Vodiy — relyefning uzunasiga choʻzilgan botiq shakli. Hosil boʻlishiga koʻra erozion va tektonik vodiy boʻladi. Vodiylarning dastlabki shakli, asosan eroziya natijasida, vaqtincha oqar suvlar hosil qilgan jarliklardir. Bir qancha shunday jarliklar birlashib suvi havzaga quyilgungacha kattalasha boradi. Vodiy yon bagʻri baland yoki past, tik yoki qiya, yondan qaraganda (profili) botiq, toʻgʻri qavariq yoki zina shaklida (terrasalar) boʻlishi mumkin. Tub jinslarning yotishiga (strukturasiga) qarab sinklinal, antiklinal, monoklinal, uzilma va graben vodiylar boʻladi. Shakliga qarab vodiy quyidagilarga boʻlinadi: 1) dara — togʻ vodiy, yon bagʻirlari tik boʻladi, togʻli joylarda uchraydi. Tojikiston va Oʻzbekistonning bir qancha tumanlarida tangi deyiladi; 2) kanyon — tagi ancha tor, yon bashrlari juda tik, chuqur vodiy, togʻ va platolarda uchraydi. Oʻrta Osiyoda qopchigʻay deyiladi; 3) koʻndalang kesimi vodiysimon vodiy, asosan togʻlarda boʻladi; 4) tagi tekis vodiy, tekisliklarda koʻp uchraydi; 5) togʻorasimon vodiy — troglar; togʻlarda muzliklarning harakati natijasida vujudga keladi. Vodiyning yon bagʻirlarida terrasalar boʻladi. Tektonik choʻkish natijasida paydo boʻlgan baʼzi bir botiqlar — vodiylarga Oʻrta Osiyodagi Zarafshon vodiysi, Olay vodiysi, Fargʻona vodiysi, Shimoliy Amerikadagi Kaliforniya vodiysi va boshqalar bunga misol boʻla oladi. Bunday vodiylarda aholi koʻpincha zich yashaydi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil