Ocherk
Ocherk — badiiy adabiyotning epik tur janrlaridan biri. Ocherk oʻzining hozirjavobligi, ishonarliligi, haqiqiy hayotda roʻy bergan voqealarni ifodalash, hujjatlarga asoslanganligi bilan ajralib turadi. Ocherk badiiy toʻqimadan unumli foydalana olmasligi, qahramonni tipiklashtirish va individuallashtirish hamda asarning syujet va kompozitsiyey qurilishini belgilashda yozuvchining ijodiy yondashuvi bir qadar cheklanganligi bilan epik turning hikoya, qissa, roman janrlaridan farq qiladi. Chunki ocherknavis aniq tarixiy sharoitda boʻlib oʻtgan, oʻzi koʻrgan, guvohi boʻlgan voqeani qalamga oladi, yaratajak qahramoni bilan yuzma-yuz suxbatlashadi, uning hayoti va faoliyatini aniq ifodalaydi. Shu jihatdan ocherkda muallif oʻz qahramoniga nisbatan xayrixohligidan kelib chiqib, unda uchramaydigan sifatlarni yuklamaydi. Ocherk erkin kompozitsiya asosida yaratiladi. Unda hikoya, qissa, roman, dramalardagidek muallif "ixtiyoridan tashqari" turadigan mustahkam kompozitsion markaz boʻlavermaydi.
Ocherk hayotni aks ettirish tamoyillari jihatidan lirikaga yaqin turadi. Chunki ocherk janrida ham muallif xuddi lirikadagi singari hayotdan olgan taassurotlarini, unga munosabatini, ichki kechinmalarini bemalol ifodalash imkoniga ega.
Oʻzbek adabiyoti uchun ocherk janr sifatida yangi boʻlsa ham u, asosan, XX asrning 20—30-yillarida kirib kelgan, uning ildizlari mumtoz adabiyotning ilk na'munalaridan oziqlanadi. Masalan, UrxunYenisey va Kultegin yodnomalari, "Boburnoma" asarlarida ocherkga xos hujjatlilik seziladi. Ocherk aslida jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarning paydo boʻlishi bilan bogʻliq ravishda rivoj topadi. Dastlabki paytda ocherk janrining shakllanishiga Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor singari adiblar, keyinroq Nazir Safarov, Yoʻldosh Shamsharov, Habib Noʻʼmon, Sunnatillo Anorboyev, Rasul Rahmon va boshqa katta hissa qoʻshdilar. Hozirgi oʻzbek adabiyotida ocherk taraqqiyoti Dadaxon Nuriy, Yoqubjon Xoʻjamberdiyev kabilarning nomlari bilan bogʻliq. Ocherk tanlangan mavzu va yoʻnalishiga koʻra, yoʻl ocherklari, muammoli ocherklar, portret ocherklar, sud ocherklari kabi koʻrinishlarga ega. Har qanday ocherkda ham yozuvchi hayotiy voqealarni real, rostgoʻylik bilan tasvirlab berishga masʼuldir. Keyingi yillarda ocherk janri ham mazmunan, ham shaklan bir oz chekinishga yuz tutdi. Uning oʻrnini esse janri koʻproq egallay boshladi (qarang Esse).
Ad:. Adabiy turlar va janrlar [3 jildli], 1-j., 1991; Qoʻshjonov M., Maʼno va mezon, T., 1974.
Yoʻldosh Solijonov.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |