Mir Said Bahrom maqbarasi

Oʻzbekistondagi madaniy meros obyekti

Mir Said Bahrom maqbarasiOʻzbekistonning Navoiy viloyati Karmana shaharchasidagi meʼmoriy yodgorlik. U X—XI asrlarga oid boʻlib (ayrim manbalarda 1020-yil qurilgan deyiladi[1]), Karmana shaharchasida saqlanib qolgan eng qadimiy arxitektura yodgorligi sanaladi. Ushbu inshoot Oʻzbekistondagi eng kichik maqbara hisoblanadi[2].

Mir Said Bahrom maqbarasi

Mir Said Bahrom maqbarasi va unga tutash ayvon
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi maqbara
Manzili Mir Said Bahrom koʻchasi
Shahar Karmana
Mamlakat Oʻzbekiston
Koordinatalar 40°08′34″N 65°21′40″E / 40.14289635628008°N 65.36116229270581°E / 40.14289635628008; 65.36116229270581
Qurilishi boshlangan X—XI asrlar (tm. 1020-yil)
Egasi Davlat mulki. Navoiy viloyati madaniyat boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Texnik holati
Material pishgan gʻisht
Map
Mir Said Bahrom maqbarasi xaritada
Mir Said Bahrom maqbarasi Vikiomborda

Maqbara savdogar, davlat va din arbobi, oʻz davrida Karmana shahrining hokimi boʻlgan Mir Said Bahrom qabri ustida tiklangan. U hozirda Karmana shaharchasining Mir Said Bahrom koʻchasida, sobiq yahudiylar mahallasining (xalq tilida „juguton mahalla“) shimolida joylashgan.

Mir Said Bahrom maqbarasi 1942-yilda arxeolog, sharqshunos Antonina Pisarchik tomonidan aniqlangan. Shundan keyin maqbara bir necha marta taʼmirlangan. 1976-yil toʻliq restavratsiya qilingan[1]. Davlat muhofazasiga olingan. Oʻzbekiston rasmiylari tomonidan 2008-yil 18-yanvarda maqbarani UNESCO madaniy meʼroslar roʻyxatiga kiritish uchun ariza taqdim etilgan[3].

Maqbaraning ichida, markaziy qismda marmar qabr toshi va atrofida oʻrindiqlar mavjud[1].

Arxitekturasi

tahrir

1947-yil yozida maqbaraning ichki qismidagi alebastr aralash suvoq qirib tashlangach olimlar maqbara arxitekturasini obdon oʻrganish imkoniyatiga ega boʻldilar. Oʻrganishlarga koʻra maqbara deyarli kvadrat (murabba) tarhli, ichki oʻlchamlari 4,47x4,40 m. Devorlari 21x21x2,5 sm li mayda pishgan gʻishtdan ganchli qorishma (ganchxok) yordamida terilgan[4].

Maqbara Somoniylar davri meʼmorligiga xos uslubda pishiq gʻishtdan bezakli qilib qurilgan. Peshtoqi 3 qismdan iborat, hoshiyali. Sharafasi va ikki yon tomoni mayda gʻishtlardan terilgan. Ravoq hoshiyasida kufiy yozuvida Qurʼondan oyatlar bitilgan. Tobadoniga yoy shaklidagi oʻyma panjara, ustungoʻshasiga gʻishtlar juft-juft qilib „qoʻsh“ uslubida ishlangan. Yon va orqa devorlari bezaksiz. Ichki gumbaz osti bagʻali 8 qirrali ravoqqa (5 gʻishtin ustun) tayangan. Peshtoqi pishiq gʻishtdan (26,5×26,5×5 sm) qayta terilgan. Maqbara bir necha bor taʼmir etilib (1960—70-yillar), dastlabki koʻrinishini yoʻqotgan. Maqbara meʼmoriy qismlarining oʻzaro aniq nisbati, naqshlarining ixchamligi bilan ajralib turadi[5].

Mir Said Bahrom maqbarasi kirish qismining (janubiy devori) ikki yon tarafida 21x21x2,5 sm li pishgan gʻishtdan sakkiz qirrali ustunlar qad koʻtargan. Bu gʻishtlarning shaxmat tartibida terilish uslubi ustunlarga qabariq koʻrinish beradi hamda ustunlardagi yorugʻ va soyalarni boʻrttirib koʻrsatadi. Bunday koʻrinishdagi ustunlar Somoniylar maqbarasi arxitekturasiga xosdir. Xuddi shu koʻrinishdagi shakllar kirish arkasining atrofida ham mavjud. Faqat, bunda shakl ustundagidan ancha kichik va ingichkaroq boʻlib, eni 10,5 sm ni tashkil etadi. Bu shakllar yarimtalik pishgan gʻishtdan bajarilgan. Bu shaxmatsimon ornamentlar orasida keng, relyefli, chiziqlar bilan birlashgan oʻzaro tutashuvchi meandrlar va kvadratlar shaklidagi kamar mavjud[6].

Keng hoshiyasimon kirish arkasining balandligi 2,13 m. Hoshiya ichida gʻishtlarni boʻrtib chiqarish vositasida kufiy uslubda yozuvlar yozilgan. Yozuv toʻliq saqlanmagan, saqlanib qolgan qismida „Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan...“ va „Al-Jalol“ degan yozuvlar mavjud. Peshtoqning ikki cheti va karnizi mayda gʻishtlar vositasida jimjimador qilib bezatilgan. Maqbaraning kirish qismidan tashqari boshqa devorlarida bezaklar uchramaydi[7][8].

Tavsifi

tahrir
 
Mir Said Bahrom qabri

Mir Said Bahrom maqbarasining peshtoq qismi bezatilish jihatidan Somoniylar va Arab ota maqbaralariga oʻxshab ketadi. Bino oʻrtasida Mir Said Bahromning qabri bor. Undan tashqari qabr yonida arabcha soʻzlar oʻyib yozilgan ikkita qabr toshi ham saqlanib qolgan. 1969-yil qishda qor, yomgʻir koʻp yogʻishi natijasida bino qisman choʻkkan, devorlari va gumbazida yoriqlar paydo boʻlgan[2].

Arxeologik oʻrganishlar

tahrir
 
Mir Said Bahrom maqbarasi asosiy kirish qismining rekonstruksiyasi
 
Mir Said Bahrom maqbarasi tarhi

XX asrning birinchi yarmida, sovet arxeologlari Karmanada ekspeditsiyalar uyushtirib tarixiy inshootlarni oʻrgana boshlagan paytda, Mir Said Bahrom maqbarasining fasadi tanib boʻlmas darajada suvoqlangan, bir tomoni masjidga tutashuvchi ayvonlar bilan qoplangan, tashqaridan faqat shimoliy va gʻarbiy devorlari koʻrinadigan holda boʻlgan. Shu sababli koʻplab tadqiqotchilar maqbarani zamonaviy bino deb oʻylagan va hech qanday eʼtibor qaratmagan[4]. 1934-yil Mir Said Bahrom maqbarasida Zarafshon arxeologik ekspeditsiyasi aʼzolari oʻrganish ishlarini olib borishgan lekin yanglishib uni keyingi davr inshootlari sirasiga kiritishgan. Ekspeditsiya aʼzosi Vasiliy Shishkin oʻz kundaligida binoning boʻrtib turgan naqshlari sxematik chizmasini chizgan[9]. 1942-yil Karmananing arxitektura yodgorliklarini oʻrganishga maxsus kirishgan arxeolog Antonina Pisarchik ushbu maqbaraga eʼtibor qaratadi va maqbaraning qisqa tavsifi, ikkita tarh rejasi va bir nechta tasvirlar bilan kitob chop etadi. 1947-yilda maqbara arxitektorlar va arxeologlar tomonidan obdon oʻrganiladi, tashqi va ichki qismidagi ortiqcha suvoqlar qirib tashlanadi[4].

Taʼmirlash ishlari va yoʻqotishlar

tahrir

Mir Said Bahrom maqbarasi bir necha bor taʼmirlanishi oqibatida dastlabki koʻrinishi yoʻqolgan. Maqbaraning gʻarbiy tomonida tabiiy tepalik boʻlgan. Tepalik atrofi mozor boʻlib, Mir Said Bahrom qabristoni deb atalgan (hozir bu joyda „Baxt“ nomli toʻyxona mavjud). Maqbaraning sharqiy tomonida esa Mir Said Bahrom masjidi boʻlgan (hozirda istirohat bogʻining bir qismi, tekis yer). Tepalik, mozor va masjid shoʻrolar davrida buzib, tekislab yuborilgan. Maqbaradan tashqarida toʻrt dona katta (boʻyi 1 m va taglik oʻlchami 50x50 sm) va bitta kichik (boʻyi 50 sm, taglik oʻlchami 25x25 sm) toshdan yasalgan bezakli poyustunlar mavjud, bu poyustunlar Mir Said Bahrom masjidi ayvoniga qoʻyilgan ustunlarga tegishli boʻlgani taxmin qilinadi[10]. Maqbara 1976-yil kapital restavratsiya qilingan[1], unga yondosh binolar va qabriston buzib yuborilgan. 1985—1990-yillarda Mir Said Bahrom maqbarasining janubi va sharq tomonida (buzilgan masjidning oʻrni) „Yoshlik“ bolalar istirohat bogʻi qurildi. Bogʻning yonida 140 oʻrinli yozgi kinoteatr, bolalar musiqa maktabi, bolalar sport maktabi, oʻquvchilar saroyi qurib foydalanishga topshirildi[11].

Galereya

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 „Город Навои – край древней истории“. Странствия по Центральной Азии. Qaraldi: 12-iyul 2022-yil.
  2. 2,0 2,1 „Mirsaid Baxrom majmuasi“. Telegra.ph. Turizmni rivojlantirish instituti (2020-yil 3-noyabr). Qaraldi: 2-oktabr 2022-yil.
  3. „Mir-Sayid Bakhrom Mausoleum“. UNESCO. Qaraldi: 10-iyul 2022-yil.
  4. 4,0 4,1 4,2 Материалы по истории и теории архитектуры Узбекистана 1950, s. 52.
  5. OʻzME. Toshkent, 2000-yil
  6. Материалы по истории и теории архитектуры Узбекистана 1950, s. 53.
  7. Материалы по истории и теории архитектуры Узбекистана 1950, s. 54.
  8. Raxmonov, Amir „Mir Said Bahrom maqbarasining tarixiga nazar“. Navoitourism. Navoiy viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi (2022-yil 24-mart). 2022-yil 25-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 10-iyul 2022-yil.
  9. Материалы по истории и теории архитектуры Узбекистана 1950, s. 57.
  10. Karmana — qadimiy diyor 2007, s. 94.
  11. Karmana — qadimiy diyor 2007, s. 95.

Adabiyotlar

tahrir
  • Материалы по истории и теории архитектуры Узбекистана. Издательство Академии архитектуры СССР, 1950 — 102-bet. 
  • Hotamov A., Bekniyozov N.. Karmana — qadimiy diyor. Toshkent: Oʻzbekiston, 2007 — 152-bet. 

Havolalar

tahrir
Ushbu maqolani tinglang (7 daqiqa)
noicon
 
Bu audiofayl ushbu maqolaning 17-iyul, 2022-yil(2022-07-17) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.