Qayroqqum madaniyati
Qayroqqum madaniyati — jez davri arxeologik madaniyati (miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmi — miloddan avvalgi 6—3-asrlar). Fargʻona va Zarafshon vodiylari hamda Toshkent vohasida tarqalgan. Xoʻjand (Tojikiston) yaqinidagi Qayroqqum mavzei nomidan olingan. Boʻlajak Qayroqqum suv ombori oʻrnida A.P. Okladnikov, B.A. Litvinskiy, V.A.Ranovlar tomonidan Qayroqqum madaniyatiga oid manzilgohlar topilgan (1954). Qayroqqum madaniyati yodgorliklari Andronovo madaniyati va Tozabogʻyop madaniyati yodgorliklari bilan oʻxshash boʻlib, shu bilan birga Fargʻonadagi Chust madaniyati va jan.dagi dehqonchilik madaniyatlari bilan mustahkam aloqada boʻlgan. Qayroqqumdan turar joy qoldiqchari, tosh oʻchoklar, jez va misdan yasalgan roʻzgʻor buyumlari va jangovar qurollar, sopol idishlar, bolta, pichoq, tesha, oʻqyoylar, paykonlar, qarmoqlar koʻplab topilgan. Aholi dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullangan. Konchilik va metall eritish rivojlangan. Sopol idishlar qoʻlda yasalib, dagʻal ishlov berilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |