Monopolistik raqobat — bu koʻpgina sotuvchilar oʻxshash boʻlgan, ammo bir xil boʻlmagan tovarlarni taklif qiluvchi bozor turi hisoblanadi[1][2]. Monopolistik raqobat va monopoliya nomlari oʻxshash hisoblansa-da, amalda bu ikki raqobat turi keskin farq qiladi. Bunday raqobat turi dastlabki qarashda sof raqobatlashgan elementlariga ega boʻlsa-da, nomukammal raqobatlashgan bozorlar(monopollashgan bozor) turiga kiradi. Monopolistik raqobatda ham faoliyat yurituvchi firmalar nisbatan koʻp, yangi firmalarni bozorga kirib kelishi yoki unda harakat qiluvchi firmalarning undan chiqib ketishida kichik cheklovlar mavjud. Lekin, bu raqobat turi baribir erkin bozordan farq qiladi. Farqi shundaki, monopol raqobatlashgan bozordagi mahsulot tabaqalashgan, yaʼni bir xil ehtiyojni qondiruvchi tovarni har bir firma oʻziga xos ravishda ishlab chiqarib sotadi va uning mahsuloti boshqa firmalarning mahsulotidan sifati, koʻrinishi, xizmat koʻrsatish turi, uslubi, foydalanilgan materiallari va brendi bilan farq qilishi mumkin. Tovarning differensiallashuvi deganda bozorda sotiladigan tovarni turli xilligi, yagona qolipda emasligi tushuniladi. Har bir firma oʻz mahsulot markasiga ega boʻlgani sababli maʼlum darajada bozor hokimiyatiga ega boʻladi. Masalan, har bir shaharda fast foodlar, restoranlar va non mahsulotlari(xususan, pishiriqlar) sotadigan joylar bor. Bu iqtisodiy subyektlar deyarli bir turdagi ehtiyojni qondiruvchi turli-xil mahsulotni sotadi. Toshkent shahridagi Feed Up, Oq-Tepa Lavash va Evos kabi fast foodlar oʻxshash menyuga (lavash, burger, kartoshka fri va boshqa isteʼmol tovarlari) ega boʻlsa-da, shakl, taʼm, xizmat koʻrsatish va narxiga koʻra oz boʻlsa-da farq qiladi.

1933-yilda amerikalik iqtisodchi Edward Hastings Chamberlin oʻzining „Monopolistik raqobat nazariyasi“ asarida yangi raqobat turi — monopolistik raqobat haqida soʻz yuritadi. Uning fikricha real bozor turlari aynan raqobatlashgan bozor va monopoliya oraligʻidagi chegarada faoliyat yuritishadi. Keyinchalik 1977-yilda esa Avinash Kamalakar Dixit va Joseph Eugene Stiglitz monopolistik raqobatni hozirgi koʻrinishiga olib kelgan hammualifdagi maqolalari chiqadi. Bu model keyinchalik Dixit-Stiglitz modeli nomini oldi[3]. Lekin Michael Porter tomonidan bildirilgan asosiy nazariyaga koʻra, istalgan mahsulot hech boʻlmasa bir guruh isteʼmolchilar tomonidan „oʻzgacha“ deb qabul qilinadi. Shu sababli ularni fikriga qarab differensiallik darajasi aniqlanadi. 1986-yilda Merton Howard Miller tomonidan marketing va innovatsiyani differensiallashuvning asosiy 2 strategiyasi deb nomlashni taklif qildi. 1988-yilda esa Henry Mintzberg aniq va keng kategoriyalarni taklif qildi: sifat, dizayn, imidj va narx[4].

Xususiyatlari

tahrir

Umumiy xususiyatlar

tahrir

Monopolistik raqobatga ega bozor quyidagi xususiyatlari bilan xarakterlanadi:

  • Firmalar bir tovarning turli xil varianti hisoblanuvchi, substitutlik darajasi yuqori hisoblanuvchi, mahsulotlarini sotadi va bir-biri bilan raqobatlashadi (substitut tovarlarning narxga koʻra elastikligi yuqori boʻladi);
  • Bozorga yangi firmalarni kirishi va faoliyat koʻrsatishi, bozordan chiqishi deyarli cheklanmagan[5];
  • Bozorda koʻpgina firmalar faoliyat koʻrsatadi va ularning har biri tovarga ishlab chiqarish xarajatlari, mahsulotining xususiyatlariga koʻra tovarga boʻlgan bozor talabining bir qismiga ega boʻlishadi;
  • Ishlab chiqaruvchi va isteʼmolchilarning bozordagi holatdan xabardor emasligi yoki axborotning yetarli emasligi(axborotning asimmetrik taqsimlanishi)[6];
  • Firmalar oʻz mahsulotlariga narx belgilashda va sotish hajmini aniqlashda erkin qaror qabul qila olishadi. Masalan, istalgan firma tovarining elastiklik darajasiga koʻra oʻz mahsuloti narxini yoki oshirib yoki kamaytirib qoʻshimcha foyda olishi mumkin. Aytaylik, elastiklik 5 ga teng boʻlgan sharoitda agar firma oʻz mahsuloti narxini 10 foizga tushirsa uning mahsulot sotish hajmi 1,5 barobarga oshadi va oshish alohida bir firma hisobidan emas, balki koʻp firma hisobidan sotiladi, shu sababli bu narx siyosati koʻplab firmalarga sezilarli boʻlmagan tarzda zarar yetkazishi mumkin. Agar sof raqobatlashgan bozorda firma narxni oʻzgartira olmasa, monopolistik raqobat sharoitida firmaning narx siyosati kichik chegaralar ostida kechadi: agar firma narxni keragidan ortiq oshirsa, ashaddiy mijozlar ham raqobatchilarga ketishi, haddan ziyod tushirsa(yaʼni juda koʻp ishlab chiqarsa) oʻsuvchi xarajatlar funksiyasi zarar keltirishi, zarar keltirmagan taqdirda bir birllik mahsulot narxi uning tannarxi (ATC) dan ham pasayib ketishi mumkin.(Shuni yodda tutish kerakki, bunday holatda firmalar kelishib ish koʻrmasligi kerak)

Firmalarning oʻzaro raqobatlashish xususiyatlari

tahrir

Monopolistik raqobatda bozordagi firmalar juda koʻpligi sababli narxlar jangi oʻtkazish holatlari deyarli kuzatilmaydi. Firmalar bu yerda maʼlum miqdorda narxga taʼsir oʻtkaza olishsa-da (price-taker firmalar), bu taʼsir kuchsiz hisoblanadi. Shu sababli, firmalar narxga bogʻliq boʻlmagan quyidagi omillar yordamida raqobat qilishadi:

  • Mahsulot xususiyatlarini oʻzgartirish;
  • Avvalgi ehtiyojlarni qondirish uchun differensiallashgan mahsulot ishlab chiqarish;
  • Servis darajalari va sodiqlik dasturlari yordamidagi raqobat;
  • Reklama, aksiya va chegirmalar yordamidagi raqobat.

Monopolistik raqobatning boshqa raqobat turlaridan farqi

tahrir
Bozordagi raqobatning tarkibiy taqqoslanishi[7]
Bozor strukturasi Firmalar soni Monopol hukumati darajasi Talabning elastikligi Tovar differisiallashuvi Iqtisodiy foyda koʻrishi Samaradorligi Foydani maksimallashtirish sharti Narx shakllanishi
Mukammal raqobat Cheksiz Yoʻq Absolyut elastik Yoʻq Ha/Yoʻq (Qisqa/Uzoq) Ha P=MR=MC Narxni oluvchi
Monopolistik raqobat Koʻp Kam Kuchli elastik (uzoq muddatda) Kuchli Ha/Yoʻq (qisqa/uzoq muddatda) Yoʻq MR=MC Narx shakllantiruvchi
Oligopoliya Kam Nisbatan kuchli Elastik Mavjud Ha Yoʻq MR=MC Narx shakllantiruvchi
Monopoliya Bitta Kuchli Nisbatan noelastik Absolyut (chunki yagona mahsulot) Ha Yoʻq MR=MC Narx shakllantiruvchi

Monopolistik raqobatda firma muvozanati

tahrir
 
1.1-rasm.Qisqa muddatli oraliqdagi monopolistik raqobatda firma muvozanati

Qisqa muddatli oraliqda firma muvozanati

tahrir

Firma mahsuloti differensial boʻlgani, tovar hajmi maʼlum miqdorda umumiy bozor talabiga taʼsirga ega ekanligi uchun uning talab chizigʻi AR(Average Revenue, oʻrtacha daromad) pastga yotiq yoʻnalgan. Bu yerda AR faqatgina yagona firma tovariga boʻlgan talab, bozor talab chizigʻi bir firma narx siyosati tufayli bunday oʻzgarmaydi. Firma foydasini maksimallashtirish chekli(marjinal) xarajatlar chekli(marjinal) daromadlarga teng boʻlganda amalga oshishi sababli (MC=MR), Qs hajmda mahsulot ishlab chiqarish foydani maksimallashtiradi. Muvozanat narx Ps firmaning talab chizigʻi orqali aniqlanadi. Muvozanat narx oʻrtacha xarajatdan katta boʻlgani uchun firma iqtisodiy foyda oladi va bu foyda rasmda shtrixlangan toʻrtburchak orqali tasvirlangan. Monopolistik raqobatga ega bozorda firma foyda koʻrgan taqdirda oʻz ishlab chiqarish hajmini MC=MR gacha yetkazishni istaydi, shu sababli ishlab chiqariluvchi tovar hajmini oshiradi[8] (1.1-rasm).

Qisqa muddatli oraliqda firma foydasining oʻzgarishi
Ishlab chiqarish hajmi (Q) Narx § Umumiy daromad (TR) Chekli daromad (MR) Umumiy xarajatlar (TC) Chekli xarajat (MC) Foyda (π)
0 5,25 0,00 0,00 3,00 0,00 −3,00
1 5,20 5,20 5,20 8,85 5,85 −3,65
2 5,15 10,30 5,10 12,30 3,45 −2,00
3 5,10 15,30 5,00 14,55 2,25 0,75
4 5,05 20,20 4,90 16,20 1,65 4,00
5 5,00 25,00 4,80 18,45 2,25 6,55
6 4,95 29,70 4,70 21,90 3,45 7,80
7 4,90 34,30 4,60 27,75 5,85 6,55
8 4,85 38,80 4,50 38,40 40,65 0,40
9 4,80 43,20 4,40 56,25 17,85 −13,05
10 4,75 47,50 4,30 83,70 27,45 −36,20

Jadvaldan koʻrish mumkinki, ishlab chiqarish endi boshlanganida ishlab chiqarish resurslari kamligi va doimiy xarajatlarning kattaligi sababli firma zarar koʻradi. Keyin esa ishlab chiqarishning oʻsuvchi ishlab chiqarish qonuniga asosan, chekli xarajatlar kamayib boradi[9]. Ishlab chiqarish 6 ga yetganidan soʻng chekli naflilikning kamayish qonuni amal qilib, chekli xarajatlar chekli daromaddan oshadi va umumiy foyda kamayadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida istalgan ratsional firma ishlab chiqarishni aynan foyda maksimal boʻlganida toʻxtatadi. Iqtisodchilar fikriga koʻra, Sovet sotsialistik respublikalari ittifoqida aynan samarasiz ishlab chiqarish modeli, foyda emas, balki ishlab chiqarilgan mahsulot, band boʻlgan ishchilar soni muhim boʻlgani uchun qisqa muddatli oraliqda bunday firmalar har tomonlama samarasiz hisoblangan[10].

Jadvaldan koʻrish mumkinki, ishlab chiqarish endi boshlanganida ishlab chiqarish resurslari kamligi va doimiy xarajatlarning kattaligi sababli firma zarar koʻradi. Keyin esa ishlab chiqarishning oʻsuvchi ishlab chiqarish qonuniga asosan, chekli xarajatlar kamayib boradi[11]. Ishlab chiqarish 6 ga yetganidan soʻng chekli naflilikning kamayish qonuni amal qilib, chekli xarajatlar chekli daromaddan oshadi va umumiy foyda kamayadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida istalgan ratsional firma ishlab chiqarishni aynan foyda maksimal boʻlganida toʻxtatadi. Iqtisodchilar fikriga koʻra, Sovet sotsialistik respublikalari ittifoqida aynan samarasiz ishlab chiqarish modeli, foyda emas, balki ishlab chiqarilgan mahsulot, band boʻlgan ishchilar soni muhim boʻlgani uchun qisqa muddatli oraliqda bunday firmalar har tomonlama samarasiz hisoblangan[12].

Uzoq muddatli oraliqda firma muvozanati

tahrir
 
1.2-rasm.Uzoq muddatli oraliqdagi monopolistik raqobatda firma muvozanati

Maʼlumki vaqt oʻtgani sari foyda keltiruvchi boʻlgan tarmoqqa intiluvchi firmalar koʻpayadi. Aynan shu sababli qishloq xoʻjaligida faoliyat yurituvchi fermer xoʻjaligi birinchi yil shartli 600 mln. soʻm foyda olgan boʻlsa, bundan xabar topgan tarmoqdan tashqaridagi firmalarning(ular odatda barcha kerakli ishlab chiqarish resurslariga ega boʻlishadi) haddan ziyod taklif etilgan tovarlari oqibatida tarmoqdagi firmalar endi kamroq foyda koʻrishadi yoki foyda koʻrishmaydi yoki zarar koʻrishadi. Shu sababli bozorga kirgan qoʻshimcha oʻrinbosar tovarga ega ishlab chiqaruvchilar yoki bozor talabidan ulush olish uchun qoʻshilgan firmalar avval bozorda faoliyat yuritgan firmalarning talab chizigʻidagi mijozlarni oʻzlashtirishadi. Shu sababli ham 1.2-chizmadagi talab chizigʻi pastga va chapga suriladi, bozordagi muvozanat narx ham shu sababli pastlaydi. Uzoq muddatli oraliqda firmalar iqtisodiy foyda koʻrishmaydi, barcha normal foyda koʻradi. Agar tarmoqdagi firmalar soni juda koʻp boʻlsa hattoki zarar koʻrishadi va faqatgina AVC<P boʻlgan firmalargina (yaʼni sotayotgan tovar narxi oʻrtacha oʻzgaruvchan xarajatlardan yuqori boʻlgan holatda) tarmoqda faoliyat yurita olishadi[13][14].

Uzoq muddatli oraliqda firma foydasining oʻzgarishi
Ishlab chiqarish hajmi (Q) Narx § Umumiy daromad (TR) Chekli daromad (MR) Umumiy xarajatlar (TC) Chekli xarajat (MC) Foyda (π)
0 5,25 0,00 0,00 3,00 0,00 −3,00
1 5,20 5,20 5,20 13,00 13,00 −7,80
2 5,15 10,30 5,10 16,00 8,00 −5,70
3 5,10 15,30 5,00 19,50 6,50 −3,80
4 5,05 20,20 4,90 22,00 5,50 −1,80
5 5,00 25,00 4,80 25,75 5,15 −0,75
6 4,95 29,70 4,70 29,70 4,95 0,00
7 4,90 34,30 4,60 40,95 5,85 −6,65
8 4,85 38,80 4,50 60,00 7,50 −22,20


Uzoq muddatli oraliqda firmalarning asosiy maqsadi tarmoqda qolish hisoblanadi. Shu sababli ham firmalar MC=MR boʻlgunicha yoki eng minimal zarar keltiruvchi ishlab chiqarish hajmida ishlab chiqarishni toʻxtatishadi. Uzoq muddatli oraliqda istalgan ishlab chiqarish resurslaridan foydalanish mumkin boʻlsa-da, tarmoqqa kirish uchun toʻsiqlarning juda kamligi foydani nolga tenglashtiradi. Agar qandaydir sabablarga koʻra bozorda narx oʻrtacha oʻzgaruvchan xarajatlardan kichik boʻlsa, bunday sharoitda hech qanday firma bu tarmoqda faoliyat yuritmaydi (narxlar jangi bundan mustasno). Uzoq muddatli oraliqda masshtabdan ijobiy samara ishlaganligi sababli SSSR iqtisodiyoti shiddat bilan oʻsadi, ammo keyinchalik turli salbiy omillar sababli masshtabdan salbiy samara ishlay boshladi. Buni SSSR iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulot 1980—1991-yillar oraligʻida avval sekinlashgani, keyinchalik faqat pasayganligi buni isbotlaydi[15] (Solow modelida aniqroq sharh berilgan)[16].

