Plastik materiallar

(Plastmassalardan yoʻnaltirildi)

Plastmassalar, plastik massalar, plastiklar — tabiiy yoki sintetik yuqori molekulali birikmalar asosida olinadigan materiallar. Issiqlik yoki bosim taʼsirida qoliplanadi va qoliplangan shaklini mustahkam saqlaydi. Plastikdan yasalgan mahsulotlar yengilligi, elektr tokini, issiq-sovuqni oʻtkazmasligi, atmosfera taʼsirlariga chidamliligi, yemiruvchi muhitga, haroratning keskin oʻzgarishiga bardoshliligi, mexanik mustaxkamliligi yuqoriligi va murakkab shaklli buyumlar yasash mumkinligi bilan boshqa materiallardan ajralib turadi.

Uy-roʻzgʻorda ishlatiladigan, toʻliq yoki qisman plastik materiallardan tayyorlangan buyumlar

Plastik polimerlarning turiga koʻra, termoplastlar va reaktoplastlarga boʻlinadi. Termoplastlar tarkibida chiziqsimon yuqori molekulali birikmalar yoki sopolimerlar (polietilen, polistirol, polivinilxlorid va boshqalar) bor. Chiziqsimon polimerlar asosiga qurilgan plastik tarkibida plastifikatorlar, boʻyoqlar ham boʻladi. Plastifikatorlar yuqori temperaturada P.ning plastikliligini oshiradi va qoliplangan mahsulotni qayishqoq hamda sovuqqa chidamli qiladi. Termoplastlar sovuqqa chidamsiz, 60—100° dan yuqori temperaturada mustahkamligini tez yoʻqotadi. Lekin koʻpchilik termoplastlar zarbga chidamliligi, dielektrik tavsiflarining yuqoriligi, optik shaffofligi, ulardan murakkab shaklli buyumlar qoliplash osonligi bilan reaktoplastlardan farq qiladi. Termoplastlar oʻrtacha kuch va 60—100° temperaturada ishlaydigan (umumiy maqsadlarga moʻljallangan) asbob qismlari (etrollar, viniplast, polistirol), shuningdek, elektr va radiotexnika buyumlari (polistirol, polietilen, polipropilen, ftoroplast) tayyorlashda qoʻllanadi. Termoplastlardan ishlangan buyumlar kimyoviy taʼsirlarga oʻta chidamli (fotoplastlar, polistirol, polietilen, vinilplast), yeyilmaydigan (poliamidlar, polietilente-reftalat), optik shaffof (polimetil-metakrilat, polistirol) boʻladi.

Reaktoplastlar tarkibida isitilganda yoki katalizatorlar (fenolformaldegid va karbamid smolalar) hamda qotirgichlar (epoksid smolalari, polisiloksanlar, toʻyinmagan poliefirlar) taʼsirida toʻrsimon tuzilishga ega boʻlgan polimerlar hosil qilib qotadigan polimerlar boʻladi. Reaktoplastlardan tayyorlangan buyumlar qotganidan keyin issiqlik taʼsirida buzilmagunicha oʻzining shishasimon holatini saqlaydi. Reaktoplastlarning tarkibida toʻldirgichlar, chiziqsimon polimerlar: qotish jarayonini rostlagichlar, boʻyagichlar, termostabilizator, antiseptiklar boʻladi. Reaktoplastlar toʻldirgichlar turiga koʻra, kukunli (yogʻoch uni, asbest kukuni, kvars uni va hokazo), tolali (ip-gazlama, asbest tolasi, shisha tolasi), listli (qogʻoz, ip-gazlama, shisha toʻqimasi, yogʻoch shpon) xillarga boʻlinadi. Qotirilgan P. dan tayyorlangan buyumlar 100—350°da kuchning uzoq, muddatli taʼsiriga bardosh beradi (polimer va toʻldirgich turiga qarab). Reaktoplastlar yuqori kuchda ishlaydigan, issiqqa uzoq chidaydigan, keskin atmosfera taʼsiriga bardosh beradigan va yaxshi dielektrik xossali boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishda qoʻllanadi.

Tabiiy smolalar (kanifol, shellak, bitum va boshqalar) asosida olinadigan P. qadimdan maʼlum. Sunʼiy polimer — nitrotsellyuloza (sellyuloza nitrati)dan tayyorlangan eng dastlabki P. selluloid boʻlib, u 1872-yilda AQSH da ishlab chiqarila boshlagan. 1906—10 yillarda Rossiya va Germaniyada tajriba sanoa-tida 1-reaktoplastlar — fenol-formaldegid smolalar asosida olinadigan materiallar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. 30-yillarda sobiq SSSR, AQSH, Germaniya va boshqa sanoati rivojlangan mamlakatlarda termoplastlar, polivinilxlorid, polimetilmetakrilat, poliamid, polistirollar ishlab chiqarishi tashkil etildi. Lekin P. sanoati 2-jahon urushidan keyingina rivojlandi, 20-asr 50-yillarida koʻpchilik mamlakatlarda polietilen P. koʻplab ishlab chiqarila boshladi.

Oʻzbekistonda 10 ga yaqin korxona P.ni qayta ishlaydi. Shulardan Toshkent plastmassa zavodi, Ohangaron qurilish buyumlari zavodi, Jizzax plastmassa ishlab chiqarish zavodi ixtisoslashgan korxonalardir.

Qurilishda P. pollarga qoplashda va boshqa pardoz ishlarida, binolarni germetiklash, gidro va termoizolyasiyalash, quvurlar, sanitariya-texnika uskunalari ishlab chiqarishda, yopmalar, deraza, eshik, sayyohlar uychasi, yozlik pavilonlar tayyorlashda qoʻllanadi. Mashinasozlik materiallari ichida P. yetakchi oʻrinni egallaydi. P. mahsulotlar tannarxini arzonlashtiradi, mashinalarning muhim texnik iqtisodiy parametrlari, massasi kamayadi, puxtaligi, ishonchliligi va hokazo oshadi. P.dan tishli gʻildiraklar, podshipniklar, roliklar, stanok yoʻnaltirgichlari, quvurlar, boltlar, gaykalar va boshqa ishlab chiqariladi. P.ning aviatsiyasozlikda keng qoʻllanilishiga sabab ularning yengilligi va texnik xossalarini oʻzgartirish imkoniyatiga egaligidir. Raketa va kosmik kemalar ishlab chiqarishda ham P. muhim ahamiyat kasb etdi. Reaktoplastlardan foydalanib reaktiv dvigatellar, samolyotlarning kuch agregatlari, raketa korpuslari, gʻildiraklar, shassi ustunlari, vertolyotlarning parraklari, issiqlik saqlash elementlari, osma yonilgʻi baklari tayyorlanadi. Termoplastlar oyna elementlari, antenna suyurmalari va hokazo ishlab chiqarishda qoʻllanadi.

P. kemasozlikda kemalarning korpusi va korpusli konstruksiyalar (asosan, shishaplastlar), kema mexanizmlarining detallarini tayyorlashda, kema xonalarini pardozlash, ularni issiq, tovush va gidroizolyasiyalashda ishlatiladi.

Avtomobil sozlikda P.dan avtomobil kabinalari, kuzovlari va ularning yirik gabaritli qismlari, dvigatel, transmissiya shassi detallari tayyorlanadi.

Qishloq xoʻjaligida P. sugʻorish inshootlari qurishda, tuproqni mulʼchlasht, urugʻlarni dorilash va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlashda ishlatiladi.

Tibbiyot sanoatida P.dan koʻplab asboblar, maxsus idishlar ishlab chiqariladi. Jarroxlikda plastmassadan tayyorlangan yurak klapanlari, qoʻl-oyoq protezlari, ortopedik qoʻyilmalar, koʻz soqqasi va boshqa ishlatiladi[1].

Tarixi

tahrir

Birinchi plasmassa, parkezin, 1856-yilda Birmingemlik metallurg Aleksandr Parks tomonidan ixtiro etilgan.

Xossalari

tahrir
  • Plastmassa zichligi (0,85—1,8 g/sm³) kichik, elektr va issiqlik oʻtkazish qobiliyati juda past material hisoblanadi. Mexanik mustahkamligi ham yuqori darajada emas.
  • Isitish jarayonida eriydi.
  • Namlikka, asoslar va kislotalar taʼsiriga chidamlidir. Eritgichlar turiga qarab har xil taʼsir qilishi mumkin.

Yana qarang

tahrir

Adabiyot

tahrir
  • Ismoilov I. I., Djalilov A. T., Askarov M. A., Ximicheski aktivnie polimeri i oligomeri, T., 1993; Asqarov M. A., Ismoilov I. I., Polimerlar kimyosi va fizikasi, T., 2003.

Manbalar

tahrir
  1. Isroil Ismoilov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar

tahrir