Paxsa devor – loyni pishitib, maxsus texnik usul bilan ustma-ust bosib uriladigan devor[1].

Tarixi

tahrir

Paxsa devordan qurilgan uylar tarixi mil. avv. davrlarga borib taqaladi. Paxsa devorlar qadimdanoq iqlimi issiq hududlarda yaxshigina boshpana vazifasini oʻtagan.

Qadimgi Xorazm davlati hududidan topilgan mil. avv. VI—V asrlarga oid manzilgohlar paxsa va xom gʻishtdan qad rostlagan. Temir davriga kelib, paxsa devorlardan keng foydalanila boshlangan[2]. Qadimda baʼzi shaharlarning devorlari, qalʼa qoʻrgʻonlari paxsadan ishlangan. Ular mudofaa ahamiyatiga ega boʻlgani sababli juda mustahkam qurilgan. Shahar devorlarining ikki chekkasi paxsadan koʻtarilib, oʻrtasi tuproq bilan toʻldirilgan (Teshik qalʼa, Qoʻyqirilgan qalʼa, Tuproq qalʼa va boshqalar)[3]. Dastlab paxsa qamish yoki yogʻoch poydevor (tirnoq) ustiga urilgan boʻlsa, hozir beton, pishiq gʻisht yoki tosh poydevor ustiga qoʻyiladi[4].

Afzalligi

tahrir

Paxsa devorlar odatda tabiiy xom ashyo — loydan uriladi. Paxsa devorli uylar “nafas oladi”, yaʼni havo aylanishini yaxshi taʼminlaydi. Bu esa issiqlik energiyasi va konditsioner quvvatini 20 foizgacha tejash imkonini beradi. Paxsa devorlarining qalinligi odatda 50-60sm.ni tashkil qiladi. Devorlarning bunday qalinligi sovuq kunlari uyni issiq, issiq kunlarda esa salqin saqlanishini taʼminlaydi.

Paxsa devorlar pishiq gʻishtli uylarga nisbatan issiqlikni 25 foizga kamroq oʻtkazadi. Bu esa issiq iqlimli oʻlkalarda xona haroratini moʻtadil saqlanishini taʼminlaydi.

Paxsa devorlar ustiga somon aralashtirib qilingan loy suvoq havo ifloslanishining oldini olish xususiyatiga ega, bakteriya va mogʻorning rivojlanishiga yoʻl qoʻymaydi.

Paxsa devorlar shovqin yutish xususiyatiga ham ega. Shu tufayli inson bunday uyda orom olsa tinch, xotirjam va miriqib hordiq chiqaradi.

Paxsa devordan qurilgan uyda yashovchi odamlar allergiya va shamollash kasalliklari bilan kamroq ogʻriydi.

Paxsa devorli uylarga biror xavf bilan oʻt ketgan taqdirda uyning devorlari butun saqlanadi va qayta taʼmirlashda arzonga tushadi.

Kamchiligi

tahrir

Quruvchilar oʻrtasida paxsa devorli uylar zilzilabardosh emas, degan qarashlar yuradi. Chunki, xom gʻisht va paxsadan qurilgan uylarning eng zaif joylari, pishiq gʻishtdan qurilgan uylar kabi, devorlarning burchaklari hamda boʻylama va koʻndalang devorlarining tutashgan joylari hisoblanadi. Zilzila vaqtida ham, dastavval uyning shu qismiga ziyon yetadi, yorilishi mumkin.

Zilzilabardoshlilik xususiyatini oshirish

tahrir

Paxsa devorning zaif joylari metall toʻr (setka) yoki qamish bilan kuchaytiriladi. Agar qamish butun devor boʻylab yotqizilsa, uning samarasi yanada koʻproq boʻladi. Bunda birinchi chokda qamish boʻylama yoʻnalishida, ikkinchisida esa koʻndalang yotqiziladi. Armatura sifatida ishlatiladigan qamish yaxshi pishgan, quruq, toza va chirimagan boʻlishi kerak. Qamishning ustidan yotqizilgan loy qorishma qamishni toʻliq qoplashi kerak. Qamishlar orasidagi masofa 4-5 sm boʻlishi kerak. Burchaklarda hamda boʻylama va koʻndalang devorlar tutashgan joylarda loy qorishma qamishga yaxshi yopishishi uchun, qamish yogʻoch bolgʻacha bilan pachaqlanadi. Natijada devorlarning bir-biri bilan yaxshi bogʻlanishiga va yer qimirlaganda ularning oʻzaro ajralishining kamayishiga erishiladi[5].

Ayrimlar paxsa devorli uylar namgarchilikda tez nuraydigan boʻlib qoladi, deb hisoblaydi. Ammo yaxshilab pishitib urilgan va ortiqcha tuz va ohaklardan xoli boʻlgan paxsa devorlar juda pishiq: monolit devor boʻlib, har qanday namgarchilikni yaxshi koʻtaradi. Uyning tagidan yemirilishining oldini olish uchun esa, tajribali ustalar poydevorni balandroq olishni tavsiya etadi.

Paxsa devor uchun loyni pishitish

tahrir

Paxsa devor uchun asosiy ashyo boʻlgan tuproqning sifati muhim. Paxsa devor uchun toza soz tuproq ishlatilib, u O’zbekiston iqlim sharoitida koʻp uchraydi. Soz tuproq tarkibi yoki unga qoʻshiladigan suv tuz, ohak, temir va boshqa moddalardan xoli boʻlishi kerak, aks holda bu devor sifatiga putur yetkazadi.

Eng avvalo, loy tayyorlash uchun yer yumshatiladi, mabodo boshqa joydan devorbop tuproq olib kelinsa, loy tayyorlashdan avval, loy oʻrni yaxshilab shibbalanadi. Baʼzi holatlarda biror taglik material toʻshaladi. Qattiq yaxlit taxt toʻshama boʻlishi ham mumkin. Soʻng suv bilan sepilib ivitiladi, keyin ketmon yordamida agʻdarilib pishitiladi.

Tuproq oz-ozdan suvlantirilib, ketmon bilan agʻdarilib hamda tepkilab pishitiladi. Bir necha kishi ishtirokida bu jarayon tez va pishiq amalga oshiriladi. Yaxshi pishgan loy oyoq yoki maxsus belkurakka ilashmaydigan boʻladi. Baʼzilar loyni 1-2 kunlab pishitadi. Shundan soʻng, tayyor qorishma havoning haroratiga qarab 3-4 kun dimlab qoʻyiladi. Bunda plyonka yoki brezent koʻrinishli materiallardan foydalanilsa maqsadga muvofiq. Tayyor pishgan loyni avvaldan qoʻyilgan poydevor ustidan qoʻyib, paxsa uriladi.

Paxsa devorlar urilganda, navbati bilan 1, 2, 3-paxsalar uriladi. Bunda har bir paxsa urib boʻlingach, yaxshilab quritilishi lozim. Shunda devorning mustahkamligi ortadi.

O’ziga xos xususiyati

tahrir

Paxsa uchun ishlatiladigan loy tarkibida mikroskopik zarra trombositlar mavjud boʻlib, namgarchilikda bu zarralar bir-birini itarib, kengayadi. Agar paxsa uchun ishlatiladigan tuproqqa koʻp miqdorda suv quyilsa, trombotsitlar kengayib, suyuq qorishma hosil boʻladi. Loy tarkibidagi suv parlanib ketib, paxsa devor quriganda uning tarkibidagi trombotsitlar bir-biriga tortilib, zichlashadi. Bu jarayon qancha koʻp takrorlansa, devorning zichligi shuncha ortib boraveradi[6].

Manbalar

tahrir
  1. https://uz.wiktionary.org/wiki/paxsa, Paxsa, 04.04.2021
  2. http://xorazmiy.uz/oz/pages/view/242, O’rta osiyoda antik davr yodgorliklari, www.xorazmiy.uz
  3. https://qomus.info/oz/encyclopedia/a/afrigiylar-madaniyati/[sayt ishlamaydi], Afrigʻiylar madaniyati, Qomus.info
  4. https://samstroy.com/%D1%80%D1%83%D0%B1%D1%80%D0%B8%D0%BA%D0%B0-%D1%82%D0%B5%D1%85%D0%BD%D0%BE%D0%BB%D0%BE%D0%B3%D0%B8%D0%B8-%D1%81%D1%82%D1%80%D0%BE%D0%B8%D1%82%D0%B5%D0%BB%D1%8C%D1%81%D1%82%D0%B2%D0%B0-%D1%8D%D0%BA/, Рубрика-технологии строительства эко-домов. Начало, 21.06.2018
  5. Журнал Инновации и инвестиции, №1, Перспективы и проблемы соломенного строительства, Гобозов С.Ф.,Тибилова А.Г., Кодоева В.С., Юго-Осетинский государственный университет им. А.А. Тибилова, Научная статья, 2019
  6. https://kun.uz/uz/news/2020/06/30/paxsachilik-unutilayotgan-sanat, Paxsachilik – unutilayotgan sanʼat, 30.06.2020