Amaliy misol

tahrir

Monopolistik raqobat sharoitida maʼlum firmaning mahsulotiga talab funksiyasi berilgan Q=60-P. Firmaning xarajatlar funksiyasi TC=40+5Q². Firmaning maksimal foyda olishini taʼminlovchi monopol kuchga ega ishlab chiqarish hajmi topilsin. Belgilanuvchi narx va foyda topilsin[17].

Yechish:

1) TR = 60*Q-Q² , bundan MR = 60-2Q

2) Chekli xarajat topiladi. Bunda umumiy xarajatlar(Total Cost=TC) dan olingan hosila chekli xarajatga teng boʻladi(Marginal Cost=MC):

MC=TC'=10Q va foydani maksimallashtirish shartiga koʻra yoziladi.

10Q=60-2Q bundan ishlab chiqarish hajmi Q=5. Tovar narxi P=60-5=55

3) Maksimal foyda aniqlanadi.

TR (5)=275; TC(5)=165; Foyda P(5)=110

Muammolari

tahrir

Monopolistik sharoitida faoliyat yurituvchi firmalar samarasiz faoliyat yuritishadi, chunki odatda narx siyosatini nazorat qilishga sarflanadigan xarajatlar aynan shu nazorat qilishdan keladigan daromaddan koʻproq hisoblanadi. Bundan tashqari monopolistik hokimiyatga ega firma ishlab chiqarishini chekli xarajat chekli daromadga teng boʻlganda toʻxtatadi. Vaholanki, bunda oʻrtacha umumiy xarajatlar hali minimal nuqtaga yetmagan boʻladi. Mukammal raqobatdan farqli ravishda monopolistik raqobat sharoitida ishlab chiqaruvchi foyda olsada, jamiyat farovonligi bu holatda kamayadi. Bundan tashqari differensial tovarlar isteʼmolchi ehtiyojini yaxshiroq qondirgani uchun jamiyat uchun manfaatli mukammal raqobatdan koʻra monopolistik raqobat afzal koʻriladi[18].

Boshqa muammo esa monopolistik raqobat reklamani rivojlantirishidadir. Albatta, makroiqtisodiy darajada bu muammo sifatida koʻrilmas, ammo mikroiqtisodiyotda, xususan iste'molchi tanlovi nazariyasi, iqtisodiy foyda va alternativ xarajatlar bogʻliq muammolarda bu hal qilinishi kerak boʻlgan muammo hisoblanadi. Reklamaning monopolistik raqobat sharoitida ishlashining ikkita yoʻli mavjud. Yaʼni, reklama firmaning qabul qiluvchi talab chizigʻini noelastikroq qilishi mumkin yoki reklama orqali firma tovarlariga talab ortadi. Ikki holatda ham firma yoki koʻproq tovar sotadi, yoki narxni oʻzi uchun foydali darajagacha oshiradi, yoki ikkala holat ham amalga oshib baribir firma foydasi oshadi. Bu firmaga oʻz savdo belgisini yaratishga imkoniyat beradi. Reklama isteʼmolchilarga ratsional omillarga tayanib emas, balki faqatgina uni nomi sababli koʻproq xarajat qilishga undaydi. Reklama himoyachilari esa savdo belgisi isteʼmolchilarga ishonchlilik belgisi hisoblanishi va kerakli tovarni topishga boʻlgan axborot xarajatlarini kamaytirishini aytishadi. Lekin, bu holat murakkabroq. Monopolistik raqobatga ega bozorda aniq axborotga ega boʻlish va uni qayta ishlashning oʻz xarajatlari mavjuddir. Monopol bozorda faqatgina 1 firma mavjudligi sababli axborot xarajatlari past. Mukammal raqobatda juda koʻp firmalar boʻlsa-da, tovarlar bir xilligi sababli bu holatda ham axborot xarajatlari nisbatan past. Ammo monopolistik bozorda firmalar koʻpligi va tovarlar bir-biridan farq qilishi sababli ratsional isteʼmolchi juda koʻp sonli brendlarni oʻrganishi kerak. Koʻpgina hollarda eng yaxshi brendni topishga ketgan xarajatlar ana shu eng yaxshi brenddan olingan foydaga qaraganda koʻproq boʻladi. Oqibatda isteʼmolchi zarar koʻradi. Isteʼmolchilar reklama orqali nafaqat reklama qilinayotgan brendni baholash uchun, balki boshqa isteʼmolchilar eʼtibor bermagan boshqa shunday brendlar borligini aniqlashga urinishadi[19].


Manbalar

tahrir
  1. Krugman, Paul; Obstfeld, Maurice. International Economics: Theory and Policy. Addison-Wesley, 2008. ISBN 978-0-321-55398-0. 
  2. Poiesz, Theo B. C. (2004). „The Free Market Illusion Psychological Limitations of Consumer Choice“ (PDF). Tijdschrift voor Economie en Management. 49-jild, № 2. 309–338-bet.[sayt ishlamaydi]
  3. „Monopolistic competetion | Britannica“.
  4. Becerra, Manuel; Santaló, Juan; Silva, Rosario (23 March 2012). „Being better vs. being different: Differentiation, competition, and pricing strategies in the Spanish hotel industry“ (PDF). Tourism Management. 34-jild, № Elsevier. 72-bet. doi:10.1016/J.TOURMAN.2012.03.014. S2CID 6108921.
  5. Gans, Joshua; King, Stephen; Stonecash, Robin; Mankiw, N. Gregory. Principles of Economics. Thomson Learning, 2003. ISBN 0-17-011441-4. 
  6. Hirschey, M.. Managerial Economics, Rev., Fort Worth: Dryden, 2000 — 443-bet. ISBN 0-03-025649-6. 
  7. Goodwin, N.; Nelson, J.; Ackerman, F.; Weisskopf, T.. Microeconomics in Context, 2nd, Sharpe, 2009 — 289-bet. ISBN 978-0-7656-2301-0. 
  8. B.T.Salimov, M.S.Yusupov. Mikroiqtisodiyot-2. Darslik. -T.: „Innovatsion rivojlanish nashriyotmatbaa uyi“, 2021 — 296 b.
  9. Smith, A. „Book I. Of the Causes of Improvement in the Productive Powers of Labour, and of the Order According to Which Its Produce Is Naturally Distributed among the Different Ranks of the People“, . An Inquiry into the Nature and Causes of the Wealth of Nations. University Press; Thomas Nelson and Peter Brown, 1827. 
  10. „Why-USSR-collapsed-economically | Investopedia“.
  11. Smith, A. „Book I. Of the Causes of Improvement in the Productive Powers of Labour, and of the Order According to Which Its Produce Is Naturally Distributed among the Different Ranks of the People“, . An Inquiry into the Nature and Causes of the Wealth of Nations. University Press; Thomas Nelson and Peter Brown, 1827. 
  12. „Why-USSR-collapsed-economically | Investopedia“.
  13. Perloff, J.. Microeconomics Theory & Applications with Calculus. Boston: Pearson, 2008 — 483-bet. ISBN 978-0-321-27794-7. 
  14. Staff, Investopedia „Monopolistic Competition Definition“ (en). Investopedia. Qaraldi: 2020-yil 1-noyabr.
  15. Soviet Union Economy 1991. Всемирная книга фактов ЦРУ, 1992. 
  16. Acemoglu, Daron „The Solow Growth Model“, . Introduction to Modern Economic Growth. Princeton: Princeton University Press, 2009 — 26–76-bet. ISBN 978-0-691-13292-1. 
  17. Salimov B.T., Mustafakulov Sh.I., Yuldashev Gʻ.T., Sultanov B.T. „Mikroiqtisodiyot“. Masalalar toʻplami. — Toshkent: Iqtisodiyot, 2018-yil. — 206 bet
  18. „What's so bad about monopoly power?“ (en-US). www.cbsnews.com. Qaraldi: 2019-yil 3-aprel.
  19. Antony Davies & Thomas Cline (2005). „A Consumer Behavior Approach to Modeling Monopolistic Competition“. Journal of Economic Psychology. 26-jild, № 6. 797–826-bet. doi:10.1016/j.joep.2005.05.003.