Najmi Soniy
Mir Amir Najmiddin Yor Ahmad Xuzoniy Isfahoniy (XV asrning ikkinchi yarmi, Isfahon — 1512-yil 12-noyabr, Gʻijduvon) — Najmi Soniy nomi bilan mashhur boʻlgan fors lashkarboshisi[1], Safaviylar sulolasidan boʻlgan Eron shohi Ismoil I Safaviyga xizmat qilgan. U Safaviylar davlati tarixidagi asosiy va nufuzli lashkarboshilardan biri bo‘lgan[2].
Amir Najmiddin Yor Ahmad Huzoniy Isfahoniy | |
---|---|
Asl ismi | forscha: نجم ثانی |
Taxallus(lar)i | Najmi Soniy |
Tavalludi |
XV asrning ikkinchi yarmi Isfahon, Oq qoʻyunlilar davlati |
Vafoti |
1512-yil 12-noyabr G'ijduvon, Shayboniylar davlati |
Fuqaroligi | Safaviylar davlati |
Unvoni | lashkarboshi |
Qoʻmondonlik qilgan | Safaviylar davlati qo'shinlari |
Jang/urush |
Shayboniylarning Xurosonga bosqinlari, Nasafni egallash, Gʻijduvon jangi |
Mir Najmiddin Xuzoniy XV asrning ikkinchi yarmida Isfahon shahrida, ko‘zga ko‘ringan va maʼrifatparvar xuzoniylar oilasida tug‘ilgan[3]. Uning ukasi Mahmudbek Xuzoniy ham Isfahonda taniqli kishi boʻlgan. U yoshligidanoq harbiy ishlarga berilib, „Isfahoniy“ nisbasini olgan. Keyinchalik VII asrda yashagan, islomni zamonaviy Eron, Afgʻoniston va Oʻrta Osiyo hududlarida yoygan arab qoʻmondonining „Najmi Soniy“ (Ikkinchi Najm) laqabini olgan. 1509-yilda Ismoil Safaviyning ishonchli hokimi Mir Najm Zargar G‘iloniy vafot etadi va uning o‘rniga Mir Najmiddin Xuzoniy (Najmi Soniy) tayinlanadi. Ismoil Safaviy faqat forszabon eronliklarni hokim qilib tayinlagan, garchi oʻzi turkiyzabon eronlik qizilbosh boʻlsa ham turkiyzabon harbiy boshliqlarga ishonmagan. Najmi Soniy Ismoil Safaviyning eng ishonchli qo‘mondonlaridan biri bo‘lib, Eron shohi ko‘pincha harbiy yurishlarga katta qo‘shin boshiga o‘zining o‘rniga Najmi Soniyni yuborgan. Najmi Soniy Xurosonni vaqti-vaqti bilan hujum qilayotgan o‘zbek-shayboniylardan himoya qilib, asosan Mashhadda boʻlgan[1].
Oʻsha davrda Movarounnahrda shayboniylar bilan temuriy Bobur oʻrtasida keskin kurash kechayotgandi. Bobur qisqa vaqt ichida Movarounnahrning katta qismini, jumladan, Buxoro va Samarqand shaharlarini qaytarib olgan, ammo mashhur „Ko‘li Malik jangi“ dan so‘ng mag‘lubiyatga uchrab, avval Samarqandga, so‘ngra Hisorga qochib, Balx tomonga chekingan. Safaviylar va Shayboniylar ham bir-birlari bilan adovatda bo‘lganliklari uchun Eron shohi Ismoil Safaviy vaziyatdan foydalanishga qaror qilib, Najmi Soniy boshchiligida 70 minglik qo‘shin jo‘natadi[1].
Qarshi qirgʻini
tahrir1512-yil kuzida Najmi Soniy boshchiligidagi Safaviy qoʻshinlari Jayhun daryosidan oʻtib Movarounnahrga bostirib kiradi. Hozirda Oʻzbekistonning Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga qarashli katta hudud egallab olindi. Nasaf shahri Najmi Saniy qo‘shini tomonidan qamal qilingan, uch kundan keyin shahar aholisi va shaharni himoya qilayotgan qo‘shinlar taslim bo‘lib, Najmi Soniy boshchiligidagi qo‘shinlar shaharga kirishgan. Nasaf aholisining aksariyati oʻldirilgan. Tarixiy maʼlumotlarga ko‘ra, bu qirg‘inda 15 mingdan ortiq kishi, jumladan, bir qancha sayyidlar, shuningdek, shoir Kamoliddin Binoiy qatl etilgan. Birlashgan qoʻshinlar yana shimoli-gʻarbga, Buxoro tomon harakatlangan[1].
Gʻijduvon jangi
tahrir1512-yil noyabrda Buxorodan uncha uzoq boʻlmagan Gʻijduvonda Safaviy Eron qoʻshinlari bilan Shayboniy oʻzbeklari qoʻshini oʻrtasida mashhur „Gʻijduvon jangi“ boʻlib oʻtgan[1]. Bu jangda Safaviylarni temuriy Bobur qo‘llab-quvvatlagan. Safaviylar qo‘shiniga Najmi Soniyning o‘zi, Shayboniylar qo‘shiniga Ubaydullaxon boshchilik qilgan. Bobur qoʻshinlari jangda faol qatnashganlar, biroq biroz vaqt oʻtib parokanda boʻlib, tasodifan eronliklarning orqa qismini ochiq tashlab ketishgan va oʻzbeklar esa bundan foydalanib, orqa tarafga oʻtib, Eron qoʻshiniga har tomondan zarbalar berishgan. Mag‘lubiyatni anglagan Bobur Najmi Soniyga chekinishni va sog‘lig‘ini tiklash uchun Nasafga qaytishni taklif qiladi, biroq Safaviylar sarkardasi buni rad etib, o‘zbeklarning shiddatli hujumlariga qarshilik ko‘rsatishda davom etadi. Bu orada Najmi Soniyning baʼzi qoʻmondon-sarkardalari oʻrtasida boʻlinish yuzaga kelgan, Safaviylarning bir qismi jangni davom ettirishdan bosh tortgan va bu jangning borishiga eronliklar foydasiga emas, aks taʼsir qilgan. Shiddatli jang safaviylarning to‘liq mag‘lubiyati bilan yakunlanib, Najmi Soniy og‘ir yaralangan. Shayboniylar qo‘shinlari Najmi Soniyni qo‘lga oladi va Ubaydullaxonning buyrug‘i bilan qatl etiladi[1][4]. Safaviy qoʻshinlarining bir qismi ham asirga olingan. Yo‘lboshchisiz qolgan omon qolgan Eron qo‘shinlari shiddat bilan janubi-g‘arbiy tomonga chekingan. Jayhundan shoshib o‘tib, Xurosonga qaytishgan. Bobur omon qolgan qo‘shini bilan chekingan. Shayboniylar nihoyat Movarounnahrda mustahkam o‘rnashib olishga muvaffaq bo‘ldilar.
Bu jang Safaviylar va Shayboniylar oʻrtasidagi qarama-qarshilikda katta rol oʻynagan. Movarounnahrning Eron Safaviylar saltanatiga qaram boʻlishining oldi olingan, shuningdek, Safaviylarning Movarounnahrda shialikni oʻrnatishiga toʻsqinlik qilgan.
Najmi Soniy vafotidan besh oy o‘tgach, uning o‘rniga Ismoil Safaviy Abdulboqi Yazdiyni lashkarboshi etib tayinlangan[5].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Mazzaoui 2002.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Newman 2008, s. 157.
- ↑ Newman 2008, s. 20.
- ↑ Soucek 1982, ss. 105–106.
Adabiyotlar
tahrir- Newman, Andrew J.. Safavid Iran: Rebirth of a Persian Empire. I.B.Tauris, 2008 — 1–281-bet. ISBN 9780857716613.
- Savory, Roger. Iran under the Safavids. Cambridge University Press, 2007 — 1–288-bet. ISBN 978-0521042512.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |