Muqanna qoʻzgʻoloni

Movarounnahrda Arab xalifaligiga qarshi qoʻzgʻolon (769–783)

Muqanna isyoni – Movarounnahrda Arab xalifaligiga qarshi koʻtarilgan xalq ozodlik harakati (VIII asrning 769783-yillari), Muqanna rahbarlik qilgan. Qoʻzgʻolonchilar oq kiyim kiyganlari uchun „oq kiyimliklar qoʻzgʻoloni“ nomi bilan ham mashhur. Isyononda dehqonlar, qishloq hunarmandlari va mahalliy zodagonlarning 1 qismi qatnashgan. Muqanna Mazdak taʼlimotining davomchisi sifatida ijtimoiy tenglikni keng targʻib qilganligi taʼsirida qoʻzgʻolonchilar iqtisodiy tengsizlik va oʻlkada arablar hukmronligiga qarshi kurash boshlaganlar. Muqanna oʻziga qarorgoh qilib Som togʻidagi qalʼani (Shahrisabz shahri yaqinida) tanladi. Samarqand, Buxoro, Kesh, Narshax shaharlari qoʻzgʻolon markaziga aylangan. Xalifa Mansur 775-yilda Jabroil ibn Yahyoni Ozarbayjondan katta harbiy kuch bilan Movarounnahrga yuborgan. Ammo Jabroil qoʻzgʻolonchilardan yengilgan. 10000 askar bilan Jabroilga yordamga yuborilgan Uqaba ibn Salim 1-marta Kesh va Samarqandda Gʻaricha boshliq, 2-marta 14000 askar bilan Termiz yaqinida Sarhama va Kayyoki Gʻuziy boshliq qoʻzgʻolonchilar tomonidan tor-mor keltirildi. Natijada Naxshab va Chagʻoniyon viloyatlari qoʻzgʻolonchilar qoʻliga oʻtdi. Isyon 776-yildan Buxoro vohasida kuchayib ketdi. Narshax qalʼasi qoʻzgʻolonchilarning qoʻrgʻoniga aylantirilgan. Bunda „oq kiyimliklar“ning katta qismi toʻplangan. Shu yili Narshax qalʼasi yaqinida „oq kiyimliklar“ bilan arablardan Buxoro amiri Husayn ibn Maoz va Samarqand noibi Jabroilning birlashgan qoʻshinlari oʻrtasida 4 oy mobaynida jang boʻldi. Jangda „oq kiyimliklar“ning qoʻli baland keldi, ammo son jihatidan koʻp boʻlgan arab qoʻshinlari Narshax qalʼasi devori ostidan uzunasiga 50 gaz lahim kavlab, uni qulatgach, qalʼaga bostirib kirganlar. Qalʼa ichida davom etgan shiddatli janglarda qoʻzgʻolonchilar yengilgan. Isyon rahbarlaridan Hakim ibn Ahmad va Hashviylar oʻldirilgan. Narshaxdagi qoʻzgʻolon bostirilgach, arablar asosiy kuchni Muqanna qoʻzgʻolonining markazi boʻlgan Samarqand va Keshga tashladilar. Xalifa Mahdiy 777-yilda Muqanna qoʻzgʻoloniga zarba berish uchun Nishopurga keldi. Xuroson noibi Maoz va Hirot amiri Sayd Harashiy boshliq katta qoʻshin Samarqandga yuborildi. Isyonkorlar bilan boʻlgan jangda arab qoʻshinlari magʻlubiyatga uchradi. Natijada Maoz Xuroson noibligidan isteʼfoga chikdi. 2 yillik toʻqnashuvlardan soʻng Samarqand taslim boʻldi. Soʻngra arablarning birlashgan qoʻshinlari Muqannaga qarshi tashlandi. Narshax va Samarqandda „oq kiyimlilar“ yengilgach, mahalliy boylar sotqinlik qilib, arablarga yordam bera boshladilar. Ular arablar bilan birga Muqannaning Som togʻidagi istehkomini qamal qilishda qatnashdilar. Uzoq davom etgan qamaldan soʻng tinkasi qurigan muqannachilar taslim boʻldilar. Muqannaning ukasi Qabzam 3000, Som qoʻrgʻoni mudofaasiga qoʻmondonlik qilayotgan Sarhama 3300 kishilik qoʻshini bilan Sayd Harashiyga taslim boʻldilar. Ammo, arablarga taslim boʻlishni istamagan Muqanna oʻzini yonib turgan tandirga tashlab halok boʻldi[1].

Adabiyot

tahrir
  • Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1991; Oʻzbekiston tarixi, T., 1997; Karimov Sh., Shamsutdinov R., Vatan tarixi, T., 1997.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil