Qibray tumani — Toshkent viloyatidagi tuman. 1933-yil 1-dekabrda tashkil etilgan. 1962-yil 24-dekabrda Kalinin (hozirgi Zangiota) tumani bilan birlashtirildi. 1964-yil 31-dekabrda qaytadan tuzildi. 1933 — 91 yillarda Orjonikidze tumani. Janubiy gʻarbdan Toshkent shahri, janubidan Yuqori Chirchiq, sharqdan Boʻstonliq, gʻarbdan Toshkent tumanlari, shimolidan Qozogʻiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,56 ming km2. Aholisi 159,6 ming kishi (2004). Tumanda 2 shaharcha (Qibray, Salor), 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Baytqoʻrgʻon, Yonariq, May, Matqobulov, Oqqovoq, Tuzel, Chinobod, Yangiobod, Oʻnqoʻrgʻon, Qiziltu, Qipchoq) bor. Tuman markazi — Qibray shaharchasi.

Qibray tumani
Кибрайский район
tuman
Tarkibida Toshkent viloyati
Maʼmuriy markazi Qibray
Hokimi Muzaffar Rashidov[1][2]
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Qibray tumani xaritada
41°23′22.9″N 69°27′54.0″E / 41.389694°N 69.465000°E / 41.389694; 69.465000

Tabiati. Tuman viloyatning shimoliy va shimoli-sharqida, Chirchiq daryosi vodiysida joylashgan. Relyefi shimoli-sharqiy qismida qir va adirlardan iborat. Yer yuzasi shimoli-sharqqa tomon balandlashib boradi. Oʻrtacha balandligi 300- 400 m. Janubiy tomonidan Chirchiq daryosi, shimolidan Boʻzsuv, Zax va Xonim kanallari, oʻrta qismidan Katta Qorasuv kanali oqib oʻtadi. Chirchiq daryosining hozirgi va qadimiy irmoqlari, Boʻzsuv, Zaxariq kanallari jarliklar hosil qilgan. Baʼzi jarlarning chuqurligi (Boʻzsuvda) bir necha oʻn metrga yetadi. Tuproqlari, asosan, boʻz tuproq. Iqlimi kontinental. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 27 — 29°, yanvarniki —2°. Yozda eng yuqori temperatura 41—42° ga yetadi, yanvarda eng past temperatura —29°. Vegetatsiya davri 210—220 kun. Yillik yogʻin 300-400 mm. Yovvoyi oʻsimliklardan turangʻil, terak, jiyda, doʻlana, tol, yulgʻun, qamish, yantoq va boshqalar bor. Bahorda rang (qorabosh), shaytonkavush, lola va lolaqizgʻaldoqlar oʻsadi. Chirchiq daryosining qayirlarida yovvoyi hayvonlardan quyon, suv kalamushi, sichqon, gʻoz, oʻrdak, qirgʻovul, loyxoʻrak, soʻfitoʻrgʻay, suvilonlar, ondatra mavjud.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar; shuningdek, qozoq, rus, tojik, tatar va boshqalar ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 285 kishi (2004). Shahar aholisi 38,7 ming kishi, qishloq aholisi 120,9 ming kishi.

Xoʻjaligi. Tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi. 17 sanoatkorxonasi, Toshkent issiqlik elektr markazi, GESlar kaskadi, mevasabzavot konservasi va pivoalkogolsiz ichimliklar kombinatlari, gʻisht zavodi, „Toshkent“ parrandachilik xoʻjaligi, tuxum yetishtirish boʻyicha sanoat ishlab chiqarish birlashmasi va boshqalar; 10 shirkat, 237 fermer, shu jumladan, 64 dehqon xoʻjaligi, „Limonzor“ xoʻjaligi va boshqalar xoʻjaliklar bor. Umumiy ekin maydoni 13,7 ming ga, shu jumladan, don 4,9 ming ga, kartoshka va sabzavotlar 2483 ga, ozuqa ekinlari 5,2 ming ga maydonni egallaydi. Bogʻ va tokzorlar 3,8 ming ga, issiqxona xoʻjaligi 3 ga. Tumanda 24,9 mingdan ziyod qoramol (shu jumladan, 11 mingga yaqin sigir), 16 mingga yaqin qoʻy va echki, 1371,4 ming parranda boqiladi (2004). Tuman Toshkentga qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari yetkazib beradi. Tuman hududida 13 ilmiy tadqiqot 48 umumiy taʼlim maktabi (27,4 ming oʻquvchi) faoliyat koʻrsatadi. „Plemelita“ ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi, Toshkent agrar universiteti, 4 musiqa maktabi, 43 kutubxona, 9 klub muassasasi (jumladan, 4 madaniyat uyi, 2 madaniyat saroyi), stadion, suzish havzasi, 5 sogʻliqni saqlash muassasasi, 2 kasalxona, 13 qishloq vrachlik punkti, 9 ambulatoriya, 9 qishloq davolash maskani, 13 feldsherakusherlik punkti aholiga xizmat koʻrsatadi. Bolalar sanatoriysi, „Boʻston“, „Botanika“, „Umid gulshani“, „8 Mart“, „Turon“, „Navbahor“, „Qibray“ sanatoriylari, „Energetik“ mavsumiy dam olish uyi va boshqalar bor. Tuman Toshkent shahri bilan avtobus va elektrlashtirilgan temir yoʻl transporti orqali bogʻlangan.




  1. Зойир Мирзаев Қибрай туманидаги раҳбарларни ёппасига лавозимидан озод қилди
  2. Қибрай туманига янги ҳоким тайинланди