Olga bozulbangi (lotincha: Lagochilus olgae) — yalpizdoshlar oilasi, lagochilus turkumiga mansub ko‘p yillik, gulli o‘simlik. Hayotiy shakli yarimbuta. O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Jizzax va Samarqand viloyatlari Nurota tog‘ tizmasi, Qo‘ytosh tog‘i hududida o‘sadi. Tog‘ yonbag‘irlarida, toshloq tuproqlarda o‘sishga moslashgan[1].

Olga bozulbangi
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli o‘simliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Lagochilus
Oila: Yalpizdoshlar
Binar nomi
Lagochilus olgae

Tavsifi

tahrir

Balandligi 20-50 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t o‘simlik. Hayotiy shakli yarimbuta. O‘q ildiz tizimiga ega. Poyalari ko‘p, shoxlangan, tik o‘sadi. Barglari qalin, shakli keng tuxumsimon, asosi ponasimon, tomirlari bo'rtib turadi, oddiy ko‘z bilan ko'rish mumkin. Gullari gulpoyasiz, uzunligi 25-28 mm, poya yuqorisida joylashgan barglarning qo‘ltiqlarida 4-6 tadan yarim halqa hosil qilib o‘rnashgan. Guloldi bargchalari o‘tkir, bigizsimon, yuqoriga qarab qayrilgan va gulkosachabarglarga yopishib turadi. Gulqo‘rg‘on a'zolari qisman qo‘shilgan. Gulkosachabarglari tor, shakli qo‘ng‘iroqsimon, uzunchoq, o‘tkir uchli, qalami nashtarsimon. Gultojibarglari oq rangda. Hasharotlar yordamida changlanadi. May oyining oxirida yoki iyun oyida gullab, mevasi iyulda yetilib pishadi. Urug‘i orqali jinsiy yo‘l bilan ko'payadi.

Tarqalishi va o‘sish sharoiti

tahrir

Yovvoyi tabiatda kam uchraydi, alohida-alohida yoki kichik to‘plar hosil qilib o‘sadi. Jizzax va Samarqand viloyatlari Nurota tog‘ tizmasida tarqalgan. Tog‘larning pastki va o‘rta qismidagi tosh chag‘irtoshli yonbag‘irlarida, yirik o‘t o'lanlar orasida o‘sadi. Ma'lum bir tuproq sharoitiga moslashganligi sababli tabiatda kam uchraydi[2].

Manbalar

tahrir
  1. „Lagochilus olgae“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.