Retseptorlar (lotincha: receptor — qabul qiluvchi) — tashqaridan (eksterotseptorlar) yoki organizmning ichki muhitidan (interotseptorlar) taʼsirotni qabul qilib va uni nerv impulslariga aylantirib, markaziy nerv sistemasiga oʻtkazib beradigan sezuvchi nerv tolalari uchlari yoki maxsus hujayralar.

Eksterotseptorlar odam yoki hayvon tanasining tashqi yuzasida joylashgan boʻlib, tashqi muhit taʼsirotlari (Mas, yorugʻlik, tovush toʻlqinlari va boshqalar)ni, monomodal Retseptor faqat bir xil (Mas, mexanik taʼsir yoki yorugʻlikni), polimodal Retseptor esa har xil (Mas, kimyoviy va mexanik) taʼsirotni bir vaqtda qabul qiladi. Shuningdek, interoretseptorlar, birlamchi Retseptor va ikkilamchi Retseptor bor. Birlamchi Retseptorning tashqi taʼsirni qabul qiluvchi negizi sensor (sezuvchi) neyronda boʻlib, u taʼsirotdan bevosita (birinchi) qoʻzgʻaladi. Ikkilamchi Retseptorda esa taʼsirlovchi bilan sensor neyron oraligʻida tashqi taʼsirot energiyasini nerv impulslariga oʻzgartiruvchi qoʻshimcha maxsus hujayralar mavjud. Retseptor taʼsirlanishidan hujayra membranasida bioelektr potensiallari retseptor potensiallariga oʻzgaradi. Bunda retseptor hujayra ritmik impulslarni bevosita hosil qiladi yoki ularni boshqa neyronda sinapslar vositasida paydo boʻlishiga olib keladi. Taʼsirotning uzoq davom etishi tufayli Retseptordan boshlanuvchi nerv tolasida impulslar chastotasi kamayib ketadi, natijada fiziologik adaptatsiya vujudga keladi. Har xil Retseptor funksiyasi (Mas, vestibulyar apparatdagi va boshqa Retseptor) oʻzaro bogʻliq. Ular faoliyatini markaziy nerv sistemasi boshqaradi. Retseptor funksiyasi bioelektr potensiallarini bevosita Retseptordan yoki u bilan bogʻliq nerv tolasidan, shuningdek, Retseptor qoʻzgʻalishidan hosil boʻlgan reflektor reaksiyalarni qayd etish yoʻli bilan oʻrganiladi.

Farmakologik (hujayraviy yoki toʻqima) retseptor effektor hujayra membranasida joylashgan. Bular nerv va endokrin sistemaning boshqaruvchi hamda ishga tushiruvchi signallarini, koʻpgina farmakologik preparatlarning shu hujayraga tanlab taʼsir etishini kabul qiladi, koʻrsatilgan taʼsirni uning oʻziga xos biokimyoviy yoki fiziologik reaksiyaga oʻzgartiradi. Nerv sistemasining farmakologik Retseptor vositasida yuz beradigan ishi fanda yaxshi oʻrganilgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil