Halima Nosirova
Halima Nosirova (29-dekabr 1913-yil, Qoʻqon yaqinidagi Togʻliq qishlogʻi – 3-yanvar 2003-yil, Toshkent) – opera xonandasi (lirik-dramatik soprano), oʻzbek xonandalik sanʼatining yirik namoyandasi. Oʻzbekiston xalq artisti (1937). Boku teatr texnikumi (1924–27), Moskva oʻzbek opera studiyasi (1934–37)da taʼlim olgan. Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1977; 1977–82 yillarda Sharq musiqasi kafedrasida pedagog). Mumtoz opera hamda milliy sahna ijrochilikanʼanalarini N. Nejdanova, N. Golovanov, M. Uygʻur, M. Muhamedov, T. Jalilov va boshqa ustozlardan oʻzlashtirgan.
Halima Nosirova | ||||||
---|---|---|---|---|---|---|
Tavalludi |
29-dekabr 1913-yil Fargʻona viloyati | |||||
Vafoti |
3-yanvar 2003-yil (89 yoshda) Toshkent | |||||
Fuqaroligi | OʻzSSR Oʻzbekiston Respublikasi | |||||
Mukofotlari |
|
Faoliyatini aktrisa sifatida 1927 yildan Oʻzbek davlat namuna sayyor truppasida boshlab, Mariya Antonovna (N. Gogol, „Revizor“), Malikai Turandot (K. Gotssi, „Malikai Turandot“) kabi rollarni ijro etgan. 1929–39 yillarda Oʻzbek davlat musiqali teatri, 1939–86 yillarda Navoiy teatrining yetakchy yakkaxon xonandasi. Noyob, oʻziga xos shirali va keng diapazonli ovoz, sahnaviy isteʼdodga ega boʻlgan N. „Halima“ (Gʻ. Zafariy), „Arshin mol olon“ (U. Xojibekov), „Layli va Majnun“ (Xurshid; T. Sodiqov musiqasi), „Farhod va Shirin“ (Xurshid; V. Uspenskiy), „Gulsara“ (Komil Yashin va M. Muhamedov; R. Glier) kabi musiqali spektakllarda bosh rollarni ijro etib shuhrat qozongan.
Nosirovaning musiqali drama teatri sahnasida erishgan muvaffaqiyatlari oʻzbek opera ijrochiligining yuzaga kelishiga turtki boʻldi. 1938 yil Oʻzbek davlat musiqali teatrida saxnalashtirilgan Yevgeniy Brusilovskiyning „Er Targʻin“ operasidagi Oqjunus obrazi Nosirovaning birinchi opera partiyasi edi. N. ilk oʻzbek operalari – „Boʻron“ (G. Vasilenko va M. Ashrafiy, 1939)da Norgul, „Layli va Majnun“ (T. Sodiqov va R. Glier, 1940)da Layli kabi bosh rollarni ijro etgan. Keyinchalik u „Ulugʻbek“ (A. Kozlovskiy, 1942) operasida Sin Dun Fan, „Karmen“ (J. Vize, 1944, oʻzbek tilida)da Karmen, „Tohir va Zuxra“ (T. Jalilov va V. Brovsin, 1949)da Zuxra, „Gulsara“ (R. Glier va T. Sodikov, 1949)da Gulsara kabi obrazlar yaratdi. Gulsara partiyasida N. milliy kuylash sanʼatini opera ijrochiligiga uzviy bogʻlashga muvaffaq boʻldi. Keyinchalik bu hol N. yaratgan barcha rollar talqinining asosiy xususiyatiga aylandi.
„Maysaraning ishi“ (S. Yudakov)dagi bosh qahramon talqinida oʻzbek opera sahnasidagi ilk hajviy obrazni yaratdi. Maysaraga xos lirik va komik holatlar ishonarli namoyon boʻldi. Nosirovaning Zaynab (T. Sodiqov, Yu. Rajabiy, D. Zokirov va boshqa Zeydman, „Zaynab va Omon“), Saodat (S. Boboyev, „Hamza“), Bahor (M. Yusupov, „Xorazm qoʻshigʻi“), Xadicha xola (Ya. Sabzanov, „Qaytish“) obrazlari faoliyatining soʻnggi yillari mahsulidir.
Nosirovaning konsert repertuaridan oʻzbek mumtoz musiqa merosi namunalari katta oʻrin olgan: „Ushshoq“, „Dugoh“, „Chorgoh“, „Samarqand ushshogʻi“, „Chapandozi Navo“ kabi maqom yoʻllari, „Chaman ichra“ va boshqa A. Kozlovskiy ovoz va simfonik orkestr uchun qayta ishlagan „Oʻzgancha“, „Gulyuz ichra“, „Figʻon“ va, ayniqsa, „Tanavor“ ashulalarninglirikdramatikjihati N. ijrosida yanada teranlashdi. „Men oʻzbek qiziman“, „Mehnat ahli“ (F. Boruxova bilan birgalikda katta ashula yoʻlida) va boshqa zamonaviy ashulalarni, „Oʻzbek qizi ovozi“ (M. Leviyev), „Xush kelibsiz“ (Sayfi Jalil) singari kompozitorlarning qoʻshiklarini koʻtarinki ruxla tarannum etgan. Boshqa xalqlar (tojik, qozoq, arman, ozarbayjon, xitoy, rus, ukrain kabi) qoʻshiqlari ham N. repertuaridan oʻrin olgan. Osiyo, Amerika va Yevropa mamlakatlarida gastrolda boʻlgan. Davlat mukofotlari (1946,1951, 1968), Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1968)[1], "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni (2000) bilan mukofotlangan.[2][3]
Manbalar
tahrir- ↑ „Адабиёт, санъат ва архитектура соҳасида Ҳамза номли Ўзбекистон ССР давлат мукофотларини бериш тўғрисида“ (uz). Sovet Oʻzbekistoni (1968-yil 7-noyabr), s. 3.
- ↑ OʻzME
- ↑ Ad:Saidov A., Halima Nosirova, T., 1974; Hamidova M., Xalima Nasirova, T., 1995.