Olmaxon Hayitova
Olmaxon Hayitova (1940-yil 6-mart, Xonqa tumani, Xorazm viloyati, Oʻzbekiston SSR – 2014-yil 1-yanvar, Urganch, Xorazm viloyati, Oʻzbekiston) – xonanda, bastakor, Oʻzbekiston xalq artisti (1992)[1]. Xorazm qoʻshiqchilik maktabining yorqin vakilasi.
Olmaxon Hayitova | |
---|---|
Tavalludi |
6-mart 1940-yil |
Vafoti |
1-yanvar 2014-yil (73 yoshda) Urganch, Xorazm viloyati, Oʻzbekiston |
Fuqaroligi | Oʻzbekiston |
Kasbi | Ashulachi |
Faoliyat yillari | 1958—2014 |
Unvoni | |
Turmush oʻrtogʻi | Ruslan Madrahimov |
Biografiyasi
tahrirOlmaxon Hayitova 1940-yil 6-martda Xorazm viloyatining Xonqa tumanida tugʻilgan[1]. Oiladagi uch oʻgʻil va uch qizning kenjasi boʻlgan. Maktab davridayoq qoʻshiq aytishga qiziqqan. Maktabda tuzilgan badiiy havaskorlik toʻgaragida rubob, dutor chertish va qoʻshiq aytishni oʻrgangan. Maktabni tugatgach, Urganch shahridagi madaniyat uyining ashula va raqs ansambliga qabul qilingan. 1959-yilda Moskvada oʻtkazilgan adabiyot dekadasida ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Ashula aytishni dastlab Oʻ.Saidov, keyinchalik Komiljon Otaniyozovdan oʻrgangan. Olmaxon Hayitova 1958—1959-yillarda Toshkent viloyati Yangiyoʻl shahar teatrida xonanda boʻlib ishlagan. Aynan shu teatrda mohir xonanda sifatida shakllandib, yurtga tanilgan. 1963-yilda Olmaxon Hayitova Muhiddin Qoriyoqubov nomidagi Oʻzbek davlat filarmoniyasi qoshidagi Oʻzbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov rahbarligidagi Xorazm ashula va raqs ansamblida („Lazgi“ ansambli) yakkaxon sifatida ish boshlagan. 1969—1974-yillarda Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutida tahsil olgan. 1995—2005-yillarda „Oʻzbeknavo“ gastrol-konsert birlashmasi tarkibidagi Xorazm viloyati Komiljon Otaniyozov nomidagi filarmoniyaning direktori lavozimida faoliyat olib borgan[2]. 2003-yilda Toshkent madaniyat instituti professori boʻlgan[3].
Olmaxon Hayitova 2014-yil 1-yanvarda 73 yoshida qandli diabet kasalligidan vafot etgan[4][5][6]. 2014-yil 2-yanvarda Urganchdagi Oxunbuva (Oxunbobo) qabristoniga dafn etilgan[6][7]. Vasiyatiga asosan olgan mukofotlari kichkina xaltachaga solinib, qabri yoniga koʻmilgan[7].
Oilasi
tahrirOlmaxon Hayitova XX asrning 70-yillaridayoq butun respublikaga mashhur boʻlganiga qaramasdan, hayoti va ijodiy faoliyatining asosiy qismi Xorazmda oʻtgan. Turmush oʻrtogʻi Ruslan Madrahimov (nafaqadagi polkovnik)[3]. 1960-yilda turmush qurishgan. Ularning ikki oʻgʻli va ikki qizi bor[3].
Ijodi
tahrirOlmaxon Hayitova ijrochilik va bastakorlik faoliyati bilan milliy qoʻshiqchilik sanʼatiga oʻz hissasini qoʻshgan. Olmaxon Hayitova oʻzbek ayol sanʼatkorlari orasida birinchi boʻlib katta sahnada tor chalib, qoʻshiq kuylagan[8][6]. Olmaxon Hayitova barcha pardalarda jarangdor, kuchli va keng diapazonli ovoz sohibasi boʻlgan.
Olmaxon Hayitova asosan mumtoz ashulalar va xalq doston qoʻshiqlarini ijro etgan[5] hamda 50 dan ortiq turli mavzularda, zamondosh shoirlarning soʻzlariga bastalagan. Ular orasida „Muhabbat“, „Sen bir yona, men bir yona“, „Torni qoʻlga olinglarey“, „Uyalamaney“ (Oshiq Erkin soʻzi); „Boʻlsa boʻlar, bir boʻlar“ (Shodi Karim soʻzi); „Oʻynali“ (Omon Matjon soʻzi), „Koʻzingdan aylanay“ (Q.Matrasul soʻzi), „Ishq oʻynashdim“ (Komila soʻzi) qoʻshiqlar eng mashhurlaridir. Olmaxon Hayitova ijrosidagi „Barigal“ qoʻshigʻi turkiy xalqlar qoʻshiqchilik sanʼatida eng ommalashgani hisoblanadi[8]. Repertuaridan ommabop qoʻshiqlar, mumtoz ashulalar („Feruz – 1“, „Toshkent Irogʻi“ va boshqalar), Xorazm xalq doston qoʻshiqlari („Oshiq Gʻarib va Shohsanam“dan „Ozod qil“, „Bilo-bilmadim“, „Xatingni“ va boshqalar), bastakor va kompozitorlar asarlari (Hojiabdulazizning „Guluzorim“, „Samarqand Ushshogʻi“, Komiljon Otaniyozovning „Naylayin“, S. Hayitboyevning „Oʻzbekiston gullari“ va boshqalar), shuningdek, turkman, ozarbayjon xalq qoʻshiqlari oʻrin olgan. Ijrolari Oʻzbekiston radiosi fonotekasiga (jami 250 dan ortiq), bir necha gramplastinka („Oʻzbekiston gullari“, 1976) va audiokassetaga yozilgan. Olmaxon Hayitova ijodiga bagʻishlangan „Olmaxon Hayitova kuylaydi“ telefilmi ishlangan (1982). Bir qator mamlakatlarda gastrolda boʻlgan[1]. Ikki kitobdan iborat „Xorazm ashula va raqs sanʼati“ asari muallifi[3].
Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjonga koʻra, Olmaxon Hayitova nafaqat Oʻzbekiston, balki Osiyo ayollari orasidan chiqqan zabardast qoʻshiqchi boʻlgan, xorazmliklarning biror-bir tadbiri Olmaxon Hayitova yoki uning qoʻshiqlarisiz oʻtmagan[8].
Mukofotlari
tahrirOlmaxon Hayitova 1966-yilda „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist“, 1992-yilda „Oʻzbekiston xalq artisti“ va 1993-yilda „Qoraqalpogʻiston xalq artisti“ faxriy unvonlari bilan taqdirlangan[2][3].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ 2,0 2,1 „ҲАЙИТОВА ОЛМАХОН“.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 „Olmaxon HAYITOVAning so`nggi iltimosi...“ (2014-yil 8-fevral).
- ↑ „Olmaxon Hayitova vafot etdi.“ (2014-yil 2-yanvar).
- ↑ 5,0 5,1 „O‘zbekiston xalq artisti Olmaxon Hayitova vafot etdi“ (2014-yil 2-yanvar).
- ↑ 6,0 6,1 6,2 „Талантливая артистка всегда будет в сердцах людей“.
- ↑ 7,0 7,1 „O‘zbekiston xalq artisti Olmaxon Hayitovaning vasiyati bajarildi“ (2015-yil 21-yanvar).
- ↑ 8,0 8,1 8,2 „2014 yilda oramizdan ketganlar: Olmaxon Hayitova“ (2014-yil 29-dekabr).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |