Persepol
Persepolis, Persipolis, Taxt-e Jamshid — Sheroz shahri (Eron)dan 50 km shim.-sharqda joylashgan qadimgi shahar. Miloddan avvalgi 6-asr oxirida barpo etilgan Ahamoniylar davlatining poytaxt shaharlaridan biri. Miloddan avvalgi 330-yil Aleksandr (Iskandar) tomonidan bosib olinib, yondirilgan va shahar tashlandiq holga kelgan. P.da asosiy qazishma ishlari 20-asrning 30-yillaridan olib borilgan. Togʻ etagida bunyod etilgan mahobatli meʼmoriy-haykaltaroshlik majmui (miloddan avvalgi taxminan 520—450 yillar) atrofi gʻishtdan qurilgan 2 qatorli devor bilan oʻralgan; tantanalar oʻtkazilgan zal — Apadana deb nomlangan. Doro va Kserksning tosh relyeflar bitilgan saroylari, haramxona binosi, Jahon darvozasi, Shoh zali („Yuz us-tunli“) harobalari aniqlangan. Axomaniy podshoxlarining bitiklari va elam tilida yozilgan minglab sopol parchalari topilgan. P.ning gʻarb tomonida katta otashgohning qoldiqlari saqlangan. P. saroyi qabulgohidan Arabiston, Turon, Hindiston, Habashistondan kelgan elchilar, sarbozlar, savdogarlar, xunarmandlarning yuzlab su’ratlari toshga oʻyib tasvirlangan, yozuvlarda ifodalangan.
Hamidjon Homidov.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |