Qrim xonligi
Qrim xonligi (qrim tatarcha: Qırım Hanlığı, Къырым Ханлыгъы) - Oltin Oʻrda davlatidan ajralib chiqqan va Qrim yarim orolida joylashgan turkiy davlat (1443—1783). Qrim xonligiga Hoji Garay asos solgan. U oʻzaro urushlardan soʻng badavlat tabaqalar va Buyuk Litva knyazligi yordamida mustaqil tatar davlatini barpo etgan (1443). Poytaxti — Boqchasaroy. Bu davlatga Quyi Dnepr boʻyi ham kirgan. Aholi quyidagi subetnoslarga boʻlingan: dasht (noʻgʻay tatarlari), togʻ oldi (tatlar), janubiy qirgʻoq (yaliboylular). Qrimtatar tilida soʻzlashgan. Islom dinining sunniy mazhabiga eʼtiqod qilishgan. Qrim xonligi aholisining etnik madaniy qiyofasi shakllanishida xazar, qipchoq, noʻgʻay va boshqa turkiy xalqlar bilan birgalikda tub joy aholi (tavrlar, kimmeriylar, alanlar va boshqalar) muhim rol oʻynashgan.
Qrim xonligini Garaylar sulolasi boshqargan. Hoji Garay vafot etgach (1466), uning oʻgʻli Mengli Garay I davrida Qrim xonligi Usmonli turk sultonligining vassaliga aylangan (1475). Moskva ulugʻ knyazi Ivan III Vasilyevich Qrim xonligi bilan Oltin Oʻrda oʻrtasidagi nizolardan foydalanib, Mengli Garay bilan oʻzaro ittifoq tuzgan. Mengli Garay qoʻshini Polsha-Litva qiroli Kazimir IV mulkiga hujum qilib, uni Katta Oʻrda xoni Ahmadga yordam berishdan chalgʻitgan. Keyinchalik Qrim xonligi bilan Rossiya oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashgan.
Qrim xonligi 16-asrda kuchayib, Moskva, Tula va boshqa rus shaharlarini bir necha marta qamal qilgan. 1613—50 yillarda 200 mingta rus kishisini asir sifatida Qrimga olib kelgan. 18-asrda Rossiya Qrimni bosib olish uchun Usmonli turklar bilan oʻzaro toʻqnashgan. Kuchuk Qaynarja sulh shartnomasiga koʻra, Qrim xonligi Turkiya vasiyligidan chiqib, Rossiya homiyligiga oʻtgan (1774). Shohin Garay xonlik qilgan davrda Qrim xonligi bosib olinib, uning hududi Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritilgan (1783).
Manbalar
tahrirAd..Safargaliyev M.G., Raspad Zolotoy Ordi, Saransk, 1960.
Qahramon Rajabov, Rinat Shigabdinov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |