Muqimiy
Muqimiy (asl ism-sharifi Muhammad Aminxoʻja Mirzaxoʻja oʻgʻli) (1850-yil, Qoʻqon – 1903-yil 25-may, Qoʻqon) – oʻzbek shoiri va mutafakkiri. Oʻzbek demokratik adabiyoti asoschilaridan biri.
Muhammad Aminxo'ja Mirzaxo'ja o'g'li | |
---|---|
Tavalludi |
1850-yil Qo‘qon, Qo‘qon xonligi |
Vafoti |
1903-yil 25-may Qo‘qon, Rossiya Imperiyasi |
Fuqaroligi | Turkiston Muxtoriyati |
Sohasi | shoir, satirik |
Mashhur ishlari | „Oshiq boʻlibman“, „Ayrilmasun“, „Oʻzim har joydaman“, „Aqlu hush uchdi boshimdin…“, „Tanobchilar“, „Toʻy“, „Saylov (Adabiyot)“ |
Dini | Islom |
Hayoti
tahrirMuhammad Aminxoʻja Muqimiyning otasi toshkentlik, onasi Oyshabibi esa xoʻjandlik boʻlib, ular Qoʻqonda yashagan. Muqimiy boshlangʻich maʼlumotni mahallasidagi maktabda olgan. Onasi Muhammad Aminxoʻjada sheʼriyatga havas uygʻotgan. Muqimiy Qoʻqon shahridagi Nodira tomonidan qurdirilgan "Mohlaroyim" madrasasida, soʻngra Buxoro madrasalaridan birida oʻqigan (1864—1865; 1875—1876). 1876-yilda Qoʻqonga qaytgach, yer qurilishi mahkamasida mirzalik qilgan. U mahkamadagi faoliyati davomida amaldorlarning qallobliklarini befarq kuzata olmasdan oʻzining „Tanobchilar“ satirasini yozgan.
Ijodi
tahrir70-yillar oxirlarida Qoʻqonga qaytgan va ijod bilan shugʻullangan. Otasi vafotidan soʻng moddiy ahvoli ogʻirlashgach, „Hazrat“ madrasasining kichik bir hujrasiga koʻchib oʻtgan (1885), butun umri qashshoqlikda kechgan. Bir necha bor Toshkentga sayohat qilgan (1887-1888, 1892), Toshkentdagi yangiliklar bilan tanishgan. Toshkent madaniy va adabiy hayotini chuqur oʻrgangan. Almaiy, Nodim kabi ilgʻor ruxdagi ijodkorlar bilan aloqa bogʻlab, ijodiy hamkorlik qilgan. Muqimiy yashab ijod etgan davr adabiy hayoti murakkab edi. Bunday muhit Muqimiy ijodiga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Ijodining ilk davrida qisman shaklbozlik unsurlari, sanʼatpardozlik mayllariga berilish ham uchraydi. Lekin tezda bu xil anʼanalardan voz kechib, jamiyatdagi illatlarga, eskilik aqidalariga tanqidiy nazar bilan qaradi. Navoiy, Jomiy, Nizomiy va Fuzuliydan oʻrgandi, ular gʻazallariga muhammaslar bogʻladi. Jomiyni oʻziga ustoz bildi. Oʻzbek, fors mumtoz shoirlari anʼanalarini davom ettirdi. Oʻzbek adabiyotida demokratik yoʻnalishning vujudga kelishi va shakllanishi Muqimiy nomi bilan bogʻliq. U boshliq Furqat, Zavqiy, Avaz, Komil kabi ilgʻor fikrli shoirlar oʻzbek adabiyoti tarixida yangi sahifa ochdilar. Muqimiy lirikasi chuqur optimizm bilan sugʻorilgan, hayotiylik ushbu lirikaning asosiy va yetakchi xususiyatlaridan. Muqimiy real muhabbatni, insonni kuylagan. Sheʼrlarining tub mohiyatini inson kechinmalari, sevinch va alamlari, istak va armonlari, kurashlari tashkil etgan. Ularda doʻstlik, sadoqat, samimiyat vafodorlik, sabot va matonat ulugʻlangan va bular orqali shoir kishilarda yaxshi xususiyatlarni tarbiyalashga intilgan. Adolatli va baxtli zamonni orzu qilgan, shunday kunlar kelishiga ishongan („Kelur oxir seni ham yoʻqlagʻudek bir zamon yaxshi“ va boshqalar). Hasrat, shikoyat, norozilik motivlari mavjud boʻlgan sheʼrlarida ham kelajakka ishonch, farovon hayot haqidagi orzu-ideallari aks etgan.
Muqimiy lirik shoir. Muhabbat mavzusi uning lirikasida asosiy oʻrin tutadi. „Oshiq boʻlibman“, „Ayrilmasun“, „Oʻzim har joydaman“, „Aqlu hush uchdi boshimdin…“ kabi sheʼrlari bunga misol.
Hajviyoti
tahrirMuqimiy dunyoqarashi va intilishlari bilan muhit oʻrtasidagi ziddiyat uning ijodida tanqidiy yoʻnalishni maydonga keltirgan. Bu uning xajviyotida koʻproq aks etgan. Hajviyoti mazmunan satira va yumorga boʻlinadi. Satiralarida chor amaldorlari, ayrim mahalliy boylarning kirdikorlari ochib tashlangan („Tanobchilar“, „Toʻy“, „Moskovchi boy taʼrifida“, „Hajvi Viktor boy“, „Voqeai Viktor“ va boshqalar)- „Saylov (Adabiyot)“, „Dar mazammati zamona“ va boshqalarda oʻlkaga kirib kelayotgan kapitalistik va gʻayriaxloqiy munosabatlar hamda ularning oqibatlari koʻrsatilgan. Baʼzan, oʻsha davrdagi hukmron qarashlarga ergashib, Dukchi eshon haqida ham hajviy asarlar yozgan („Hajvi halifai Mingtepa“).
Ot, arava, loy, pashsha, bezgak kabi mavzularda 30 ga yaqin hajviy asar yaratgan. Ularda shoir turmushning qoloq va chirkin tomonlari, ijtimoiy ongdagi nuqsonlar ustidan kulgan, mustamlakachilik azobi, harobalikni zaharxandalik bilan tasvirlagan („Devonamen“, „Koʻsamen“ „Hayron qildi loy“, „Pash-shalar“, „Shikoyati bezak“ va boshqalar). Boshqa bir qator hajviyalarida jamiyat hayotidagi oʻzgarishlarga yangicha munosabat aks etgan („Taʼrifi pech“, „Aroba qursin“, „Loy“ va boshqalar).
Sayohatnoma asari
tahrirMuqimiy oʻzbek adabiyotiga ishchilar mavzusini olib kirdi, tiplar galereyasini yaratdi („Maskovchi boy taʼrifida“, „Voqeai Viktor“ va boshqalar). Turli shahar va qishloqlarga qilgan sayohatlari taassurotlari asosida 4 qismli „Sayohatnoma“ asarini yozdi. Asar yengil, oʻynoqi vaznda yozilgan, 4 misrali bandlardan tashkil topgan. Unda xalq turmushining ogʻirligi, qishloqlarning vayronaligi realistik tasvirlangan. Shoir yaxshilikni maʼqullab, goʻzallikni madh etgan, kamchiliklar ustidan kulib, tanbeh bergan, yovuzlikni, turli illatlarni tanqid qilgan.
Muqimiyning nasr va nazmdagi maktublari epistolyar adabiyot namunasi hisoblanadi. 10 sheʼriy, 20 ga yaqin nasriy maktublari saqlangan. Sheʼrlari qoʻlyozmalar, bayozlar, 20-asr boshlarida litografiyada nashr qilingan kitoblar, Toshkent va Peterburgda bosilgan vaqtli matbuot sahifalarida bizgacha yetib kelgan.
Ijodi
tahrirMuqimiy ijodini oʻrganish, asarlarini toʻplash va nashr ettirish u hayot davridayoq boshlangan. Dastlab Ostroumov „Devoni Muqimiy“ toʻplamini 1907-yilda nashr qildirgan. 1910—1912-yillarda esa „Devoni Muqimiy maa hajviyot“ nomi bilan boshqa asarlari toʻplam sifatida bosib chiqarilgan. Gʻofur Gʻulom, Oybek, Xodi Zarifov, Homil Yoqubov, H. Razzoqov, Gʻulom Karimov, Abduqodir Hayitmetov va boshqalar Muqimiy ijodini Oʻrganishgan. Sheʼrlaridan namunalar chet tillarga tarjima qilingan. Muqimiyning aksariyat gʻazallari ashulaga aylangan.
Nomini abadiylashtirish
tahrirMuqimiyning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida maxsus koʻkrak nishoni va stipendiya joriy qilingan[1]. Qoʻqon shahrida Muqimiyning uy-muzeyi tashkil etilgan[2]. Fargʻona viloyatidagi shaharchaga, Toshkent koʻchalaridan biriga hamda Oʻzbek davlat musiqali drama teatriga Muqimiy nomi berilgan. Muqimiyga bagʻishlab Sobir Abdulla „Mavlono Muqimiy“ romani va „Muqimiy“ dramasini yaratgan. 2021-yilda Oʻzbekfilm kinostudiyasi tomonidan Muqimiyning hayotiga bagʻishlangan „Muqimiy“ nomli 110 daqiqalik film suratga olingan[3].
Nashr qilingan asarlari
tahrir- Muqimiy. Tanlangan asarlar. T., 2011
- Muqimiy. Asarlar. T., 1974.
Adabiyotlar
tahrir- Yoqubov H., Oʻzbek demokrat shoiri Muqimiy, T., 1953;
- Zarifov H., Muhammad Amin Muqimiy, T., 1955;
- Karimov F., Muqimiy. Hayoti va ijodi, T., 1970;
- Karimov Gʻ. Oʻzbek adabiyoti tarixi. 3-kitob, T.. 1975.
- Karimov Gʻ. Muqimiy hayoti va ijodi. T., 1970.
- Ahmedov S. Oʻzbek demokratik adabiyotida sheʼriy hikoya. T., 2023
- Karimov F., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 3kitob, T., 1966, 1975, 1987.
- Asarlar toʻplami 2-jlid, T., 1960-1961; Asarlar, T., 1974.
- Oʻzbekfilm kinostudiyasi
Manbalar
tahrir- ↑ „darakchi“ (2020-yil 20- avgust).
- ↑ „Muqimiy hujra-muzeyi“. www.youtube.com/Quqon. Qaraldi: 11-mart 2024-yil.
- ↑ „“Muqimiy” — milliy bayramga munosib tuhfa!“. www.daryo.uz. Qaraldi: 11-mart 2024-yil.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |