Maryam Yoqubova
Maryam Yoqubova (1909.19.10, Buxoro — 1987.2.2, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq artisti (1955). Moskva kino maktabini tugatgan (1928). 1929—32 yillarda Hamza teatri qoshidagi ishchisayyor teatrida, 1935—38 yillarda Oʻzbek davlat musiqali drama teatrida, 1939— 41 yillarda Muqimiy teatrida, 1941 — 66 yillarda Hamza teatrida aktrisa. Musiqaviy iqtidorga ega boʻlgan aktrisa dramatik rollarning mohir ijrochisi, hajviy va salbiy rollar ustasi sifatida tanilgan. Yaratgan obrazlari yorqin, maʼnodor va maishiy boʻyoqlarga boyligi bilan ajralib turadi. Eng yaxshi rollari: Roʻzvon („Gulsara“), Jahon xoda, Zebo („Arshin mol olon“), Maysara („Maysaraning ishi“), grafinya Diana („It pichan yemaydi, oʻzgaga ham bermaydi“), qirolicha Izabella („Qoʻzibuloq qishlogʻi“), Ogudalova, Feklusha („Sepsiz qiz“, „Momaqaldiroq“), Sultonbegim („Jaloliddin“), Xonzoda („Boy ila xizmatchi“), Gertruda („Hamlet“), Mastura satang („Xolisxon“), Voynitskaya („Vanya togʻa“) va b. Yo. kinoda ham sermahsul ijod qilib, oʻzbek milliy kinosi ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshdi. Xonzoda („Boy ila xizmatchi“), sudya („Opasingil Rahmonovalar“), Oyposhsha („Mahallada duv duv gap“), Oʻzbekoyim („Oʻtgan kunlar“) kabilar shular jumlasidan. Telespektakllar va Oʻzbekiston radiosining bolalar uchun eshittirishlarida faol ishtirok etgan.[1]
Maryam Yoqubova | |
---|---|
Tavalludi |
19-oktyabr 1909-yil |
Vafoti |
2-fevral 1987-yil Toshkent Oʻzbekiston SSR SSSR |
Fuqaroligi |
SSSR Rossiya imperiyasi |
Kasbi | Aktrisa, qoʻshiqchi, raqqosa |
Faoliyat yillari | 1925—1985-yillar |
Mukofotlari |
|
Yoshligi
tahrirOtasi Qo‘qondagi korchalonlardan Putilaxovlarning paxta zavodida yuk tashuvchi, keyin paxta bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlagan. Onasi eronlik, ziyoli oilaning farzandi boʻlgan. O‘qish-yozish, hatto qonun-qoidalarni ham yaxshi bilgan. Shu sababli odamlar ko‘pincha o‘zlarining turlicha arzlarini yozdirishgan. Maryamga tug‘ilganda Oyxon deb ism qo‘yishgan. Biroz ulg‘aygach oilasi Karmanaga ko‘chib keladi. Oyxonning xolasi Halirxon amir saroyida raqqosa bo‘lgan. Buxoroga xolasinikiga mehmonga borganda xolasi bilan saroyga bazmga boradi saroydagi yoshi ulug‘ ayollardan Eshon oyim (Amir Olimxonning onasi) nazariga tushadi. Eshon oyim Oyxonni saroyda olib qoladi. U endi saroyda raqqosa va haramdagi yumushlarni bajaruvchi xodimga aylanadi. Bir necha yil davomida saroy haramida tahlikali yillarni o‘tkazgan. Saroyda amirning yosh xotini Oyimshoning maxfiy xizmatlarini bajarib turgan. Bir necha marta Oyimshodan Fayzulla Xo‘jayevga yashirincha maktublar yetkazib turgan.
Eshon oyimning asrandi qizi bo‘lishiga qaramay amir Olimxon Oyxonga uylanish taraddudiga tushib qoladi, shunda Oyxon amirning yana bir xotini Feruza yordamida saroydan qochib, poyezdda Samarqandga ketadi. Keyin qiyinchiliklar bilan Karmanaga uyiga boradi. Shunda uning saroydan qochib kelganini ko‘rgan oilasi Oyxon ismini esidan chiqarishni aytib Maryam deb atay boshlaydilar. Oradan ko‘p o‘tmay 32 yoshli onasi vafot etadi. Onasi Maryam va singlisini vafoti oldidan xolasiga topshiradi, oʻsha vaqtda Buxoro amirligi qulagan, qolgan aka-ukalari esa bolalar internatiga topshirilgan. Maryam Yoqubova xolasining uyidagi ogʻir mehnatdan qochib, internatga akasi yoniga keladi, ammo xolasi uni qaytarib olib, Qoʻqondagi amakisinikiga yuboradi. Amakisi bir necha oydan beri qamoqda ekanligini bilgan Maryam Yoqubuva yana Samarqandga xolasinikiga qochib keladi. Bu safar xolasi uni shahrisabzlik bir oilaga uzatadi. Endigina 14 yoshga kirgan Maryam Yoqubova akasi singari oʻqib, kasb egallash niyatida kelinlik xonadonidan qochib ketadi. Bu safar Turkistondan Moskvada oʻqish uchun bolalarni yigʻish vazifasi bilan oʻsha yerdan qaytgan 17 yoshli akasi Rafiqni topadi, akasi uni Moskvaga oʻzi bilan olib ketish niyatida Fayzulla Xoʻjayev bilan uchrashtiradi. Fayzulla Xoʻjayev bir necha yil avval oʻziga amir saroyidan xat tashuvchilik qilgan Oyxonni poytaxtga oʻqishga yuboradi. Maryam Yoqubova oʻzbek maorif institutida oʻqiydi. 1926-yilda kinotexnikumiga ham oʻqishga kirib, bu oʻqishni kechqurunlari davom ettiradi[2].
Ijod yoʻli
tahrirOyposhsha obrazini aktrisa shunday mohirona ijro etganki, bu rol go‘yo M.Yoqubova uchun yozilgandek. Oyposhsha ob¬razi yoqimliligi, hazil, piching va kesatiqqa boyligi bilan hamon tomoshabinlarni o‘ziga maftun etmoqda. Keyinchalik M.Yoqubova „Tojikfilm“ kinostudiyasida suratga olingan „Sevadimi, sevmaydimi?“, „Oq royal“ muzikali komediyalarida Zamira va Malohat obrazlarini yaratadi. Shuningdek, u „Maysaraning ishi“, „Olovli yo‘llar“ ko‘p seriyali televizion filmlarida, „Sevgi afsonasi“, „Qalbingda quyosh“ kabi badiiy filmlarda ham ajoyib obrazlar yaratadi. Y Aʼzamov A.Qodiriyning „O‘tgan kunlar“ romanini ekranlashtirar ekan, asardagi bosh rollardan biri — O‘zbekoyim rolini M.Yoqubovaga topshiradi. O‘zbekoyim (M.Yoqubova) — kuchli va tadbirkor, o‘z hukmini o‘tkazishni yaxshi ko‘radigan murakkab xarakterli inson. U ana shu hukmronlikka erishish yo‘lida o‘g‘li Otabekni va jamiyatda katta mavqega ega bo‘lgan eri Yusufbek Hojini ham juda ustalik bilan tobe qilmoqchi bo‘ladi. U Kumush va Zaynablarga o‘z farzandiga bo‘lgandek onalarcha mehribonlik ko‘rsatadi, ular haqida o‘ylaydi, ularga g‘amxo‘rlik qiladi. Lekin bu urinishlari, afsuski sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fojianing oldini ololmaydi. Chunki, O‘zbekoyimning o‘zi ham u yashaydigan ijtimoiy muhit va davrning mahsuli hamda qurboni edi. Aktrisa isteʼdodining komediyaga, hazil-mutoyiba, piching va hajviy bo‘yoqlarga moyilligi uning „Nashtar“hajviy kinojurnallarida ijro etgan kichik-kichik rollarida ham o‘z tasdig‘ini topadi. Bunday qisqa syujetlarda aniq, yorqin obrazlar yaratish talab etiladi. Aktrisa bu murakkab va mas’uliyatli vazifani ham yaxshi ado eta olgan. M.Yoqubova ijodida radio alohida o‘rin tutadi. U O‘zbekiston radiosi tashkil bo‘lgan birinchi kunlardan boshlab, to umrining oxirigacha turli radiopostanovkalarda, radiojurnallarda va boshqa eshittirishlarda faol qatnashdi. 70 yillardan boshlab M.Yoqubova radioda bolalar uchun ertaklar o‘qib, minglab yosh radiotinglovchilarning sevimli sanʼatkoriga, radioenagasiga aylandi. Bolalarning ichki dunyosini chuqur his etgan M.Yoqubova ertaklarni shu darajada chuqur samimiyat va xushchaqchaqlik bilan yoqimli ohangda o‘qir ediki, radiotinglovchilar uning noyob isteʼdodiga qoyil qolardilar. Maryam Yoqubovaning teatr va kino sanʼati ravnaqi yo‘lidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. 1955-yilda unga „O‘zbekiston xalq artisti“ faxriy unvoni berildi.
Film
tahrirYil | Film nomi | Rol | Rejissor |
---|---|---|---|
1925 | „Muzli uy“ | Musofir[3] | "Mejrabpom-Rus" kinofabrikasi |
1934 | „Qarindoshlar“ | Jurnalist qiz[4] | Piotrovskiy |
1934 | „Chillik xonim“ | Chillik xonim[5] | Piotrovskiy |
1953 | „Boy va xizmatchi“ | Xonzoda[6] | L.Fayziyev |
1953 | „Shohi soʻzana“ | Odilova[7] | A.Beknazarov |
1953 | „Opa-singil Rahmonovalar“ | Sudya[8] | K.Yormatov |
1958 | „Maftuningman“ | Soyabonli xonim[9] | Y.Aʼzamov |
1960 | „Mahallada duv-duv gap“ | Oyposhsha[10] | Sh. Abbosov |
1962 | „Gang daryosining qizi“ | Nobinkali[11] | H.Axmerov |
1963 | „Sevadimi — Sevmaydimi“ | Zamira[12] | A.Hamroyev |
1964 | „Mashaqqatli yoʻl“ | Tursunova[13] | H.Axmerov |
1965 | „Qalbingda quyosh“ | Ona[14] | Sh. Abbosov |
1968 | „Oq royal“ | Malohat[15] | M.Mahmudov |
1969 | „Oʻtkan kunlar“ | Oʻzbek oyim[16] | Y.Aʼzamov |
1969 | „Maysaraning ishi“ | Maysara[17] | „Oʻzbektelefilm“ studiyasi |
1978 | „Dupletli otishma“ | Mehmonxona direktori[18] | M.Oripov |
1978 | „Olovli yoʻllar“ | Politsiyachining xotini[19] | Sh. Abbosov |
1981 | „Uch kun-u ikki yil“ | Maryam opa[20] | S.Ahmedxoʻjayev |
1984 | „Vodillik kelin“ | Buvi[21] | A.Hamroyev |
Manbalar
tahrir- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Maryam Yoqubova. Davrim va Davram. Toshkent 2019: Gʻafur gʻlom nashriyoti — 85-bet.
- ↑ „Якубова, Марьям“. 2023-yil 20-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ Кинопоезд Александра Медведкина: Родные (1934) документальный фильм YouTubeda
- ↑ „O`zbekiston xalq artisti Maryam Yoqubova tavallud topgan kun“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.[sayt ishlamaydi]
- ↑ „Бай и батрак“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „НОВОСЕЛЬЕ (1954)“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „Сестры Рахмановы (1954) — Актёры и роли“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „ОЧАРОВАН ТОБОЙ (1958)“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „ОБ ЭТОМ ГОВОРИТ ВСЯ МАХАЛЛЯ (1960)“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „Дочь Ганга (1961)“.
- ↑ „ЛЮБИТ - НЕ ЛЮБИТ? (1963)“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „Трудный путь (1964)“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „Прозрение (1965)“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „Белый рояль“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „Минувшие дни. Узбекфильм. 1969 & Побег из тьмы (1973) & Абдулла Кадыри и узбекский кинематограф“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „Якубова, Марьям“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.[sayt ishlamaydi]
- ↑ „СТРЕЛЬБА ДУПЛЕТОМ (1979)“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „Огненные дороги (1977-1984)“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „Три дня и два года (1981)“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.
- ↑ „Невеста из Вуадиля (1984)“. Qaraldi: 20-iyul 2023-yil.