaltirildi)

Merkitlar, markitlar, makritlarMarkaziy Osiyoda oʻrta asrlarda yashagan eng jangovar va koʻp sonli qabilalardan biri. 12-asr oxiri 13-asr boshlarida Selenga daryosining boʻylarida merkitlarning 3 qabilaviy ittifoqi (uduit, kaat va uvas) mavjud boʻlgan. Uduit — merkitlar 4 uruqqa boʻlingan: uykur, mudan, tudakli va jiyun. Ularning xoni Toʻqtabegi (Toʻxtabiki) boʻlgan.

Merkitlar yaqin qoʻshnilari — kerayitlar, tatarlar va moʻgʻullar bilan doim urushib turgan. Hujumlarning birida ular Chingizxonning xotini Borteni asirga olishgan. Keyinchalik kerayitlar xoni Vanxon Toʻgʻril Borteni Chingizxonga qaytarib yuborgan. Merkitlar 1204-yilda Chingizxon tomonidan butunlay tormor etilgan. Chingizxonning suyukli xotinlaridan biri — Kulon xotun merkitlardan boʻlgan.

13-asrda merkitlarning maʼlum qismi Movarounnahrga koʻchib oʻtgan va keyinchalik Amir Temur qoʻshinlari tarkibida harbiy yurishlarda qatnashganlar. Merkitlarning qolgan qismlari turli xalqlar: moʻgʻul, qozoq, qirgʻiz, oʻzbeklarning tarkibiga singib ketishgan. Merkitlar kerayitlar bilan aralashib oʻzbeklarning kenagas urugʻi tarkibiga, argʻin va baʼzi turkman urugʻlari bilan aralashib oʻzbeklarning laqay urugʻi tarkibiga qoʻshilgan. 1926-yil Turkmanistonning Chorjoʻy tumanida 2780 merkit qayd etilgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • Rashid-addin, Sobraniye letopisey,t. 1, ch.1, M., 1952;
  • Sultonov T. S, Kochevie plemena Priaralya v 15—17 vv., M., 1982;
  • Tataromongoli v Azii i Yevrope, M., 1977.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil