Ravoq
Ravoq (Arka) — toqning bir turi; bino devorlaridagi deraza va eshik oʻrinlarining yuqori qismiga qoʻyiladigan mehrobiy yoysimon qurilma. Ravoq yoʻnilgan, tabiiy yoki sunʼiy toshlar, beton, temirbeton, yogʻoch va poʻlat singari materiallardan ishlanadi. Ravoqning tayanch qismi tovon, markaziy ponasimon gʻishti yoki toshi esa qulf deb ataladi. Ravoqlar shakliga koʻra: yakka markazli, yarim aylana shaklli, baland markazli taqasimon, bir necha markazli nayzasimon, tuxumsimon boʻladi. Hozirgi zamon inshootlarida ichki kuchlanishlarni kamaytirish maqsadida ravoqlar 2—3 sharnirli qilib ishlanadi. Ustunlarga tiralgan bir xil hajm va shakldagi ravoqlar qatori qatorak (arkada) deb nomlangan.
Ravoqlar dastlab Qadimgi Sharq meʼmorligida vujudga kelgan. Qadimgi Rim meʼmorligida keng tarqalgan. Oʻrta Osiyo meʼmorligida ravoqning turli xil mumtoz namunalari yaratilgan. Gumbazli binolarning xonalari koʻrkam, keng chiqishi ichkaridagi ravoqlarga bogʻliq boʻlgan. Ravoqlar bino yoʻlaklari, deraza va eshik tepalari hamda devorning gumbaz osti qismida boʻlgan. Ichki sathi turli shakldagi xona devorlarini ravoqlar yordami bilan doira shakliga keltirilgan. Gumbaz tomni baland koʻtarib yopishda devorlar oʻrniga yengil ravoqlar oʻrnatilgan. Gumbaz ustunlar yoki ustiga oʻrnatilgan ustunlar ham bir-biriga ravoqlar yordamida bogʻlangan. Agar ravoqning qanoti keng boʻlsa, uning asosi yoʻgʻon, tepasi ingichka qilib zinali ravoq qurilgan. Gumbaz osti ravoqi eshik yoki yoʻlak tepasiga oʻrnatiladigan ravoq bilan bir joyga toʻgʻri kelsa, uni qoʻsh ravoq deyiladi. Katta gumbaz tomlar ustiga oʻrnatiladigan ravoqlarning kurkam chiqishi uchun koʻp qatlamli qilib qurilgan. Boʻyi va eni bir xil boʻlgan chorsi xonalarning devorlari ustiga 8—12 ravoq va katta gumbaz tomlarda 16 ravoq gacha oʻrnatilgan.
Kvadrat xona tomonlariga bittadan ravoq oʻrnatilsa, chortoq deb nomlangan. Devorlar ustiga 8 ravoq oʻrnatib, ular tepasidan oʻtgan halqa devorga yana 16 kichik ravoqlar joylashtirish mumkin.
11—17-asrlar meʼmorligidagi ravoqlarning murakkab tuzilishlari gʻishtlarning oʻziga xos terilishi bilan bogʻliq boʻlgan. Oʻzbekiston meʼmorligidagi nayzasimon ravoqlarning 100 dan ortiq turi borligi aniqlangan. Xalqustalari amalda 1, 2, 3 va 4 markazli ravoqlar qurilish uslubidan foydalangan. Zamonaviy qurilishlarda ravoqlarning oʻziga xos tuzilishlari yaratilmoqda (koʻprik, jamoat binolari va boshqalar)[1].
Manbalar
tahrirAdabiyot
tahrir- Булатов М. С. Геометрическая гармонизация в архитектуре Средней Азии IX-XV веков, М., 1978.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |