Muqarnas
Muqarnas (arab. مقرنص) — meʼmoriy bezak turi; ravoqli kosachalarning (uyachalarning) ustma-ust joylashishidan xosil boʻladigan murakkab shakl. Meʼmorlikda asosi 4/6/8 burchak boʻlgan mehrob, taxmon, tokcha va boshqalarning tepa qismini gumbaz, yarim gumbaz koʻrinishiga keltirishda, binolar devori bilan shifti oraligʻi, ustunlar boshasi va boshqalarni bezatishda keng qoʻllanadi. Dastlab sodda shaklga ega boʻlgan, keyinroq murakkab koʻrinishga kirgan hamda bezak maqsadlarida ishlatila boshlangan. Muqarnas ishlanadigan joyiga qarab har xil murakkablikda boʻladi. Egri sirtga ega boʻlgan ravoqchalarning uchlari oldinga chiqarilib, yuqori qator uchun tayanch xosil qilinadi. Tarxda bu ravoqchalar koʻpincha teng tomonli uchburchakni beradi, 2 va undan ortiq ravoqchalar turli burchaklar ostida oʻzaro birikib kosachalar hosil qiladi.
Muqarnasning pastdan koʻrinishi va chizmasi girihga oʻxshaganligidan uni hajmi girih (girihning choʻzilgani) deb ham ataladi. Girih qatʼiy qonunga asoslanganligi uchun taqsim asosini tashkil etgan yulduzlar va boshqa handasiy shakllarni naqqosh oʻz ixtiyori bilan oʻzgartira olmaydi; mujassamotni teng boʻlaklarga boʻlib, shundan bir boʻlagiga takrorlanuvchi nusxa (taqsim) chizadi. Keng maʼnoda muqarnas shakli jihatidan bir necha koʻrinishga ega: sharafa, muqarnas (tor maʼnodagi), kalla muqarnas va iroqi muqarnas. Sharafa ravoqli kosachalar qatorlari gorizontal yoʻnalish boʻyicha takrorlanishidan hosil boʻladi. Tor maʼnodagi muqarnasning oʻzi ikki koʻrinishga ega: ravoqli kosachalar qatorlari vertikal oʻq atrofida ichkariga qaratib 180° (peshtoq, tokcha va boshqada) va 360° (gumbazda) aylantirilishi natijasida hosil qilinadi. Sharafalar qatorlari bilan gumbaz va yarim gumbaz qatorlari oʻrtasida farq bor, yaʼni sharafada kosachalar qatori oʻzgarmaydi, gumbaz va yarim gumbaz qatorlarida kosachalar oʻlchamlari oʻzgarmagan holda kosachalar soni pastdan yuqoriga tomon kamayib boradi. Kosachalar qatorlari tashqi tomonga qaratib vertikal oʻq atrofida 360° aylantirilishi natijasida kalla muqarnas (bosha) hosil qilinadi. Muqarnasning eng murakkab turi — iroqi muqarnas; muqarnasning boshqa turlarida ravoqli kosachalar tomonlari vertikal (tik) tarzda shakllansa, iroqi muqarnasda qiya boʻlgan holda shakllanadi. Iroqi muqarnas nisbatan keyinroq XVI—XVII-asrlarda tarqalgan.
Oʻzbekiston hududida muqarnas ilk bor Tim qishlogʻidagi Arab ota maqbarasida (997 yilda) qoʻllangan. Gʻiyosiddin Koshiy „Muftahul qisob“ asarida (XV asrda) muqarnasni aniq va ravshan taʼriflagan; uning soʻzicha, „muqarnas uyalar (kosachalar) pogʻonalaridan (qatorlaridan) tashkil topgan yopmadir …, u adlaʼlardan (yaʼni qirralardan) hosil boʻladi …“. Bu bilan Koshiy muqarnasning ikki asosiy alomati — qirralar (ravoqchalar) va pogʻonalarini (qatorlarini) koʻrsatib bergan. Muqarnas Temuriylar davri meʼmorligida keng qoʻllangan. Buxorodagi Mir Arab, Abdulazizxon, Samarqanddagi Ulugʻbek madrasalarida, Goʻri Amir, Shohizinda ansambli va boshqalarda muqarnasning ajoyib namunalari yaratilgan.
Muqarnas zamonaviy binolar meʼmorligida ham qoʻllanadi. Masalan, Toshkent kuranti, Navoiy teatri va boshqa binolarda muqarnasdan foydalanilgan. Toshkentdagi Xotira maydonidagi kalla muqarnas, Alisher Navoiy, Shahidlar xotirasi xiyobonlaridagi gumbazlar ostidagi sharafalar, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi va boshqa koʻp binolarda muqarnas anʼanalari davom ettirilmoqda[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |